10:30 / 26.01.2024
168

Qanday qilib smartfonsiz uxlab qolish mumkin?

Qanday qilib smartfonsiz uxlab qolish mumkin?

Agar gadjetlar sizga hech qanday muammo tug‘dirmasa va kechasi kamida 7 soat xotirjam uxlasangiz yaxshi. Ammo uxlashda qiynalayotgan bo‘lsangiz, hech bo‘lmaganda foydalanish vaqtini qisqartirishga harakat qiling.

Boshqa mashg‘ulot o‘ylab toping

Karavotga yotib, chiroqlarni o‘chirib, adyolga o‘ranib olib uxlashga harakat qilish qiyin bo‘lishi mumkin. Gadjetga yopishib olmasdan, qandaydir yoqimli mashg‘ulot bilan shug‘ullanishingiz mumkinligini o‘ylab ko‘ring.

Ehtimol, bu o‘qish, hunarmandchilik, rasm chizish yoki bo‘yash, musiqa tinglash yoki tinchlantiruvchi tovushlar eshitish, kundalik tutish bo‘lishi mumkin. Buning uchun telefon ekrani yorug‘ligidan foydalanmaslik tavsiya etiladi: tadqiqotchilar yotishdan oldin qog‘oz kitob o‘qiganlar planshet yoki boshqa gadjetdan o‘qiganlarga qaraganda tezroq uxlab qolishlarini aniqlagan.

Telefoningizni yotoq yonida qoldirmang

Ko‘pchilik smartfondagi budilnikdan foydalanadi: shu bois gadjet karavot yonidagi stolga yoki yostiq ostiga qo‘yiladi. O‘zingizni bu vasvasadan himoya qilishingiz, telefoningizni qo‘shni xonaga quvvatlantirish uchun qo‘yishingiz va budilnik sifatida elektron soat yoki fitnes bilaguzukdan foydalanishingiz mumkin.

Irodali bo‘ling

Kaliforniya shtat universitetining psixologiya professori Larri Rossen iroda kuchidan foydalanishga va kerak bo‘lmagan vaqtlarda telefonga qaramaslikka asta-sekin o‘rganishni taklif qiladi. Avvaliga bu atigi bir daqiqa, keyin besh daqiqa, keyin 15 bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, ong va diqqatingizni shunga odatlantirasiz, ya’ni yotishdan oldin telefondan ajralishingiz osonroq bo‘ladi.

O‘zingizni cheklang

Shifokorlar yotishdan bir soat oldin ekrani porlab turgan qurilmalardan foydalanmaslikni tavsiya qiladi. Agar bunday qila olmasangiz, telefon yoki planshetingizga foydalanishni nazorat qiluvchi dastur o‘rnatishingiz va uni muayyan vaqtlarda ma’lum funksiyalarga kirishni bloklab qo‘yishingiz mumkin.

Rangli filtrni yoqing

Ekrandagi sariq filtr gadjetlarning ba’zi zararli ta’sirini kamaytiradi. Moviy nurdan farqli o‘laroq, u melatonin ishlab chiqarishga to‘sqinlik qilmaydi. Shuning uchun agar smartfonsiz uxlay olmasangiz, hech bo‘lmaganda ko‘zingizga yengillik bering. Shifokorlar, shuningdek, qurilmani ko‘zdan 35 santimetrdan ortiq masofada tutishni tavsiya qiladi.

Xayolingizga kelgan qo‘shiqni ayting

Agar uxlay olmasangiz, o‘zingizga yoqqan har qanday qo‘shiqni eslab, uni bir necha marta takrorlang.

Shifokorlar tavsiya qiladigan yana bir usul — mushaklaringizni kuch bilan siqib, keyin keskin bo‘shatishdir. Shuningdek, nafas olish mashqlari, meditatsiya, mushak mashqlarini sinab ko‘rishingiz mumkin.

Mutaxassis bilan bog‘laning

Uxlab qolishning uzoq muddatli muammolari uyqusizlik alomati bo‘lib, bu shifokorga borish uchun sababdir. Mutaxassis sizga tekshiruv tayinlaydi, dori-darmon buyuradi, ehtimol, psixoterapiya ham tavsiya qilishi mumkin.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qanday qilib smartfonsiz uxlab qolish mumkin?