
1-apreldan boshlab radarlar nafaqat jarima, balki jarima ballarini ham yozadi, deb Uz24.uz xabar berdi. Shu munosabat bilan savol tug‘iladi: agar avtomobilni egasidan boshqa shaxs boshqarsa, jarima ballari kimga yoziladi?
Hukumat qaroriga ko‘ra, jarima ballarini transport vositasining egasi va ushbu vositadan fuqarolik-huquqiy asosda (ishonchnoma, sug‘urta polisi yoki yo‘l varaqasi orqali) foydalanuvchi haydovchi o‘rtasida taqsimlash tartibi belgilandi.
Buning uchun egasi tegishli axborot tizimida shaxsiy kabinet ochadi. U avtomobilni boshqa shaxsga boshqarish uchun bermoqchi bo‘lsa, shaxsiy kabinetda haydovchini ko‘rsatadi. Ko‘rsatilgan shaxs tizimga kirib, ma’lumotni tasdiqlashi kerak bo‘ladi.
Agar qabul qiluvchi shaxs ma’lumotni tasdiqlamasa, jarima ballari transport vositasi egasiga yoziladi (uning haydovchilik guvohnomasi mavjud bo‘lsa).
Agar egasida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmasa va ballar yig‘indisi 12 balldan oshsa, bunday transport vositasi jarima maydonchasiga vaqtincha joylashtiriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! 
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
 