Nasiba ko‘zini to‘yxonaning to‘rt tomoniga yugurtirib erini izlay boshladi. Qani u? Topolmagach, o‘rnidan turdi-da, butun tashvishlarini unutib sho‘x taronaga raqs tushayotganlarni oralab, eshik tomon yurdi. Balkim ko‘chaga chiqqandir degan o‘yda to‘yxonaning oldini ham qaradi. Yo‘q!
To‘y boshlangandan beri ichini kuydirayotgan alam jahlga aylandi-yu tund qiyofada yana qizg‘in davraga qaytdi. Joyiga kelib o‘tirgach, xonandaning ham xonishi tindi, yoshu qari davrani tark etib, joy-joyiga o‘tirdi. Shundagina Nasibaning ko‘zi kuzatayotgan kishisiga tushib, ko‘ngli biroz tinchidi. To‘yxonaning u tomonidagi stolda o‘tirgan «kundosh»i uning alamu qiynoqlaridan bexabar yonidagi ayol bilan gurunglashardi. Shu payt davrada mungli qo‘shiq yangrab qolsa bo‘ladimi? «Faqat u sen emas, u go‘zal boshqa...» «Ozodbekni mashhur qilgan ashula-ku bu!» «Baxt kechasida ham shunday qo‘shiq aytadimi?» «Kimdir buyurtma qildimikan yo?» — ayollarning bu gaplari Nasibaning qalbiga yana shubha bulutlarini quvdi. Birzum tarqagan noxush o‘ylar o‘rnini endi undan-da og‘riqli xayollar egalladi.
«Odil aka qayerda yuribdikan? Ko‘rib, yuragi boshqacha bo‘lib, to‘ydan ketib qoldimikan? Yo u ham hozir shu qo‘shiqni eshitib, o‘yga cho‘mib o‘tirganmikan?» Ikki ko‘zi «kundosh»i tomonda bo‘lgan Nasiba yoniga kimdir kelganini ham payqamay qoldi:
— Nasiba opa, sizni ko‘chada xo‘jayiningiz chaqirayapti? — to‘y egalarining qarindosh qizlaridan biri sekin qo‘lidan tortdi.
Nasiba xo‘p degancha hayron bo‘lib qizga ergashdi.
«To‘yda o‘tirolmagan... Yuragiga qil ham sig‘mayotgan bo‘lsa kerak bu uchrashuvdan keyin?» Alamda yongani sayin erining rang-ro‘yini ko‘rish uchun oshiqdi. Odil esa xotinini ko‘rishi bilan mashinasini o‘t oldirdi. Nasiba eshikni ocha solib, «Tinchlikmi?» deyishi hamon «Ha, o‘tir», dedi. Ayoli jahl bilan old o‘rindiqqa o‘tirgach, gazni bosdi.
— Nima bo‘ldi? Azroyilni ko‘rgandek to‘yda o‘tira olmadingiz? — piching qildi Nasiba.
— Uydan telefon bo‘ldi. Sojidaning mazasi bo‘lmay qolibdi. Shunga seni joyingdan topolmay, o‘zim ketdim.
— Nima? Sojidamga nima bo‘libdi? — Nasibaning butun vujudini endi hadik mahv etdi.
— Ko‘richak bo‘lib qolibdi. Hozir shifoxonada, zudlik bilan operasiya qilishmasa, yorilib ketarkan. Shunga... To o‘ziga kelguncha etib boramiz...
Nasiba qalbini jizg‘anak qilayotgan tuyg‘udan uyalib ketdi. Shifoxonaga borgach esa deraza oldidagi karavotda jilmayib yotgan qizining peshanasidan o‘pgach, qinidan chiqqudek urayotgan yuragi taskin topdi...
***
— O‘n yil yashabdi sho‘rlik xotini bilan. Umid qilishganda. Yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgani uchun zurriyotsiz o‘tmasin deb, qaynota-qaynonasining o‘zlari qizlarini olib ketishibdi. Shunga ham ikki yil bo‘lgan ekan... — momosi so‘z boshlagandi bu mavzuda birinchi marta.
Keyin gapga onasi qo‘shildi:
— Shu, yolg‘iz murodini onasi endi farzand tuqqan ayolga uylantiraman, deyotganmish. Bo‘lmasa, turmush ko‘rmagan qizlarni ham so‘rayotganlar oz-munchami?
Yana obdon o‘sha kishining, onasining ta’rifini keltirishdi. Nasiba hamma gapni eshitib, tushunib o‘tirsa ham, mum tishlab olgandi.
Uch yil umid bilan erini kutdi. «Kelar, kechirim so‘rar, olib ketar», degan o‘yda eshik poyladi. Momosi «Oq sochlarim hurmati tug‘ilmagan go‘dak etim qolmasin», deya qudalarining ostonasiga bosh urib bordi. «O‘g‘limning beli to‘la bola, qiz deganiga esa qiron kelmagan, uylantirib qo‘yaman, tug‘ib beraveradi», degan javobni eshitib boshi xam qaytdi. Ba’zida Nasiba o‘zini ayblardi. O‘lasa qilib do‘pollasa ham chidab o‘tirishi kerak edi... Shunda Sojidaga o‘zining familiyasini berib, tug‘ruqxonadan yum-yum yig‘lab chiqmasmidi?
Sojida ikkiga kirib, tili shirin bo‘lib qolgach, bir kun qizini etakladi-da, erining ishxonasiga yo‘l oldi. Sobiq turmush o‘rtog‘i yastanib o‘tirgan xonaga kirarkan, oyoqlari qaltiradi. Qanday kutib olarkan? Qizining dada deganini eshitib, sapchib o‘rnidan turib quchoqlab olsa kerak?.. Afsus Sojida dada demadi, Sarvar ham o‘rnidan sapchib turmadi. Ona-bolani begonalardek sovuqqina qarshiladi.
— Sarvar aka, yarashaylik. Qarang, qizimizning shirinligini, — Nasiba o‘zida kuch topib zo‘rg‘a shu so‘zlarni ayta oldi, xolos.
— Yarashaylik. Men allaqachon sen bilan qonunan ajrashganman. Chertmaydigan birortasiga erga tegib ketaver... — dedi u qizaloqqa parvo ham qilmay. — Bilagi zo‘r akangga aytsang, o‘zi topib beradi.
Nasiba labini tishlab qoldi. Keyin bu odamdan umid qilish befoydaligini angladimi, qizini dast ko‘tarib chiqib ketdi.
Uyga kela solib, yostiqqa yuzini bosib yig‘lay boshlaydi. Uch kungacha o‘ziga kelolmadi. Axir endi yigirma ikkiga to‘layapti. Shu yoshida ajrashib o‘tiribdi... Tag‘in bir bolasi ham bor. Akasi ham o‘shanda qizishib ketdi. Qizishmay ham bo‘larmidi? Ota-onasining bir o‘g‘ildan keyin besh farzandi nobud bo‘lgan. Nasiba tug‘ilganida hayotdan nasibasi uzilmasin deya uni shunday atashgan va doim qo‘llarida ko‘tarib yurishgan. Qorachiqdek asralgan singlisini hali uylanganiga uch oy bo‘lmagan kuyov ayamay kaltaklasa, kelinchak sho‘rlik qishloqning u boshidan bu boshigacha yalangoyoq yugurgilab kelsa-yu, aka jim o‘tirsinmi? «Yo‘q, homilador ayolining qadriga etmaydigan erkakga yig‘latib qo‘yadigan singlim yo‘q», deb kuyovning yuziga bir musht tushirib keldi. Erkatoyining burni qonaganiga chidolmagan qaynona esa etti mahallaga dod-voy qilib, er-xotinni ajrashtirdi.
Mana, shunga ham uch yil bo‘libdi. Eri ham uylanib ketdi. Olti yil ichida Nasibaga og‘iz solganlar bo‘ldi. Baxtidan bir marta kuygan ayol ikkinchi bor oila qurishni istamay hammani rad qilib o‘tirgandi. Uydagilar ham uning ra’yiga qarashayotgandi. Ammo bu nomzodni negadir rad qilishmadi. Hatto, majburlab uchrashuvga ham chiqarishdi. Oxirgi paytlarda kelinoyisi bilan chiqisha olmayotgan, akam va onamning boshini tashvishga qo‘yib yashayapman, deya hisoblayotgan Nasiba ikkilanib qoldi. Bo‘y-basti kelishgan, o‘zini tutib olgan, bosiqqina Odilning «Qizingizga otalik qilaman», degan so‘zlari ham uni o‘ylantirayotgandi.
Qat’iy qarorga kelishiga esa qizining ko‘zlaridagi yosh sabab bo‘ldi.
— Oyi, oyi, Zuhriddin meni urdi. Ketaylik shu uydan, oyi, — piqillab yig‘lab keldi Sojida yoniga.
— Nega uradi?
— Televizorning pultini «Menga ber», deb urdi. Keyin «Bu televizorni dadam olib kelgan, bu uy ham bizniki, sen o‘zingning dadangning uyida yasha», deb aytdi... Yuring, dadamnikida yashaylik... — besh yashar qizcha uch yil oldin unga nazar ham solmagan Sarvarni eslolmas, bir kun otasi sovg‘a-salomga to‘lib kelib, bu uydan ularni olib ketishiga ishonardi.
— Zuhriddin??? — Nasiba bor ovozida baqirib mehmonxona tomon yurdi. Televizor qarshisida cho‘zilib yotgan jiyanini qanday siltab o‘rnidan turg‘izganini-yu uning ikki qo‘lidan tutib, «Senga bu gaplarni kim o‘rgatdi?» deya yig‘lab urisha boshlaganini o‘zi ham bilmay qoldi. Kelinoyisi kelib, bolasini uning qo‘lidan oldi... Qulog‘i ostida kimdir shang‘illar, qizalog‘i esa «Oyi, ketdik», deya qo‘lidan tortardi.
Ular o‘sha kuni keta olishmadi. Boradigan joy topisholmadi. Akasi ham bunga yo‘l qo‘ymadi. Faqat momosi uni Odil bilan taqdirini bog‘lashga ko‘ndirdi. Bir oydan keyin Sojida kutgan inson — sovg‘a-salomga quchog‘i to‘lgan dada kelib, ularni olib ketdi.
***
Bu voqeaga ham o‘n ikki yildan oshdi. Nasiba yana uch bor onalik baxtini tuydi. Odil qizini o‘z bolasidek ko‘rdi, Sojida ham «dada»siga tez mehr qo‘ydi... Faqat... Nasiba rashk o‘tida yonardi. Eri birinchi ayolidan ko‘ngil uzolmasdi. Ayniqsa, turmushlarining ilk yillari Odil Umida bilan rishtalarni uzishni istamasdi. Goh uning uyigacha borar, goh ishdan chiqishini kutar, bayramlarda ko‘z ochib ko‘rganini esdan chiqarmasdi. Bu gaplar Nasibaning qulog‘iga etib kelar, u o‘zini faqat bola tug‘ish uchungina bu xonadonda kun kechirayotgandek his qilardi. Ustiga-ustak, u turmush o‘rtog‘iga ko‘ngil qo‘ygandi. Muhabbat, rashk va har xil gap-so‘zlar bir bo‘lardi-da, jonini achitardi. Birinchi o‘g‘li tug‘ilgach esa hammasi joy-joyiga tushishidan umid qilayotgan ayolning yuragi yanada tilkalandi.
— Umida shu kunlarni qancha kutgandi-ya... Nega taqdir undan tuhfasini qizg‘andi?..
Hech qachon og‘ziga aroq olmagan erkak bir kech ichib kelib, hovlida o‘tirib yig‘ladi.
Oradan yil o‘tib esa Odilning dahshatli qaroridan xabar topdi. Eri Umidani yana nikohiga olib, u bilan ham yasharmish. Umidaning o‘zi qo‘ng‘iroq qilib Nasibani ogoh qilmasa, u hech narsani bilmay ham qolishi mumkinligidan dili xufton bo‘lib Odilning ishdan kelishini kuta boshladi. Xo‘jayinining mashinasi ovozini eshitgach esa bir bolasi qo‘lida, birini etaklab hovliga chiqdi.
— Qaerga ketayapsizlar? — dedi xotinining salom bermaganini parvoyiga ham keltirmagan Odil Sojidaga quchoq ocharkan.
— Bilmayman! Umida bilan yashashni istasangiz, mana, uy sizlarga! Biz ketamiz, — dadasining bag‘riga otilayotgan qizining qo‘lidan tortib, darvoza tomon yurdi Nasiba.
Odil avvaliga seskanib ketdi. Keyin gap nimadaligini tushundi chog‘i, ayolining ortidan yurdi. Umida uni tinch qo‘ymasa, rafiqasini hammasidan xabardor qilishini aytib ogohlantirgandi. «Oxiri shunday qilibdi-da», o‘yladi Odil.
Shu bilan u sobiq xotinining yoniga qadam bosmadi. To‘rt bolaning otasi bo‘lgach mas’uliyati ham ortdimi, muhabbatini ko‘nglining tubiga ko‘mdi. Biroq Nasibaning ko‘ngli doim notinch. Sal ishdan kech kelsa ham yo qovog‘i uyulgan bo‘ladi, yo qayerda yurganini so‘rab so‘roqqa tuta boshlaydi. Ayolining bugungi yonishlari ham shundan. Uchalasi bir davrada o‘tirganidan o‘zini qo‘yarga joy topolmagan Nasiba bo‘ldi. Vaholanki, Odil ham, Umida ham bir-birini ko‘rgani yo‘q... Bundan bexabar Nasiba hozir ich-ichidan shukrona aytayapti. Eri o‘ylaganidek o‘ziga kundosh sanamishi bilan xufyona uchrashmaganigamas, u Sojidani o‘zining farzandidek yaxshi ko‘rishiga shukr qilayapti...
«Shunchalik yaxshi, bag‘rikeng, Sojida uchun jonini ayamaydigan, men qizimning darddan chulg‘anib yotganini ko‘rsam, ado bo‘lishimni o‘ylab, o‘zi bolajonimning boshida turgan odamni bugun tanidim... U gumonlanishgamas, ishonch bildirishga arziydigan inson...» Tiliga dilidagilarni ko‘chirishga qizidan, hamshiradan xijolat tortgan Nasiba yonida qalqon bo‘lib turgan turmush o‘rtog‘i — oliyjanob insonning qo‘lini mehrla siqib qo‘ydi...
Shoira ShAGIAHMEDOVA
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...