Ushbu maslahatlar texnikangizdan unumliroq foydalanishga va oziq-ovqatlarni kamroq tashlab yuborishga yordam beradi.
- Haroratni turli sharoitlarga moslashtiring
U o‘rtacha 1 °C dan 4 °C gacha bo‘lishi kerak. Sovitkichda oziq-ovqat ko‘p bo‘lsa yoki xona issiq bo‘lsa, haroratni pasaytiring. Energiyani tejash uchun tarkib kam bo‘lganda oshiring. Muzlatkichdagi haroratni barqaror saqlang (-18 °C).
- Muntazam ravishda tozalang
Oziq-ovqat mahsulotlaridan qoladigan barcha dog‘larni darhol tozalab oling. Sovitkich tutqichlarini kuniga bir marta, eshigini esa haftada bir marta tozalang. Bir necha kunda bir marta barcha javonlardagi mahsulotlarni tartiblang. Iloji boricha muddati tugaydiganlardan tezroq foydalanishga harakat qiling.
Sovitkichning ichki qismini har uch oyda bir marta tozalang. Buning uchun birinchi navbatda barcha javonlar va tortmalarni olib tashlang va ularni issiq suv bilan yuving. Oqartiruvchi yoki shunga o‘xshash tozalagichlardan foydalanmang, buning o‘rniga oddiy sovun yoki idish yuvish gelidan foydalaning. Keyin muzlatkichning devorlarini yuving. Agar qotib qolgan dog‘lar bo‘lsa, tish cho‘tkasi yordamida iste’mol sodasi va suvning quyuq aralashmasi bilan ketkazing. Nam tozalash jarayonidan keyin hamma narsani quruq sochiq bilan artib oling.
Yiliga bir marta umumiy tozalashni amalga oshiring. Sovitkich shnurini rozetkadan sug‘urib oling, uni boshqa joyga ko‘chiring. Sovitkich ostida va orqa devorda to‘plangan changni artib oling. Iloji bo‘lsa, himoya panjarani olib tashlab, ventilyator va kondensatorni changdan tozalang. Bunday tozalashdan so‘ng sovitish tizimi yanada samarali ishlaydi.
- Muzlatkichda nimani saqlash kerakligi-yu, nima kerak emasligini biling
Muzlatkichda quyidagilarni saqlamang:
- Ko‘p miqdorda mevalar va ba’zi sabzavotlar, ayniqsa, hali pishmaganlar. Ularni xona haroratida quyosh nuri tushmaydigan joyda saqlang. Bu pomidor va bodring, kartoshka, sabzi, piyoz va sarimsoq, qovoq, lavlagi va boshqa ildiz sabzavotlariga, jumladan, zanjabilga ham tegishli.
- Ochiq metall bankalar birinchi navbatda tarkibi meva va pomidor bo‘lgan pastalar. Agar ular bunday idishda uzoq vaqt qoldirilsa, metallning ta’mi o‘tib qoladi. Shuning uchun tarkibni shisha yoki plastik idishlarga o‘tkazgan yaxshi.
- Issiq ovqat. Sovitkich kompressorini ortiqcha qiynamaslik uchun ovqatning to‘liq sovishini kuting.
- Muddati o‘tgan mahsulotlar. Belgilangan muddatdan keyin bir kun o‘tgan bo‘lsa, yaxshi. Lekin mahsulot bir hafta davomida turgan bo‘lsa, sog‘lig‘ingizni xavf ostiga qo‘ymang.
- Ochiq idishlardagi murabbo, xantal, siroplar. Ularni quyosh nurlari tushmaydigan shkafga qo‘yish kifoya. Ammo har qanday holatda, yorliqdagi ko‘rsatmalarni tekshiring.
Muzlatkichda saqlanishi kerak:
- Rezavorlar va pishgan mevalar.
- Sabzavotlar (yuqorida sanab o‘tilganlardan tashqari).
- Sut mahsulotlari va tuxum.
- Go‘sht va baliq.
- Qadog‘ida past haroratlarda saqlash ko‘rsatilgan barcha ochiq mahsulotlar.
- Pishgan ovqatlarning qoldiqlari (ular sovigandan so‘ng), salatlar, gazaklar.
- Oziq-ovqatlarni tartibga soling
Yuqori javon — bu taom tayyorlash uchun kerak bo‘lmagan hamma narsa: kolbasa, souslar, salatlar, gazakar, qoldirilgan ovqat, shuningdek, konserva bankalari.
O‘rta javon — sut mahsulotlari va tuxum. Sovitkich eshigi ular uchun muqobil joy emas: unga tez-tez issiq havo oqimi ta’sir qiladi va bu oziq-ovqatning saqlash muddatini qisqartiradi.
Pastki javon go‘sht va baliq uchundir.
Sabzavotlar uchun bo‘linmalarda meva va sabzavotlarni saqlashda ularni bir-biridan ajratib qo‘ying. Ba’zi mevalar (olma, nok, banan) o‘zidan etilen gazini chiqaradi, bu esa yaqin atrofdagi sabzavotlarning tezroq buzilishiga olib kelishi mumkin. Bu bo‘lmada qog‘oz sochiq bilan yuvib quritilgan ko‘katlarni saqlamang.
Eshik — saqlash muddati uzoq bo‘lgan sharbatlar va boshqa mahsulotlar.
- Saqlashni tashkil qilish
Sovitkichdagi joydan unumli foydalanish uchun oziq-ovqat idishlarini bir-birining ustiga qo‘ying. Hamma narsa ko‘rinadigan bo'lishi uchun balandlarni orqaga, pastlarini oldinga qo‘ying. Yorliqlarga taomni pishirgan yoki paketni ochgan sanani yopishtiring.
- Noxush hidlardan xalos bo‘ling
O‘tkir hidli oziq-ovqatlarni yopiq qopqoqli idishlarda saqlang. Pastki javonga bir likopcha soda qo‘ying, u barcha hidlarni o‘ziga singdiradi. Har uch oyda bir marta o‘zgartiring. Ishlatilgan sodani tashlamang, undan rakovina yoki vannani tozalashda foydalanish mumkin.
- Sovitkichni kimdir bilan baham ko‘rsangiz, foydalanish qoidalarini kiriting
Mahsulotlarni simmetrik tarzda joylashtiring. Misol uchun, agar muzlatkichni kim bilandir baham ko‘rsangiz, uni o‘rtasidan bo‘lib, har kim bitta tomonini egallaydi. Bir zona umumiy qoldirilsa bo‘ladi — masalan, eshik. Maxsus mahsulotlarning umumiy foydalanish uchun emasligini aniq ko‘rsatish uchun ularni shaffof bo‘lmagan paketga o‘rab joylashtirish kerak.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring