Pochchasiga turmushga chiqqan qizning kechinmalari
Bugungi kunim ham gap eshitishdan boshlandi. Sababi... bir qarashda oddiygina, u kiyishi kerak bo‘lgan ko‘ylakning o‘rniga boshqasini dazmollab qo‘yganim... Yo‘q, sabab ko‘ylakda emas, besh daqiqada uning istaganini taxt qilib berishim mumkin, aslida hamma gap yaralangan ko‘ngillarimizda... Bolalar ham hoynahoy uyg‘onishgan bo‘lishsa kerak. Dadasining vajohatidan qo‘rqib, xonalarida o‘tirishgandir...
Eshik qarsillab yopilishi bilan Muxlisa xonasidan yugurib chiqdi. Derazadan hovliga bir qaradi-da, otasining mashinasi o‘t olgach, yonimga o‘tirdi.
— Xola, dadam ishga ketdi, to qaytgunicha sizam keta qoling. Ukamga o‘zim qarayman, — o‘n yashar qizcha bu so‘zlarni dona-dona qilib ishonch bilan aytgani yuragimni battar ezdi. Unga nima deb javob qaytarishni bilmay kalovlanib turganimda, “Oyi”, degancha ko‘zlarini ishqalab Muslimbek bo‘y ko‘rsatdi.
— Oyimas, xola degin! — Muxlisa endi ukasiga qarab qo‘lini niqtab gapirdi.
Endigina uch yoshdan oshgan jiyanim bu gapning mag‘ziga etmay bag‘rimga o‘zini otdi. Men esa bo‘g‘zimga tiqilgan yig‘ini ushlab turolmadim. Quchog‘imdagi uyqusi ochilmagan, hali bu dunyoning achchiq haqiqatidan bexabar, shiringina bolakayni «Bolam» deya erkalay olmay, labimni tishlagancha o‘ksib-o‘ksib yig‘ladim... Faqat yig‘i aralash bir so‘zni takrorlardim: Opa, opajon...
***
— Opa, opajon! Qarang, kapalak, tutib bering!
Xotiram qatidagi eng birinchi voqea — opam ikkimiz bog‘da o‘ynab yurganimizda uning menga kapalak tutib bergani. Opam men tug‘ilganimda o‘n yosh bo‘lgan. Meni o‘zi katta qilgan. Uni hammadan ko‘p yaxshi ko‘rardim. Kelinlik libosini kiyganida rosa yig‘laganim, «Ketmang», deya yalinganim, meni opamdan ayirgan kuyovni juda yomon ko‘rganim, Muxlisa — chaqalog‘idan qizg‘anganim — hammasi bir paytlari men uchun shirin xotira edi. Endi esa... hayot opam bilan birga bu xotiralarimni ham yuragimdan yulib olgandek...
Opam endigina o‘ttizga to‘lgandi. Uning yashagisi, judayam yashagisi kelardi. «Tug‘sam, yaxshi bo‘lib ketarkanman», deya Muslimbekni dunyoga keltirdi. Doim «Bolalarim onasiga to‘ymay qolaverishadimi?» deya yum-yum yig‘lardi. Men uni ovutish uchun harchand urinmay, nurab borayotganini his qilib turardim. Bir zamonlar kapalaklar tutib bergan, sochlarimni o‘rib qo‘ygan, bog‘chayu maktabga qo‘limdan etaklab olib borgan, sirdoshim, mehribonim kundan-kun salomatligini yo‘qotayotganini ko‘rish dilimni azoblardi. Ammo uning dardlarini ololmasdim. Gohida «Zarnigor, singlim, seni ham ezib yubordim-a? Nima qilay, oyimga yig‘lolmayman, shundoq ham otam ikkisi ado bo‘lishdi. Pochchang esa og‘iz juftlashim bilan meni chalg‘itishga urinadi», derdi.
Olti yilgi og‘riqlar, kurashlar bir kunda tugadi. Saraton bir ayol hayotini mahv etdi, ota-onani farzand dog‘ida kuydirdi, singilni opasidan ayirdi, ikki qorako‘zni volidasi mehridan judo qildi, «Sen yashaysan» deya juftini foniy dunyoga qo‘yib yubormaslik uchun uning qo‘llaridan mahkam ushlagan qo‘llarni havoda muallaq qoldirdi...
To opamning yil oshi bo‘lmaguncha o‘lim haqligini tan ololmadim. Ammo kichik jiyanim kabi uning shifoxonadan qaytishini kutolmasdim, har kuni qon bosimi ko‘tarilib ketadigan onam, pana-panalarda yig‘laydigan otamga qarab ayriliqning achchig‘ini yanada totardim.
Opamning ma’rakalari o‘tgach, u kishining qaynonasi uyimizga serqatnov bo‘lib qoldi. Ota-onam quda hola kelib ketgach, doim yana ham mung‘ayib qolishardi. Men quda tomon pochchamni uylantirishmoqchi ekanligini sezardim. Opam bu haqda menga oxirgi kunlarida gapirgandi. «Kunim bitishi aniq. Mana, pochchang chet ellarga olib borib ham davolatib keldi. Baribir, foydasi bo‘lmadi... Men endi ko‘p yashamayman, umrim kam qoldi... Yagona istagim, mendan keyin yaxshi ayol kelsin o‘rnimga», deganida uning na ko‘zida yosh bor edi, na ovozida titroq. Men esa rahmatlining taqdirni tan olib aytgan bu gaplariga chidolmay xonadan otilib chiqib, shifoxona hovlisida so‘zsiz ko‘z yosh to‘kkandim.
Ota-onamning qarorini eshitib esa hovlimizning burchagiga borib oldim-da, bir paytlari opam meni uchiradigan arg‘imchoq bog‘langan daraxt yoniga tiz cho‘kib, bor ovozim bilan «Opa, opajon» deya nido qilib yig‘ladim.
Naq besh oy men hammani bu niyatidan qaytarish uchun kurashdim. Ammo yaqinlarimning bari bir so‘zni dastak qilib olgandi:
— Opaning bolalariga begona ayol onalik qilsinmi? Ularning boshini o‘zing silasang, marhumaning ruhi shod bo‘lardi...
Muslimbek avvalboshdan meni «oyi» derdi. Chunki chaqaloqligidan o‘zim unga qaradim, opam shifoxonada muolajalar olayotganida alla ham aytgan, qornini ham to‘ydirgan men edim. Shungami, yoshidan oshgan go‘dak mendan ayrilgisi kelmas, pochcham uyiga olib ketsa, yana «Oyimga boraman» deb biznikiga talpinardi.
— Oyi, jiyanlarim biz bilan yashay qolishsin. Pochcham istagan payti kelib ko‘radi, olib ketadi uyiga. Mayli, men oila qurmasdan ham ularga qarashga roziman, — dedim vaziyatdan chiqish yo‘lini topgandek bir kuni onamga.
— Murod hech qachon bolalarini bermaydi. Buning ustiga, nevaralarim onasidan ayrilgani etmagandek otasiz o‘sishishini istamayman. Qizim... bu — hayot, uning sinoviga ko‘nmoqdan o‘zga ilojimiz yo‘q... — onam menga boshqa so‘z aytolmadi. Men ham ularga yana nimadir deya olmadim.
Oxiri ko‘ndirishdi... Bir yarim yilda eng suyuklilarim — opamdan va ko‘ngil qo‘yganimdan ayrildim. Rahmatli opam doim «To‘yingda «Xayr, singiljonim!» deya qo‘shiq aytaman! Senga o‘xshab, «Kelin ko‘ylagingizni eching», deya to‘polon qilmayman», deb hazil qilardi. Mening to‘yim ham bo‘lmadi, unda mehribonimga qo‘shiq kuylash ham nasib qilmadi. Bir kunda qarindosh-urug‘larning kattalari jam bo‘lib, pochchamning uyiga olib borib qo‘yishdi.
Mana, qariyb bir yildan beri opamning uyida yashayapman. Buvisi har uyimizga kelganida Muslimaga meni «oyi» deb chaqirishini uqtirgani-uqtirgan. Muslima esa to katta bo‘lgunicha xolasi bu uyda ularga qarab yashab turadi, deb hisoblaydi. Muslimbek onasini eslolmaydi, u uchun oyisi menman. Pochcham... men uni turmush o‘rtog‘im deb ham atolmayman. U esa mendan opamni izlaydi. Topolmagach, xunob bo‘ladi. Bizning na tashqi ko‘rinishimiz, na fe’l-atvorimiz o‘xshash edi. Ikkimiz ikki xil dunyo edik. Tag‘in o‘rtamizdagi o‘n yillik farq ham har qadamda ko‘zga tashlanadi. Men «juftim» deya uning ko‘ngliga yoqish uchun biror harakat qilishga botina olmayman, u ham ayoli sifatida meni qabul qilolmaydi... Eng yomoni, ikkimizning ham ko‘nglimiz o‘zganing dardi bilan yaralangan. U sevib uylangan opamni, men sevgi neligini anglatgan insonimni qo‘msayman... Ammo bu nikohga barham berolmasligimiz ikkimizga-da kundek ravshan.
Chidashdan boshqa choramiz yo‘q... Ba’zida balkim u menga biroz mehribonroq bo‘lsa, kichik xatom uchun ham janjal yasamasdan, tushuntirsa, o‘rgatsa, ko‘nishim osonroq kecharmidi, deb o‘ylayman. Yana kim biladi deysiz... Ota-onamga qo‘shtirnoq ichidagi turmushimdan so‘z ocholmayman, ular katta qizini yo‘qotishgani etmagandek mening ham baxtsizligimga dosh bera olishmasligi aniq. Sabr qilishim, kurashishim lozimgini ham bilaman. Ota-onamni kuygan yuragini tirnamaslik, bag‘rimda «Oyi» deb uyqusidan uyg‘ongisi kelmayotgan bolakayni uyg‘otib yubormaslik uchun ham... Muxlisa esa ana hovliga chiqib olib, qaydandir eshitib yodlab olganini aytayapti:
«Yorilgin, tosh yorilgin,
Men onamni ko‘rayin...»
Ichimda men ham unga jo‘r bo‘laman:
«Yorilgin, tosh yorilgin,
Men opamni ko‘rayin...»
Dardimni kim bilandir bo‘lishgim kelganidangina bu voqealarni hikoya qilib bermadim. Aslida, aytmoqchi bo‘lganim, bu hayotning sinovlari ko‘p ekan, insonlardan eng og‘ir damda ham to‘g‘ri qaror chiqara bilish talab qilinarkan... Gohida biz yaxshi bo‘ladi deb o‘ylaganlarimiz insonni yanada ezishi, baxtdan judo qilishi mumkin ekan. Shuningdek, biz yomon deb o‘ylaganlarimiz ham bir kun yaxshi bo‘lib qolishi hech gapmas. Har holda men endi shunga umid qilmoqchiman...
MUXLISA yozib oldi.
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...