11:03 / 31.05.2017
18 166

Internetdan yor izlab! (…Namuncha, nozlanasiz? Yosh qiz bo‘lmasangiz. Xotinlik qil­gingiz kelmasa, balki...)

Internetdan yor izlab! (…Namuncha, nozlanasiz? Yosh qiz bo‘lmasangiz. Xotinlik qil­gingiz kelmasa, balki...)
— Hafiza, senmisan?
Saida dugonasining unga hayron bo‘lib, qarab turganini ko‘rib, kulimsiradi.
– Men Saidaman, dugon. Tanimadingmi?
– Voy-bu namuncha ozib ketding, o‘rtoq. Tinchlikmi?
Hafiza ins­ti­tutda 5 yil birga o‘qib, qadrdon bo‘lib ketgan dugonasi bilan qu­choq ochib ko‘rishar ekan, qo‘yarda-qo‘ymay uni yo‘l chekkasidagi kafega sud­radi.
– Yur, biroz o‘tiraylik. Uyda urishadigan ering bo‘lmasa? Ko‘r­ma­ga­nimga ham uch yil bo‘libdi-ya!
Saida anchadan buyon diydorlashmagan o‘rtog‘iga dardini yordi. Bun­dan bir necha yil avval ajrashgan turmush o‘rtog‘ining uylanganini eshi­tib, adoyi tamom bo‘lganini aytdi. Turmushlari davomida fe’l-atvorlari bir-biriga to‘g‘ri kelmaganligi uchun ajralishgan bo‘lishsa-da, uni hamon sevishini ana shu shum xabarni eshitib anglagan edi. Sai­daning gaplarini eshitar ekan, tabiatan quvnoq Hafiza xoxolab kulib yubordi.
– Seni qara-yu, shunga ham ota go‘ri qozixonami? Erim uylandi, deb aza ochib yuraverasanmi? Qara, atrofda erkak degani tiqilib yotibdi. Qaddi-qomating joyida bo‘lsa, suluvlikda uncha-muncha ayol ol­dingdan o‘tolmaydi. O‘zi nega haligacha erga tegmaningga ham hay­ron­man. Namuncha siqilasan, o‘rtoq? Ering uylangan bo‘lsa, seni o‘zingni osishing kerakmi? Undan ko‘ra, sen ham birortasiga tegvolsang bo‘la­di-ku.
– Qiziqsan-ey, Hafiza. Bola bilan kimga ham kerakman. Qizimga boshqa erkak otalik qila oladimi? Endi uni deb yashayman, axir.
– Jinni bo‘p qopsan? Ertaga qizingni turmushga bersang, so‘ppayib o‘zing o‘tirasanmi? Hali yoshsan.
– Meni erga olinglar, deb ko‘chaga chiqib baqiraymi, bo‘lmasa. O‘zi kun tartibim bir xil – uydan ishga, ishdan uyga. Birov bilan tani­shish uchun ham vaqt yo‘q.
– E, ishing ham qursin. Onangning aytgani to‘g‘ri o‘zi. O‘sha ishingga erga tekkansan, sen. Ko‘chada tanishishga vaqting bo‘lmasa internetdagi “zna­komstva”ga kir. Bilsang agar, bir o‘rtog‘im o‘sha erda boyvachcha, firmasi bor erkak bilan tanishib, hozir unga turmushga ham chiqqan. Mazza qilib yashayapti.

Oradan bir hafta o‘tib, ish bilan internetga kirgan Saida Hafi­za­ning aytganini esladi. Tavakkal qilib, ismini o‘zgartirib yozdi-da, “tanishuv” saytida ro‘yxatdan o‘tdi. Chiroyliroq rasmini joy­lash­tirishni ham unutmadi. Oradan besh daqiqa vaqt o‘tar-o‘tmas uning nomiga oltita xabar kelganini ko‘rib, quvonib ketdi. Xabarlarning bar­chasi erkaklardan edi. Yoshiga mos keladiganini tanlab, uning sertakalluflik ila she’rlar bilan yozgan maktubiga javob bitdi. Kunlar ketidan kunlar o‘tar Saida nomiga kelayotgan xabarlarning soni ko‘payganda-ko‘payib borardi. Ammo ularning orasida baxayo­lar­cha takliflarning ham tez-tez uchrayotganligi Saidaning tobora asabiga tega boshladi. Hanuz faqatgina hol-ahvol so‘rab, o‘zini kam­tarona tutayotgan uch nafar virtual tanishlari bilan yozishib, qol­gan­lariga mutlaqo javob bermay qo‘ydi. Ayniqsa unga o‘zini Sanjar deb tanishtirgan odam juda ham yoqardi. Yoshi 45 da. Har doim tanishuv saytiga kirib, undan kelgan xabarni ochganida, suratdan yoqimtoy, ko‘rinishi qaysidir xorijiy aktyorni eslatuvchi erkak kulib qarab turardi. Saida bir oy ichida yangi tanishiga shunchalik bog‘lanib qoldiki, har kuni undan xabarni intiqib kutardi. Sanjarga bir-ik­ki marotaba uchrashishni taklif qilib, yozmoqchi bo‘ldi-yu, g‘ururi yo‘l qo‘ymadi. Bugun ertalabdan tanishuv saytiga kirib, kelgan xabar­larni erinchoqlik bilan tekshirib ko‘rar ekan, Sanjarning suratini ko‘­rib o‘zida yo‘q quvondi.

“Salom, Saidaxon. Haqiqiy ismingiz juda ham chiroyli ekan. Siz­ni bilmadim-u, ammo men har kuni sizdan xabar kutaman. Tele­fo­ningizni ham bermadingiz. Shunday latofatli ayolning albatta ovo­zi ham shirali bo‘lsa kerak. Bugun kechki ovqatni birga qilmay­miz­mi? Qaerga kelib turishni aytsangiz, etib boraman. Faqat bir-birimizni topishimiz uchun qo‘l telefoningiz raqamini bering. Me­ni­ki 392……..”
Saida orziqib kutgan damlar nihoyat kelgan edi. Shosha-pisha rozi bo‘lib, javob yozdi. Taqdir-taqozosi bilan farzand dog‘ida kuyib oi­lasidan ajrashgan, bolasi bo‘lsa ham o‘ziga mehribon, tushunadigan ayol qidirayotganligini, atrofdagi tanishlari hech ham uning didiga o‘tirishmasligini xabarlarida bildirgan Sanjar bilan kelgusi shi­rin turmushini tasavvur qilar ekan, Saida sabrsizlik bilan kechki 18.00 bo‘lishini kutardi.

Belgilangan joyga etib kelganida soat 18.40 bo‘lgan edi. Keli­shil­gan payt esa 18.30 edi. 10 daqiqaga kech qolibdi. Saida bejirim qo‘l soatiga nazar tashlab, atrofga alangladi. Sal nariroqda turgan oq “Nexia”dan tushgan erkakka befarq nazar tashladi-da, yana yo‘lga ko‘z tikdi. So‘ng sabrsizlik bilan Sanjarning telefon raqamini ter­­di. Mashina oldida turgan erkakning telefoninga qarayotganini ko‘­rib, ajablandi
– Siz Saidaxonmisiz? Men Sanjarman.
Saida oldida yoshi 60 larga yaqinlashib qolgan, past bo‘yli, qorin­dor erkakka ajablanib qaradi.
– Ammo… Men..
– Ha, bilaman. Siz boshqa odamni kutgansiz. Men haqiqatdan ham San­jarman. Ayollar chiroyli erkaklarga oshiq bo‘lishadi. Suratim o‘r­niga bir chet el aktyorini rasmini qo‘yuvdim, buning uchun albatta uzr so‘rayman. Shaharda ko‘pchilik meni taniydi, ortiqcha gap-so‘z bo‘l­masin, dedim-da. Qolgan gapni bir piyola choy ustida davom etti­rar­miz, marhamat.
Orziqib kutgan tanishuvining yolg‘on bilan boshlanishini kutmagan Saida ikkilanib qoldi, Sanjarning “Qani, marhamat” deya mashina eshi­gini ochib turganini ko‘rgach, noiloj oldinga yurdi. Mashinada yana bir erkak o‘tirardi. Uni Sharof aka, o‘rtog‘im deb, tanishtirgach, Sanjar mashinani yurgizdi.
– Aslida, Sharof akani uylantirmoqchimiz, – dedi Sanjar jim­likda tannovul qilingan ovqat ustida. – Bechora, xotini uydan hay­da­gach, qaerga borishini bilmay yuribdi. Mardlik qilib, borini oi­lasiga tashlab chiqib ketgan. Rozi bo‘lsangiz, nikoh o‘qitib, birga yasha­sangiz. Oyim bor devdingiz. Vaqtinchalik qizingizga oyingiz qa­rab tursa. Chiqishib ketsangiz, men ham savobga qolardim. Sharof aka xotinli, qizingiz otali bo‘lardi.
Shu paytgaacha umidlari chil-parchin bo‘lib, o‘zini zo‘rg‘a tutib turgan Saida, kesatib dedi.
– Sharof akamiz, ancha qari ko‘rinadilar, yoshlari nechada, o‘zi?
– E, erkak odamning yoshini so‘rab nima qilasiz. Hali Sharofboy aka kuch-quvvatga to‘la. Xudo xohlasa o‘g‘il tug‘dirishga qodir. A Sharof­boy aka, nima dedingiz?
Shu paytgacha o‘zini sipo tutib, gapga qo‘shilmay o‘tirgan Sharof piyoladagi tani­shuv uchun qo‘yilgan aroqni bir ko‘tarishda sipqirdi-da, anchadan buyon sovun ko‘rmagan ro‘molchasi bilan yog‘li lablarini art­di.
– Mani uchta o‘g‘lim bor. Taqdir ekan, xotin bilan kelisholmay qol­dik. Shu yoshda ko‘chada qolishni o‘zi bo‘lmaydi. Xudo xohlasa sizga tog‘day suyanchiq bo‘lishga hali quvvatim bor.
Saida jahlini arang bosdi:
– Issiq joy qidirib yuribman, deng. Demak, sizni kir-chiringizni yuvib, sidqidildan xizmatkorlik qilsam, ko‘nglingizni xushlasam bir yildan keyin uylanasiz. Bo‘lmasa boshqa joy qidirasiz, shun­day­mi?
– Albatta, avval bir-birimizni sinashimiz kerak. Turmush qurish­ning o‘zi bo‘lmaydi. Menga juda yoqib qoldingiz, – dedi Sharof chay­­nalib.
– Siz noto‘g‘ri tushundingiz, Saidaxon. “Sinalmagan otning sir­ti­dan o‘tma“ deganla­ri­dek, avval bir-birlaringga ko‘nikinglar de­moq­chimiz. O‘rtada Sharof akada zakonniy aj­rashishiga ham vaqt bo‘­la­di.
Sanjar gapini tugatishga ulgurmay, Saida uni bo‘ldi:
– O‘zingiz yoshingizni 45 da deb yozib, kamida 60 ni urib qo‘ygansiz, shekilli. Buning ustiga odamlar taqdiri o‘rtasida dallolman deng. Dal­lolligingiz uchun qancha haq olasiz?
Sanjarning yuzi qizarib, peshonasini reza ter qopladi. Avvalgi sertakallufligidan asar ham qolmadi.
– Namuncha, nozlanasiz? Yosh qiz bo‘lmasangiz. Xotinlik qil­gingiz kelmasa, balki bir kechaga kelisharmiz.
– Siz… siz. Meni kim deb o‘ylayapsiz?
Jahli chiqqan Saida shaxd bilan o‘rnidan turib, palto­sini kiya bosh­ladi.
– O‘zingizni bosing. Kimligingiz ayon. O‘zingizni xayoli, iboli ayol qilib ko‘rsatmay qo‘yaqoling. Bunday bo‘lganida, ersirab, tanishuv saytidan er qidirib yurmagan bo‘lardingiz.
Sanjarning so‘nggi so‘zlari Saidaning qulog‘iga kirmadi. Hislari toptalgan, haqoratlangan ayol tamaddixonadan yugurganicha chiqib ketar ekan, yuzini yuvayotgan ko‘z yoshlari yog‘ayotgan sovuq yomg‘ir bilan qo‘shilib oqardi.

Huquqshunos maslahati:
Hayotimizga internetning kirib kelishi natijasida ja­mi­­­yatimiz a’zolari ko‘proq axborot olish imkoniga ega bo‘l­di­lar. Internetning ijobiy va salbiy tomonlari xususida ba­taf­sil to‘xtalib o‘tirmay, faqatgina tanishuv saytlariga e’­tiboringizni qaratmoqchiman. Ke­yin­gi paytlari har kuni soni ko‘payib borayotgan mazkur tanishuv sayt­­larida erkak va ayollarning asosiy qismi boshqa nom bilan ro‘yxatdan o‘tishadi. O‘zlarining yashirin, yaqinlari va tanishlariga ay­ta olmaydigan fikrlarini internet orqali virtual tanish­lariga to‘kib solib, qaysidir jihatdan ko‘ngillarini bo‘shatishadi. To‘kis oi­lasi bo‘la turib, chetdan bir-ikki kunlik ko‘ngilxushlik istaganlar uchun ham hozir bu saytlar juda qo‘l kelmoqda. Eng achinarlisi, qahramonimiz Saidaxonga o‘xshab, yaxshi niyat bilan unga kirganlar kam­dan-kam uchraydi. Shuningdek, uzoqroq shahardan boshqa nom, boshqa odamning surati bilan tanishib, “uchrashuvga borish” uchun yangi ta­ni­shidan yo‘l puli undirayotgan firibgarlar ham oz emas. Shuning uchun tanishuv saytlaridan o‘zingizga do‘st yoki turmush o‘rtog‘i izla­moqchi bo‘lsangiz, albatta quyidagi qoidalarga rioya qiling:
– Virtual tanishingiz firibgar, siz bilan ko‘ngilxushlik uchun ta­nishish niyatida emasligiga ishonch hosil qilmaguningizgacha tel­e­fo­ningiz, uy manzilingizni bermang;
– Rossiya, Koreya davlatlarida mehnat qilayotgan aksariyat yurtosh­la­rimiz asosan zerikkanlaridan, O‘zbekistonni sog‘inib, bo‘sh vaqtla­rini o‘tkazish maqsadidagina tanishuv saytiga kirishlarini unutmang;
–Aksariyat viloyatdagi erkaklar poytaxtdan boshpana topish va ro‘y­xatdandan o‘tish niyatida tanishishga oshiqadilar;
– Virtual tanishingiz boshqa shahardan bo‘lib, uchra­shish­ga ke­lish uchun yo‘l puli so‘rab yurakni larzaga keltiruvchi xabar jo‘natsa, hech qachon unga pul yubora ko‘rmang. Balki ilo­jini qilib kelishi, so‘ng uning yo‘l bilan bog‘liq muam­mo­larini birgalikda hal qili­shingiz haqida yozib yuboring;
– Uchrashuvga taklif qilinsangiz, odamlar gavjum, neytral joy­ni tan­lang. Chunki uning uyi yoki ofisiga borsangiz, holat­ning xo‘jayini vir­tual tanishingiz bo‘lib qoladi, zero har bir inson o‘z hududida o‘zini erkin sezadi;
– Sizdan bankdagi hisob raqamingizni so‘rab, unga katta pul jo‘na­tish niyatida bo‘lgan virtual tanishlaringizga ishon­mang. Bu noqo­nu­niy yo‘l bilan topilgan pulni “yuvish”ning bir usuli, bo‘lishi mumkin.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Internetdan yor izlab! (…Namuncha, nozlanasiz? Yosh qiz bo‘lmasangiz. Xotinlik qil­gingiz kelmasa, balki...)