15:58 / 26.04.2017
9 275

Internetda ko‘p xotinli "boylar" mavzusi qizg‘in muhokama qilinmoqda

Internetda ko‘p xotinli "boylar" mavzusi qizg‘in muhokama qilinmoqda
Butun bir millatning sha’ni-orisiz, deb kuylagan edi Ozodbek Nazarbekov ayollar haqida. Bugun biz o‘z sha’nimizni, orimizni qanchalik qadrlay olyapmiz?
Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri Umida Aziz internet foydalanuvchilariga "rasmiy nikohi bekor bo‘lmay turib, ikki-uch bolani xor qilib, boshqa ayolga uylanib olgan erkaklar xususida mulohazangiz?", degan savol bilan murojaat qildi.

Ta’kidlash joizki, keyingi vaqtlarda O‘zbekistonda bu singari holatlar ko‘p qayd qilinmoqda. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi davomida bu haqda so‘z ochgan edi. "Agar biz ayollarning mavqeini yaxshilasak, jamiyatdagi ahvol o‘zgaradi. Kelin kim? Kelin — bizning qizimiz. Biz mana shu qizimiz uchun yaxshi sharoitlarni yaratib berishimiz kerak. Qaynonalar kelinni qizim, deb atashlarini xohlayman. Axir ularning ham qizlari bir kun kelin bo‘ladi.

Sizlar nima uchun aksariyat hollarda yosh ayollar kerakli shart-sharoitlarni topa olmaydilar, deya savol berishingiz mumkin: chunki qaynonasidan yaxshi gap eshitmaydi, eri yomon muomala qiladi. Natijada er-xotin ajrashadi, qaynona esa oradan olti oy o‘tib uyga yangi kelin olib keladi. Bu bizlar uchun uyat bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham men bu mavzuni ko‘tardim, balki endi odamlarga tushunarli bo‘lar", — degan edi prezident.

Umida Aziz o‘rtaga tashlagan savolga internet foydalanuvchilari javoblarini e’tiboringizga havola qilamiz.
"Erkak osonlikcha ayolini, oilasini, bolalarini tark etmaydi. Ishni shu holatga borishiga ayollarning o‘zi sababchi. Erning ko‘nglini ovlashni eplasholmaydi. Keyin "dod" solib yurishadi", — degan Husan Tangriev.

"Sho‘ring qurg‘ur ayol: erni ko‘nglini ovla, qaynona-qaynotaning ko‘nglini ovla, qayin bo‘yinni ko‘nglini ovla, bolaga, osh-ovqatga qara, uy yumushlarini epla, ishlab pul ham top, o‘zingga qarashga ham vaqt top. Tanbal yoki puldor ering yurib ketsa sen aybdor. Erkak qachon ayolini ko‘nglini oladi…

Erkakni yurishiga bekorchiligi aybdor.

Men biror chet davlatlarda (o‘zim borgan yurtlarda) bizning ayollarga yuklatilgan va ayol shunga mas’ul degan ishlarni ko‘rmadim. Hurmatli erkaklar, hech qaysi davlatning ayollari bizning ayollardek matonatli va mehnatkash emas…", — deb Husanga javob qaytrgan Gulbahor Umarova.

"Kitoblarda o‘qiganmiz, qadimda ayollar erlarini ko‘chaga kuzatib: "Hoy falonchini bolasi, bizga halol rizq topib keling. Dunyoni ochligiga chidaymiz. Oxiratni azobini ko‘tarolmaymiz", deyisharkan. Hozirgi ayollar-chi? Kuzatib turib, qo‘limizga "spiska" tutqazishadi. Topib kel, tamom", — degan Nurmuhammad Odilov.

"Ayollarni aybdor qilyapmiz-a? Lekin ayni mavzuda mendan to‘rtta ayol yordam so‘radi, to‘rtalasi ham "Erim boshqa joyda uylanib yashasayam mayli, men bilan bolalarini tashlab qo‘ymasa bo‘lgani, men erdan chiqqan ayol nomini ko‘tarib yurolmayman", deb javrayapti. Anavi (erkak deb erkaklarni haqorat qilgim kelmayapti) bola ko‘r qilgur xotin qo‘ygichlar esa ajrim olishim kerak, deb qonuniy rafiqasiga zug‘um qilib yuribdi…

Qizlar juda beqadr bo‘lib ketdi. Bir marta xotin qo‘ygan ham, ikki, uch, hatto to‘rt marta xotin qo‘ygan ham bokira qizga uylanayapti. Bunisiyam mayliku, ota-onalar so‘rab surishtirmay, qonuniy nikohi bekor qilinmagan erkakka qizini sarpo-surug‘, ro‘zg‘or jihozlari bilan uzatishyapti. Bundoq so‘rash yo‘q, surishtirish yo‘q, nega ajarashgan, nechta bolasi bor? Bolasini ta’minlaydimi, xotiniga uy-joy qilib berganmi, ajrashishiga jiddiy sabab bormi-yo‘qmi…

Yolg‘ondan ko‘chasidan sovchi o‘tsa, yoqasidan ushlab olib qizini tutqazib qo‘yyapti. Oqibatda tirik etim ko‘payyapti, fohisha ko‘payyapti, ayollar bilan bog‘liq boshqa jinoyatlar urchiyapti. Bir paytlar bizni Buxoro tomonlarda ajrashish juda uyatli, sharmandali holat edi! O‘g‘li yo qizi ajrashgan oilalarga odamlar nafrat bilan qarashardi.

Hozir birovning birov bilan ishi yo‘q. Afsuski, ayrimlar bolaga INSON deb qaramaydi! Bemehr, shafqatsiz, ko‘ngli yarim, hayotda o‘z o‘rnini topishga qiynaladigan odamlar kechagi, bolaligida ko‘ngli singan, mehrga to‘ymagan, bolaligi kemtik o‘tganlar emasmi? O‘rtoqlar, bu judayam jiddiy mavzu! Biz hali ayolni ayblayapmiz, oilani saqlab qolsin deb, hali erkakni ayblayapmiz. Lekin bu narsaga butun jamiyat, sizu biz ham birdek aybdor emasmizmi? To‘g‘ri, bizda er-xotinning orasiga esini egan tushadi, degan gap bor. Lekin bir bolaga etti mahalla ota-ona degan gap ham o‘zimizdan chiqqan-da…", — deb yozgan Umida Azizning o‘zi.

"Eskilarda gap bor: otasini ko‘rib qizingni ber, onasini ko‘rib qizini ol. Bu gaplar bejiz emas. Xozir hammamiz aqllimiz, bir birimizga aql o‘rgatishdan nariga o‘tmaymiz. Ota-bobolarimizni dunyo boyligila ham topib bo‘lmaydigan pand-nasihatlarini bitta "layk" bosishga ham olmaymiz. Men zo‘rman deb ko‘krakka mushtlashdan boshqasini bilmaymiz. Biz maktabda ustozdan kaltak esak, ota-onamizning bilib qolishidan qo‘rqar edik. Chunki ota-onamiz xabar topsa yana kaltak er edik, sababi yo do‘stlaring bilan urishgansan yo uy vazifasini bajarmagansan, deb. Xozir ota-onalar — "sen tug‘ib qo‘yibsanmi, beshigini tebratib qo‘yibsanmi"dan boshlaydi. O‘qituvchi bechora boshini qayoqqa urishni bilmaydi. Talabaligimda bir o‘qituvchimiz 1915-1917 yil o‘zbek madaniyatiga etishimiz uchun yana 300 yil kerak ekan degan edi, balki endi 3000 yil kerak bo‘lar, yana bilmadim", degan Muhammad Umar Ahmedov.

"Bir tomonni to‘liq ayblab yoki oqlab bo‘lmaydi. Masala ehtiros va biryoqlamaliklarga berilmasdan yoritilishi lozim. Bir narsani yaxshi tushunishimiz kerak-ki, bunaqa muammolarda Ovro‘po bizdan ancha ilgarilab ketgan. Ular 20-30 yillardan beri oilani mustahkamlash ustida bosh qotirishadi, ammo natija faqat orqaga ketyapti. Insoniyat dindan uzoqlashgani sari muammolar girdobiga botib boraverishi aniq", — Abdug‘afur Iskandar fikri.

Tanho nikli foydalanuvchi esa o‘zbek ayollarini o‘qib, kasb-hunarli bo‘lishga chorlagan. "Erkaklarga aql o‘rgatish o‘zbek ayoliga xos emas. Erkaklar uchun alohida "ahloq-odob" qonunini chiqarishning imkoni yo‘q. Rahmatli dadam onamlarga "qizlaringni o‘qit, oliy ma’lumotli qil, buning uchun er tirnashga to‘g‘ri kelsa ham, hatto", deb tayinlar edilar. Ma’lumoti bor ayol mustaqil bo‘ladi, dunyoqarashi kengayadi, birovning qo‘liga qaram bo‘lmaydi. Vaqti kelsa, qaysidir sabab ila ishsiz qolgan turmush o‘rtog‘iga ham "qanot" bo‘ladi, balki…", — deb yozgan Tanho.

Manba: sputniknews-uz.com

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Internetda ko‘p xotinli "boylar" mavzusi qizg‘in muhokama qilinmoqda