01:22 / 22.07.2023
448

Tanadagi toshmalar sabablari ma’lum qilindi

Tanadagi toshmalar sabablari ma’lum qilindi
Foto: Getty Images

Teridagi qizarish va toshmalar tez-tez kuzatiladigan holat va buning o‘ziga xos sabablari bor. Bu haqda Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikova ma’lumot berdi.

«Ayrim yuqumli kasalliklar dermatologik muammolar, intoksikatsiya, qon aylanishining buzilishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘lishi mumkin. Tanadagi toshmalar — ko‘p shaklli eritema xastaligiga ham xos tashqi alomat. Bu dard allergik xususiyatga ega bo‘lib, ko‘proq bahor va kuz mavsumida kuchayishga moyil. Undan aziyat chekuvchi qatlam — asosan o‘rta yoshli bemorlar», dedi shifokor.

Kasallikni keltirib chiqaruvchi sabablar turlicha. Statistik tahlillar ko‘p shaklli eritemaga chalinganlarning taxminan 70 foizi surunkali yuqumli kasalliklar, xususan, sinusit, surunkali tonzillit, o‘rta otit, pulpit yoki piyelonefritga moyilligini tasdiqlaydi. Bunday bemorlarda xastalik kuchayishi davrida T-hujayra immunitetining pasayishi aniqlanadi.

«Xastalikning ikkita asosiy turi mavjud. Eng ko‘p tarqalgani — yuqumli-allergik ko‘p shaklli eritema. U organizmdagi infeksiyaning surunkali o‘chog‘iga nisbatan allergik reaksiya natijasida yuzaga keladi», dedi shifokor.

Mazkur xastalikning rivojlanishi yoki avj olishida birgina surunkali infeksiya o‘chog‘ining o‘zi yetarli emas. Buning uchun qo‘zg‘atuvchi omillarning ma’lum kombinatsiyasi zarur. Masalan: immunitet tanqisligi, gipotermiya, ultrabinafsha nurlanish, ba’zi oziq-ovqat konservantlari (benzoatlar, formaldegid va boshqalar), psixo-emotsional stress, ovqat hazm qilish tizimi patologiyasi (surunkali gastrit, disbakterioz), autoimmun kasalliklar va onkopatologiya, O‘RVI, tonzillit va boshqa kasalliklar.

«Ko‘p shaklli eritemaning toksik-allergik turi esa odatda amidopirin, barbituratlar, sulfanilamidlar va tetratsiklinlar guruhiga mansub ba’zi dorilar ta’sirida rivojlanadi», dedi mutaxassis.

Umumiy holsizlik, isitma, mushaklar og‘rig‘i va artralgiya ko‘p shaklli eritemaning ilk alomatlari hisoblanadi. So‘ng ikki kun ichida teri va shilliq qavatda qizil-pushti rangdagi toshmalar paydo bo‘ladi. Ushbu papulalar tezda kattalashib, diametri 2-3 santimetrga yetadi. Toshmalar o‘rtasida va ba’zi hollarda terining sog‘lom qismlarida ham pufakchalar paydo bo‘lishi mumkin.

Shifokor so‘zlariga ko‘ra, eritema dog‘lari asosan qo‘l va oyoqlarning orqa qismi, tizzalar, tirsak sohasida yuzaga keladi. Ayrim vaziyatlarda og‘iz bo‘shlig‘ining shilliq qavati va lablarning shikastlanishiga ham olib keladi.

Kasallikning toksik-allergik shakli esa dastlabki umumiy holsizlik va og‘riqlar bilan boshlanib, toshmalar darhol paydo bo‘ladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tanadagi toshmalar sabablari ma’lum qilindi