23:15 / 01.04.2025
668

Kattalar nega qo‘rqinchli tush ko‘radi? Sabablari va yechimlari

Kattalar nega qo‘rqinchli tush ko‘radi? Sabablari va yechimlari
Qo‘rqinchli tushlar faqat bolalarning muammosi emas. Kattalar ham ba’zan bunday tushlarni ko‘rib, ertalab asabiy va charchagan holda uyg‘onishi mumkin. Nega bunday bo‘ladi? Bu organizmning xavfsizlik signali bo‘lishi mumkinmi? Qo‘rqinchli tushlarni kamaytirish uchun nima qilish kerak?

Keling, bu savollarga birgalikda javob izlaymiz!

Nega qo‘rqinchli tush ko‘ramiz?

Olimlar qo‘rqinchli tushlarning turli sabablarini o‘rganib chiqqan. Ularni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:

Miya ma’lumotlarni qayta ishlaydi
Uxlash paytida miya kun davomida yig‘ilgan barcha ma’lumotlarni tahlil qiladi. Oynada tasodifiy ko‘rilgan surat, ishdagi stress, hatto kechqurun ko‘rilgan film ham tushda paydo bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, qo‘rqinchli filmlar ko‘rishda ehtiyot bo‘ling!

Qo‘rquvlarimiz namoyon bo‘ladi
Hayotda nimadan qo‘rqsangiz, tushda aynan shu holatni ko‘rishingiz ehtimoli katta. Masalan, balandlikdan qo‘rqadiganlar tushida jarlik chetida turganini, tor joylardan qo‘rqadiganlar esa qulflangan xonalarda qolib ketganini ko‘rishi mumkin.

Jismoniy noqulayliklar ham ta’sir qiladi
Tushda falaj bo‘lib qolgandek his qilganmisiz? Bu holat oyoq-qo‘llaringiz qotib qolganda yuz berishi mumkin. Organizmingiz “turib, holatingizni o‘zgartiring!” deb signal yuborayotgan bo‘lishi mumkin.

Qo‘rqinchli tushlarning yashirin sabablari

Agar dahshatli tushlar tez-tez takrorlansa, bu organizmdagi ba’zi muammolardan darak berishi mumkin. Quyidagi omillar ham bunga sabab bo‘lishi mumkin:

🔹 Dori-darmonlar – ayrim antidepressantlar va antibiotiklar miyaga ta’sir qilib, tushlarga o‘zgarish kiritadi.
🔹 Yuqori harorat – kasallik paytida qo‘rqinchli tush ko‘rish ehtimoli yuqori.
🔹 Me’yordan ko‘p ovqatlanish – og‘ir va achchiq ovqatlar uyquni buzadi va tashvishli tushlarga olib kelishi mumkin.
🔹 Spirtli ichimliklar – uyqu tartibini buzadi, bu esa yoqimsiz tushlar bilan bog‘liq.
🔹 Qondagi shakar kamayishi (gipoglikemiya) – ayniqsa, diabet bilan og‘riganlarda bu holat kuzatilishi mumkin.
🔹 Homiladorlik – gormonal o‘zgarishlar asab tizimiga ta’sir qilib, noxush tushlar ko‘rishga sabab bo‘lishi mumkin.

Qo‘rqinchli tushlardan qanday qutulish mumkin?

Agar qo‘rqinchli tushlar muntazam takrorlansa, ular uyqu sifatiga ta’sir qilib, kunlik faoliyatingizga xalal berishi mumkin. Bunday holatda nevrolog yoki psixologga murojaat qilish kerak. Mutaxassislar fiziologik yoki psixologik sabablarni aniqlab, kerakli davolash usullarini tavsiya qiladi.

- Psixoterapiya – qo‘rqinchlaringizni tahlil qilib, ularni yengishga yordam beradi.
- Dorilar – ba’zi hollarda tabiiy tinchlantiruvchi yoki uxlatuvchi vositalar tavsiya qilinishi mumkin.
- Hayot tarzini o‘zgartirish – bu eng samarali usul!

Qo‘rqinchli tushlarning oldini olish uchun tavsiyalar

- Rejimga rioya qiling – har kuni bir vaqtda uxlab, bir vaqtda uyg‘onishga odatlaning.
- Yotoqxonangiz muhitini yaxshilash – honaingiz sovuq va sokin bo‘lishi kerak. Har kuni shamollating.
- Stressdan qoching – ortiqcha tashvishlar qo‘rqinchli tushlarning asosiy sababi.
- Kechki ovqatda me’yorga rioya qiling – og‘ir va yog‘li taomlarni uyqudan avval iste’mol qilmang.
- Spirtli ichimliklar va kofeinni kamaytiring – ular uyqu fazalarini buzib, qo‘rqinchli tushlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Qo‘rqinchli tushlar – inson ongi va organizmining tabiiy himoya mexanizmi. Ular ba’zan stress va tashvishlarni qayta ishlashga yordam beradi, lekin juda tez-tez takrorlansa, sog‘lig‘ingiz uchun jiddiy signal bo‘lishi mumkin.

Siz ham qo‘rqinchli tushlar ko‘rasizmi? Ularni yengish uchun qanday usullar qo‘llaysiz?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali