
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralarda tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari, agrosanoat majmui va turizm sohalarida qo‘shma dasturlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, “Markaziy Osiyo – Bolqon” yo‘nalishida yangi transport yo‘laklarini rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Prezidentlar tomonidan Qo‘shma deklaratsiya imzolandi hamda Toshkentda 2026-yilda Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi. Muzokaralar davomida mehnat migratsiyasi, ta’lim, fan, madaniyat va sport sohalaridagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolandi. Jumladan, investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish, iqtisodiy hamkorlik, tibbiy xizmatlar, turizm, ta’lim, sun’iy intellekt, diplomatik kadrlar tayyorlash, mehnat migratsiyasi hamda sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlovchi bitim va memorandumlar imzolandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! 
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
 