1 638
Urushning 43-kuni. Moskva Kiyevni kelishuvdan chetga chiqishda, Ukraina Vengriyani Rossiyani qo‘llashda aybladi
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Rossiya TIV rasmiy Kiyevni kelishuvdan chetga chiqishda aybladi, Ukraina Vengriyani Rossiya tajovuzini qo‘llab-quvvatlashda aybladi, Mariupolda esa 100 mingdan ortiq kishi og‘ir ahvolda qolishda davom etmoqda. Ukrainadagi urushning 43-kunida nimalar ro‘y berdi?
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Kiyevni Istanbulda erishilgan kelishuvlardan chetga chiqishda aybladi. U Ukraina tomonidan bir kun oldin taqdim etilgan Rossiya bilan kelishuv loyihasida «Istanbuldagi uchrashuvda qayd etilgan qoidalardan chetga chiqish holati mavjud»ligini ma’lum qildi.
Lavrov Ukrainani Istanbuldagi kelishuvni o‘zgartirishga urinishda ayblamoqda. Foto: EPA
Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina avvaliga xavfsizlik kafolati Qrimga taalluqli bo‘lmasligini aytgandi, ammo kelishuvning yangi variantida bunday punkt mavjud emas.
Bundan tashqari, Ukraina Qrim va Donbass masalasini ikki davlat rahbarlari uchrashuvida muhokama etishni taklif qilmoqda, bu esa, Rossiya TIV rahbarining ma’lum qilishicha, qabul qilib bo‘lmaydigan taklif.
Kiyevdagilar nima deyishmoqda?
Podolyak bunga javoban «Ukrainskaya pravda» nashriga bergan intervyusida Ukraina tomoni urush va tinchlik masalasiga tizimli va mas’uliyat bilan yondashayotganini ma’lum qilgan va Rossiya tomonini provokatsiya orqali bosim o‘tkazishga urinishda ayblagan.
Nashrning qayd etishicha, Kiyev hozircha muzokaralar tafsilotlari va unda ilgari surilgan takliflar bo‘yicha izoh bermagan.
«Muhim qismi - Ukraina tomonidan taklif etilgan xavfsizlik kafolatlari formulasi. Aniq, puxta o‘ylangan», degan Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi.
«Prinsipial o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin emas. Hozirda yuridik guruhlar matnning izchilligi va muvofiqligi ustida ishlamoqda. Bundan boshqa gap yo‘q», degan Podolyak.
Araxamiya esa shu nashrga bergan izohida Ukraina delegatsiyasi Lavrov bilan hamkorlik qilmayotganini aytgan.
Istanbuldagi muzokaralar 29 mart kuni bo‘lib o‘tgandi. Unda Ukraina tomoni kelishuv loyihasini ko‘rib chiqish uchun taklif etgan, unda Ukraina bloklardan xoli va yadrosiz davlat bo‘lishiga rozilik bildirilgandi.
Ikkinchi jahon urushi paytida foydalanilgan qonun tiklandi
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarga Vashingtonning Ukrainaga qurol yetkazib berishda davom etish qarori ham tahdid solmoqda.
«Ukrainani qurol bilan shishirish Rossiya-Ukraina muzokaralari muvaffaqiyatiga hissa qo‘shmaydi», - degan Kreml rasmiy vakili.
6 aprel kuni AQSH Senati prezident Jo Baydenga Ukrainaga qurol va boshqa yordamlar yetkazib berishni tezlashtirish uchun lend-liz dasturidan foydalanishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini bir ovozdan ma’qulladi. Lend-liz dasturi Ikkinchi jahon urushi paytida yaratilgan bo‘lib, AQSHga ittifoqchilariga qurol, oziq-ovqat va strategik xomashyoni tezroq jo‘natish imkonini bergan.
Bu qonunga ko‘ra, AQSH standart byurokratik tartib-qoidalarni chetlab o‘tgan holda bitimlar tuzishi va Ukrainaga qurollarni haqini keyin to‘lash sharti bilan bepul yetkazib berishi mumkin.
Endi hujjat Vakillar palatasi tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak. U yerda ma’qullansa, imzolash uchun prezidentga yuboriladi.
Politico xabarida e’tibor qaratilishicha, Vashington «so‘nggi bor XX asrdagi eng jiddiy global mojaro vaqtida qo‘llangan favqulodda taktikaga murojaat etmoqda» va bu ham «AQSH va ittifoqchilar Rossiyaning bosqinini liberal tartibotga ekzistensial tahdid deb bilishi»ning yana bir belgisi hisoblanadi.
Lend-liz to‘g‘risidagi qonun 1941 yildan 1945 yilgacha amalda bo‘lgan, ammo Buyuk Britaniya va Xitoy lend-liz bo‘yicha yordam yetkazishni qonun tugatilgandan keyin ham davom ettirishga kelishgan. Ushbu to‘rt yil davomida Qo‘shma Shtatlar ittifoqchilarga umumiy summasi 50 milliard dollardan ortiq lend-liz yordamini o‘tkazdi, shundan 11 milliardga yaqini SSSRga to‘g‘ri keladi.
Pentagon hisob-kitoblariga ko‘ra, Jo Bayden prezidentlikka kelganidan beri Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 2,3 milliard dollar harbiy yordam ko‘rsatgan, shundan 1,6 milliard dollari urush boshlanganidan keyin berilgan.
Mariupolda 100 mingdan ortiq kishi qolmoqda
Qamaldagi port shahardan hali ham 100 mingdan ortiq kishi chiqib ketolmayapti. Mariupol meri Vadim Boychenko shahardagi vaziyatni gumanitar halokat deb atagan. «100 mingdan ortiq kishi omon qolishini so‘rab ibodat qilmoqda. Bizga keng ko‘lamli evakuatsiya kerak», degan u milliy televideniye orqali chiqishida.
Mariupol aholisi gumanitar yordam uchun navbatda. Foto: Reuters
O‘qqa uchrayotgan Ukraina shaharlaridan tinch aholini evakuatsiya qilish bilan shug‘ullanayotgan Xalqaro Qizil Xoch jamiyati tashkilot konvoyi so‘nggi besh kun davomida Mariupolga yetib borish uchun besamar urinayotganini ma’lum qilgan. Jamiyat vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ularning Mariupoldan tinch aholini olib chiqish uchun yuborilgan avtobuslari Rossiya nazoratidagi hududda rossiyalik harbiylar tomonidan ushlab turilibdi.
Tashkilot shuningdek Mariupolga konvoy jo‘natish doimiy otishmalar tufayli ko‘ngillilar va tashkilot xodimlari uchun xavfsiz emasligini qayd etgan.
Qizil Xochdagilar ham Mariupoldagi gumanitar halokat haqida bong urmoqda: bu yerdagi odamlar bir oydan oshiq vaqt davomida oziq-ovqat, elektr toki va issiqlik ta’minotisiz kun kechirishiga to‘g‘ri kelmoqda.
«Minglab odamlar shaharda qopqonga tushib qolishgan. Ularga zudlik bilan xavfsiz chiqish yo‘lagi va yordam zarur», deya murojaat qilinadi urushuvchi tomonlarga.
Mariupol meri o‘tgan vaqt mobaynida shaharda tinch aholi vakillaridan kamida 5 ming kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Urush sharoitida bu ma’lumotni mustaqil manbalardan tekshirishning imkoni yo‘q.
Mariupolliklar tashqarida ovqat tayyorlamoqda. Foto: Reuters
Rossiyalik harbiylar tark etgan shaharlardan - Kiyev va Chernigov oblastlaridan - rossiyalik harbiylarning qilmishlari oqibatlari bo‘yicha yangidan yangi xabarlar kelishi davom etmoqda. Amnesty International xalqaro huquq tashkiloti Kiyev oblasti hududida tinch aholi vakillari o‘ldirilishi va zo‘rlanishi haqidagi yigirma kishining guvohligini yozib olgan.
Bogdanovka qishlog‘idan bo‘lgan 46 yoshli ayol (uning shaxsi oshkor etilmagan) huquq himoyachilariga rossiyalik harbiylar aholi punktiga 7-8 mart kunlari kirishgani haqida aytadi. 9 mart kuni otishma ovozlaridan keyin u va eri, 10 yoshli qizi va 81 yoshli qaynonasi uy yerto‘lasiga tushishgan. Bu yerda ularni ikki askar ko‘rib qolgan. «Ular bizni majburlab ichkariga kiritishdi va eshikni qattiq bekitishdi. Bir daqiqa o‘tib eshikni ochishdi va erimdan sigaret so‘radi. U ikki haftadan buyon chekmayotganini aytdi. Biri uning o‘ng qo‘liga otdi, ikkinchisi esa aytdi: «Ishni tugat» va u erimning boshiga otdi».
Yana bir bir ayol (uning ismi va yashash joyi keltirilmagan) hikoya qilishicha, rossiyalik harbiylar uyga bostirib kirib, uning erini otib tashlashgan va o‘zini zo‘rlashgan. Ularning to‘qqiz yoshli o‘g‘li panaga yashiringan.
«Biz Rossiya harbiylari sudsiz qatllar amalga oshirilgani bo‘yicha dalillar yig‘dik, ular harbiy jinoyatchilar sifatida tergov qilinishi kerak. Bu guvohliklar ko‘rsatadiki, Ukrainada qurolsiz oddiy fuqarolar o‘z uylarida ham, ko‘chalarda ham o‘ldirilgan, bu dahshatli shafqatsizlik», degan Amnesty International bosh kotibi Anes Kallamar.
Ukraina Vengriyani Rossiya agressiyasini qo‘llashda aybladi
Ukraina TIV Vengriyani Rossiya gazi uchun rublda to‘lov qilishga tayyorligini tanqid qildi. Vengriyaning bunday qarori haqida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban o‘rtasidagi telefon muloqotidan keyin ma’lum bo‘lgandi. Putin o‘tgan haftadagi parlament saylovlarida partiyasi g‘alaba qozongani munosabati bilan tabriklash uchun Orbanga telefon qilgan.
Orban muloqot vaqtida Putinni Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirib, Fransiya, Germaniya va Ukraina yetakchilarini Budapeshtda rossiyaliklar prezidenti bilan uchrashuvga kelishga taklif etgan.
«Bizda rublda to‘lov qilish bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. Agar ruslar rublda to‘lashni so‘rayotgan bo‘lsa, rublda to‘laymiz», - dedi Orban.
Ukraina tashqi ishlar vazirligi Vengriya rasmiysining bu bayonotini nodo‘st davlat pozitsiyasi sifatida bilishini ma’lum qildi.
«Aftidan, saylovlardan keyin Budapesht keyingi qadamni tashlashga o‘tdi - Putinga uning Ukrainaga qarshi tajovuzini davom ettirishida yordam berishga», deyiladi vazirlik bayonotida.
«Bunday bayonotlar Rossiya injiqliklarini qanoatlantirishdan qat’iy bosh tortgan Yevropa Ittifoqining birlashgan pozitsiyasiga ham zid keladi», deya qo‘shimcha qilgan Ukraina TIV spikeri Oleg Nikolenko.
U Rossiya gazi uchun rublda to‘lash orqali Vengriya Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Ukrainaga qarshi agressiyani davom ettirishga yordam berishini qayd etgan.
«Agar Vengriya chindan urushni to‘xtatishga yordam berishni istasa, buni shunday qilishi kerak: YEI birligini buzishni bas qilishi, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlashi, Rossiya harbiy mashinasi uchun qo‘shimcha moliya manbalarini yaratishi emas, Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishi kerak», deya Orbanning so‘zlariga munosabat bildirdi Ukraina TIV.
Avvalroq Fransiya, Germaniya, Italiya va Buyuk Britaniyani ham o‘z ichiga olgan «Katta yettilik» Rossiya energiya resurslari uchun to‘lovni rublda qilishga rozi emasligini bildirgandi. Estoniya, Latviya va Litva esa Rossiya gazidan butunlay voz kechdi. Россия ва Украина уруши “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyalik harbiylar Kiyevga ballistik raketa bilan hujum qildi
Turkiy davlatlar feyk va dezinformatsiyaga qarshi birgalikda kurashadi
Jakartada "Imom Buxoriy: O‘zbekiston islom san’ati" ko‘rgazmasi ochildi
General Kirillovning qotillik ishi ochilishida O‘zbekiston tomoni ham ishtirok etadi
Donald Tramp Yevropa Ittifoqiga ultimatum qo‘ydi
Shavkat Mirziyoyev rossiyalik generalning o‘limi munosabati bilan Putinga hamdardlik bildirdi
Germaniyada Rojdestvo yarmarkasida terakt sodir etildi
Ilon Mask: “Yevropa davlatlari yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida”