date

O‘zbekiston va Koreya sun’iy intellekt orqali moliya tizimini yangilaydi

O‘zbekiston va Koreya sun’iy intellekt orqali moliya tizimini yangilaydi

Iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan O‘zbekiston moliya tizimini raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etishda xalqaro hamkorlikni faol davom ettirmoqda. Shu maqsadda iqtisodiyot va moliya vazirligida Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Von Do-Yon bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda vazirlik rahbariyatidan birinchi o‘rinbosar Ilhom Norqulov, o‘rinbosar Gulnora Rahimova hamda G‘aznachilik qo‘mitasi raisi Abdulaziz Haydarov ishtirok etdi. Suhbat asnosida davlat xaridlarini to‘liq raqamli tizimga o‘tkazish va moliya-g‘aznachilik jarayonlariga sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Tomonlar ekspertlar o‘rtasida tajriba va bilim almashish mexanizmlarini yaratish, hamkorlikda AI markazlarini tashkil etish va malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Koreyalik mutaxassislar moliya sohasidagi raqamli yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan bo‘lishishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, davlat boshqaruvi jarayonlarida sun’iy intellektdan foydalanishning ilg‘or xalqaro modellari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat innovatsiya va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga kelishib oldi. Vazirlik vakillari ta’kidlashicha, bu qadam moliyaviy tizim shaffofligini oshirish, davlat xaridlarida inson omilini kamaytirish va byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish imkonini yaratadi.

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ushbu yangicha hamkorlik raqamli iqtisodiyotga o‘tishda muhim bosqich bo‘lishi kutilmoqda. Sun’iy intellekt moliya sohasiga kirib kelishi bilan davlat boshqaruvida sifat jihatdan yangi davr boshlanishi ehtimoldan xoli emas.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekiston va Koreya sun’iy intellekt orqali moliya tizimini yangilaydi