Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi 1-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarga sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etilgani haqida xabar tarqaldi. Bu holat yuzasidan Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy izoh berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, tekshiruvlar davomida 1-son DMTTda faoliyat yuritayotgan oshpazlar ovqat tayyorlashdagi texnologiyalarga rioya qilmagani hamda e’tiborsizligi sabab kechki nonushta uchun tayyorlangan shirin kulchalar (bulochkalar) kuydirib pishirilgani aniqlangan. Bu holat yuzasidan buyurtmachi tomonidan autsorsing korxonasi rahbariyatiga ogohlantirish berildi.
Shuningdek, autsorsing orqali sifatsiz go‘sht mahsulotlari yetkazib berilganligi haqidagi xabar o‘z isbotini topmagani qayd etildi.
Nurobod tuman tibbiyot birlashmasi hamda Sanepidqo‘mita tuman birlashmasi epidemiologi ma’lumotiga ko‘ra, 30-sentyabrdan bugungi kungacha bog‘cha yoshdagi bolalarning oziq-ovqatdan zaharlanishi bo‘yicha rasmiy murojaatlar kelib tushmagan.
Shu tariqa, rasmiy manbalarning ta’kidlashicha, bolalarga sifatsiz mahsulotlar taqdim etilishi haqidagi xabarlar asosli emasligi ma’lum qilingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!