Har bir ona farzandiga yaxshi ta’lim berishni, uni baxtli va barkamol inson qilib tarbiyalashni orzu qiladi. Lekin ba’zida bunday xohishlar salbiy ma’noga ega bo‘lib, bolalarga yaxshi ta’sir qilmaydi.
Ota rolini o‘z zimmasiga olish
Onalarning eng katta xatolaridan biri bu ota rolini o‘z zimmasiga olishdir. Ko‘pchilik ayollar hamma narsani nazorat ostida saqlashga odatlangan — o‘g‘illariga qanday erkak bo‘lishi kerakligini ko‘rsatishga harakat qilishadi. Natija esa teskari bo‘ladi — bola infantil bo‘lib o‘sadi va onasi kabi unga g‘amxo‘rlik qiladigan, uning muammolarini hal qilib bera oladigan kuchli ayol — rafiqani kutishda davom etadi.
Ushbu ssenariyning oldini olmoqchi b‘lsangiz, bolangiz uchun qaror qabul qilmang — hayotning ushbu bosqichida u bunga tayyor emasdek tuyulsa ham, unga o‘zini namoyon qilish imkoniyatini bering. Mustaqillik va o‘z xatolaridan saboq olish imkoniyati bolaga ko‘proq foyda keltiradi.
Mas’uliyatli bo‘lish imkoniyatidan mahrum qilish
O‘g‘lingizni o‘zi uchun, siz uchun, oilasi uchun javobgar bo‘lish imkoniyatidan mahrum qilmasligingiz kerak. To‘g‘ri rivojlanishi uchun bola o‘zini kerakli his qilishi, ko‘p narsa uning harakatlariga bog‘liqligini, u quvonch keltirishi, boshqalarni xursand qilishi mumkinligini tushunishi kerak. Kichkina bolaga ham vazifalar berish kerak — albatta, ular uning yoshi va qobiliyatiga bog‘liq bo‘lishi lozim. Bola yoshligidan xonasini tozalashi mumkin (siz xohlagan tarzda bo‘lmasa ham), idishlarni yuvishi, ukasi yoki singlisiga g‘amxo‘rlik qilishi, uy hayvoni bilan sayr qilishi, do‘kondan xarid qilishga yordam berishi mumkin.
Qiziqish va hobbilarini nazorat qilish
Bolalarning sevimli mashg‘ulotlari haqida gap ketganda, ko‘plab ota-onalar ularni jinsiga qarab ajratishni boshlaydilar — o‘g‘il bolalar futbol o‘ynashi kerak, qizlar esa raqsga borishi kerak. Aslida bola o‘ziga yoqadigan narsani qilishi juda muhim — agar o‘g‘il bola tasviriy san’atda iste’dod ko‘rsatsa, musiqiy qobiliyatga ega bo‘lsa, pazandalikka qiziqsa, tanlagan sohasida rivojlanishiga xalaqit bermasligingiz kerak, chunki faqat shu yo‘l bilan u haqiqatan ham o‘zini ko‘rsatishi va kelajakdagi sevimli ishini topishi mumkin.
Haddan tashqari jiddiylik va his-tuyg‘ularni taqiqlash
Ko‘pincha o‘g‘il bolalarning onalari "haqiqiy erkak yig‘lamaydi" degan stereotipga asoslanib, bolaga haddan tashqari qattiq munosabatda bo‘lishadi va uni his-tuyg‘ularini namoyon qilish imkoniyatidan mahrum qilishadi. Bunday strategiya bolaning o‘z his-tuyg‘ularini qanday qilib to‘g‘ri ifoda etishni bilmasligiga olib kelishi mumkin — alamzadalik va his-tuyg‘ularni doimiy ravishda ushlab turish psixologik jarohatlarga olib keladi.
Farzandingizga his qilishni taqiqlamang — juda qattiqqo‘l bo‘lmang va o‘g‘lingizni maqtashni unutmang. Ko‘pincha ta’lim jarayoni jang maydoniga aylanadi, bu oxir-oqibatda eng kutilmagan oqibatlarga olib keladi. Ta’limda nafaqat tanqid va taqiqlar, balki ijobiylik ham bo‘lishi kerak. Agar munosabatlarni boshidanoq to‘g‘ri qursangiz, mas’uliyatni singdirsangiz, tashabbus ko‘rsatish imkoniyatini bersangiz, muammolar kamroq bo‘ladi.
Haddan tashqari himoya
Muhimi unutmang — bolalarni tarbiyalashda ular o‘g‘il yoki qiz bo‘lishidan qat’i nazar, ularning tanlov, istaklar, harakatlaridagi mustaqillikni rivojlantirishingiz kerak. Shuni tushunish kerakki, bolalar bizning mulkimiz emas — ular mustaqil shaxslardir, biz ularga shunday bo‘lishga yordam berishimiz kerak. Shuning uchun ba’zi onalarning yana bir jiddiy xatosi bo‘lgan ortiqcha himoya ota-onalar hal qilishlari kerak bo‘lgan haqiqiy muammoga aylanishi mumkin.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring