00:57 / 22.09.2017
7 102

Omonat g‘or siri (16-qism)

Omonat g‘or siri (16-qism)
Xalil boyvachcha uyga qaytib kelib, yotog‘iga kirdi-da o‘rniga cho‘zildi. U holdan toygan, o‘ylashga ham madori yetmas, hatto o‘zi yo‘g‘ida Lazokatning nima bilan mashg‘ul bo‘lganini surishtirishni ham istamasdi. Nilufardan uning ko‘ngli to‘q. Katta qizining erta bir kun bir oilaning mehribon, saranjom-sarishtali bekasi bo‘lishiga ishonardi. Biroq kenjasi chatoq, uni jiddiy nazoratiga olmasa bo‘lmaydi. Biroq endi kech bo‘lgani, Lazokat allaqachon odob-axloq doirasidan chiqib ketganidan boyvachcha bexabar edi.

Boyvachcha Berdimurodga bergan topshirig‘ini ham eslamadi va ko‘p o‘tmay dong qotib uxlab qoldi.

Ertalab chug‘urchuqlar chirqirashini boshlamay uyg‘ongan Xalil boyvachcha boshini ko‘tarib qaradi, ko‘zi pishillab beozor uxlayotgan xotiniga tushdi. Shu yotishida Mo‘’tabarni farishtaga qiyos qilsa bo‘lardi. Lekin bu ayolning farishta emasligini, juda ko‘p oqila, mo‘’mina ayollarga poyu patak bo‘lishga ham yaramasligini Xalil boyvachcha yaxshi bilardi. Ammo xotini xuddi hozir — uyqudagiday beozor bo‘lsa qaniydi, degan o‘y kechdi ko‘nglidan.

U to‘shakka qayta cho‘zildi, biroq yotolmadi, negadir yuragi hapriqib o‘rnidan turib ketdi, kerishib, ohista qadam tashlab eshik tomon yurdi. Tovush chiqarib, farishtani yalmog‘izga aylantirib qo‘yishni istamadi.

Zinalarni bir-bir bosib tushayotib, uyga kiraverishdagi katta zalning chirog‘i yoniq qolganini ko‘rdi. “Bular hech iqtisod qilishni bilmaydi. Faqat sarflash bo‘lsa bularga, anavi xizmatkor qaysi go‘rda ekan? Ja, taltayib ketganga o‘xshaydi. Tanobini tortib qo‘yish kerak”. Oxirgi zinaga qadam qo‘yib, eshik tomonga qaradi… bir muddat joyida haykalday qotdi. «Tushimmi, o‘ngimmi?» degan o‘ydan sergak tortdi. Hammasi o‘ngida sodir bo‘layotganini anglab, rangi quv oqarib ketdi. So‘ng bo‘sag‘ada yerparchin bo‘lib yotgan Lazokat tomon yugurdi.

— La… La… Lazokat, — ovozi titrab qizining tepasiga keldi, — qizim, senga nima bo‘ldi?!

Lazokat yuztuban yotar, “qilt” etmasdi. Xalil boyvachcha tizzalari qaltirab cho‘kkaladi va qizining boshini ohista ko‘tardi, shu mahal aroqning ko‘ngilni aynituvchi badbo‘y hidi dimog‘iga urilib, afti bujmayib ketdi.

— Padaringga la’nat! — o‘kirib yubordi boyvachcha qoni qaynab. — Mo‘’tabar, iflos!

Uning o‘kirigidan derazalar zirillab ketdi. Ona-bola o‘rinlaridan sakrab turishganda boyvachcha ovozini yanada balandlatib, Mo‘’tabarxonni onasiga qo‘shib so‘kdi. Nima bo‘lganiga aqli yetmagan Nilufar onasi bilan pastga o‘qday otilib tushdi.

— Qara bunga! — o‘shqirdi boyvachcha. — Yaxshilab qara, itdan tarqagan, qizingni ko‘rayapsanmi?! Sening qizingmi shu?!

— Voy o‘lmasam, voy o‘lmasam! — Mo‘’tabarxon Lazokatni quchoqlab, turg‘azishga urindi. Qizining og‘zidan chiqayotgan hiddan uning ham ko‘ngli aynidi, biroq yuzini chetga burishga eridan qo‘rqdi.

— Oy-i-i… — ming‘irladi hali kayfi tarqamagan Lazokat. — Men qayerdaman, bollar qani?

— Nilu, Nilu, — dedi qo‘rquvdan dag‘-dag‘ qaltirayotgan Mo‘’tabarxon erini Lazokatning og‘zidan chiqqan gaplardan chalg‘itmoqchi bo‘lib, — qarashvor, vannaga olib kiraylik, yuzini yuvsak o‘ziga keladi, — dedi Nilufarga qarab.

Xalil boyvachchaning ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Qizining ne qilg‘iliklarni qilib yurganini endi fahmladi. Yuragi sanchib, tanidan mador ketdi, ortga tisarilib borib devorni ushlab qoldi.

Nilufar onaga ko‘maklashmay, yugurib otasining yoniga borib, uning qo‘ltig‘iga kirdi va turishiga yordamlashdi.

— Qo‘y, qo‘y… — dedi siniq ovozda boyvachcha. — Hozir o‘tib ketadi.

Lekin qizi uni qo‘yib yubormadi, ko‘zidan duv-duv yoshi oqib:

— Adajon, yuring, joyingizga yotqizib qo‘yay, — deya yalindi. Xalil boyvachcha gavdasini idora qilolmay yerga o‘tirib qoldi. Nilufar qo‘rqib ketdi:

— Adajon, adajonim! Sizga nima bo‘ldi?! Ko‘zingizni oching, adajon! — zorlanib qichqirdi qiz.

— Qizim, menga hech narsa bo‘lgani yo‘q, bor, oyingga yordamlash, — dedi boyvachcha nafasini zo‘rg‘a rostlab past ovozda.

Katta qizidan najot bo‘lmagach, Mo‘’tabarxon o‘zi Lazokatni amallab oyoqqa turg‘izib, yuvinish xonasiga suyab olib ketdi. Ko‘zidagi yoshini kafti bilan artgancha, Nilufar onasiga ergashdi.

Ular Lazokatni yuvintirgani yechintirganda Nilufarning ko‘zi singlisining badanidagi ko‘kish dog‘larga tushdi. Nafrati qo‘zidi. G‘azabdan o‘zini boshqarolmay qoldi — Lazokatning yuziga shapaloq tortib yubordi.

— Voy, o‘lmasam! — baqirdi Mo‘’tabarxon. — Bu nima qilganing? Nega urasan? Adangniki kammidi, ikkovlashib bechora qizni o‘ldirlaring! Man buni ko‘chadan orttirib kelganman, ur!

Mo‘’tabarxon ko‘ziga yosh oldi.

— Oyijon, buning badaniga qarang!

— Nima bo‘pti? — Lazokatning yalang‘och yelkalariga ko‘z tashladi Mo‘’tabarxon. — Qizim bechora biron narsaga urilib ketgandir-da, dugonalari bilan bilmay ozgina ichib qo‘ygan bo‘lsa.

— Oyi, yaxshilab qarang, urilmagan, badanida tishning izi bor-ku! Ko‘zingiz ko‘rmayaptimi?!

— Voy, sho‘rim! — birdan ko‘zi olaydi Mo‘’tabarxonning, so‘ng Lazokatning badanidagi ko‘kargan joylarni silab ko‘rdi. Qizining ko‘kragi atrofida sog‘ joy qolmagan edi. Ona «piq-piq» yig‘ladi, keyin Nilufarga yuzlanib:

— Jon qizim, — dedi yolvorib, — adang bilmasin. Hali o‘zimizam bilmaymiz-ku nima bo‘lganini. Bu hushiga kelsin, o‘zim yaxshilab gaplashib olaman.

Nilufar singlisi o‘zidan ko‘ra ulg‘ayib qolganini allaqachon payqagan, onasining hozirgi gaplari shunchaki yo‘liga, ko‘nglini ko‘tarish uchun aytilganini sezib turardi. Vaholanki, Lazokatning oyoq olishini Mo‘’tabarxon bilib ulgurgandi. Bunga Nilufar shubhalanmagani uchun ham singlisini shunchalik yomon ko‘rib ketdiki, qo‘yib bersa hoziroq bo‘g‘ib tashlashga tayyor edi. Nilufar ortiq chidolmadi, g‘azab bilan: “Eshshak!” dedi-yu yuvinish xonasidan chiqib ketdi.

Xalil boyvachcha hanuz o‘tirib qolgan joyida sigareta tutatar, Lazokatga nima bo‘lgani-yu, qizi ne qilg‘iliklarni qilib yurganini anglab yetgan, shu bois, alam bilan sigaretasini chuqur-chuqur tortar, miyasi: “Bu sharmandalikdan qanday chiqib ketish mumkin?” —degan fikr bilan band, o‘zicha reja tuzardi.

— Adajon, — yerdan ko‘zini uzmay pichirladi yoniga kelgan Nilufar, — devorga suyanmang, zax o‘tib ketadi. Yuring xonangizga, o‘zim suyab chiqarib qo‘yaman.

— Kerakmas, qizim. Yaxshisi, sen biror narsa tayyorla, bir nima totinmasam bo‘lmaydi, shekilli.

— Xo‘p bo‘ladi, — dadasining ish buyurganidan quvongan qiz ildam yurgancha oshxona tomon ketdi.

Boyvachchaning niyati boshqa edi. U tong otmasidanoq to‘yib ichgisi, Lazokatning qilmishlarini butunlay unutgisi kelayotgandi. Shunday ham bo‘ldi. Oshxonaga kirib muzlatgichdan ochilmagan aroq shishasini olib, stolga o‘tirdi.

— Adajon, — Nilufar uni qaytarmoqchi bo‘ldi. — Kerakmas, iltimos, ichmang.

— Qizim, men bilan ishing bo‘lmasin. Nima buyurgan bo‘lsam, sen shuni qil, xo‘pmi?..

— Yo‘q, adajon, bu dunyoda yolg‘iz suyanchig‘im o‘zingizsiz. Agar sizga biror nima bo‘lsa, men chidolmayman.

Xalil boyvachchaning mehri jo‘shdi, qizini ohista quchib, yelkasiga boshini qo‘ydi. “Qaniydi, oying ham senday bo‘lganida”, xayolidan o‘tkazdi. “Adam ichish niyatidan qaytdi”, degan o‘yda Nilufar uning qo‘lidagi shishani olmoqchi bo‘ldi, boyvachcha esa qizini qo‘yib yubordi.

— Bor, ovqatingni qil, — dedi qoshi chimirilib zarda bilan.

Otasining ko‘nglidan kechayotgan alamli tuyg‘ularni anglab yetgan qiz endi uni ichishdan qaytarishning iloji yo‘qligini tushundi. Agar boyvachcha hozir aroq ichmasa, qon bosimi oshib, tomirlari yorilib ketishi tayin edi. Faqat hali tong otmasdan otasining ichkilikka qo‘l urayotgani Nilufarni qiynar, shu bois padarining qo‘lidan shishani olib qo‘ymoqchi bo‘lgandi.

Xalil boyvachcha aroqdan ketma-ket to‘rt piyola simirdi. Nilufar bug‘i chiqib turgan ovqat olib kirganida otasining kayfi oshib qolganini ko‘rib ko‘zidan yoshi oqib mo‘ltiradi. Boyvachcha esa qizidan uyalib, boshini ko‘tarolmasdi. Piyolaga yana qultullatib aroq quydi-da, bir ko‘tarishda bo‘shatdi va shundan keyin qoshiq bilan kosani kavlay boshladi. Nilufar otasining ahvoliga ortiq qarab turolmadi, qo‘llari bilan yuzini bekitgancha, yugurib oshxonadan chiqib ketdi.

Yotog‘idan uning yig‘i ovozi chiqdi. Biroq buni na Lazokatni o‘ziga keltirib olib, so‘roqqa tayyorlayotgan Mo‘’tabarxon va na taomdan bir qoshiq og‘ziga solib, chaynashni ham unutgancha bir nuqtaga ko‘zidan yoshi oqib tikilib o‘tirgan Xalil boyvachcha eshitdi.

Nuriddin ISMOILOV


(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (16-qism)