Zax o‘raning kasridan ikkala qiz ham isitmalab, a’zoyi badanlari o‘t bo‘lib yonardi. O‘radan tortib chiqarilganda ular holdan toygan, endi bir-birini qo‘ltiqlagancha, Baronga nafrat bilan qarab turishardi.
Ularning aft-angorini ko‘rib Baronning afti bujmaydi. O‘rada qizlar sasib-bijg‘ib ketadi, deb o‘ylagandi. Darmonsizlanib qolgan qizlarni jazolab lazzat topmasligini payqadi u. Axir, ramaqijon tanani burdalashdan ne naf?
— Bo‘lmaydi, — dedi u Hasanga qarab, — bir-ikkita ukol qilinglar-da, o‘raga qaytarib tashlanglar, keyin, biroz jon kirsa, olib chiqasanlar.
Shundan so‘ng yigirma kuncha Baron qizlarni unutdi. Tojikistondagi yumushlari bilan andarmon bo‘lib, vaqt o‘tganini sezmay qoldi.
Bu paytga kelib havo ancha soviy boshlagandi, qizlarga — o‘raning tagiga eski gilam, ustilariga yopinchiq berishdi, biroq tunlari ularning jag‘i jag‘iga tegmasdi.
— Bo‘ldi, — dedi Nargiza, — ortiq chidayolmayman. O‘zimni o‘ldiraman. Bu hayvon qachon terimni shilarkan, deb yotaverish jonimga tegib ketdi.
— Hay… Hay, opovsi, haziyl qiylmang. Xudo bor, — dedi Lola opasiday bo‘lib qolgan qizni quchib, — biyz ketamiyz. Manga ayon.
— Eh, — dedi Nargiza, — ketishimizga hecham ko‘zim yetmayapti. Bu yerdan chiqib ketib bo‘lmasa, anavi itlardan sado chiqmasa! Lekin zo‘r imkoniyatni qo‘ldan chiqardik-da.
— Asti aytmang buni.
— Oyim bechora meni o‘ylayverib adoyi tamom bo‘lgan bo‘lsalar kerak. Oyijonimni shunday ahvolga solib qo‘yaman deb hecham o‘ylamagandim. Ishqilib, jonlari sog‘ bo‘lsin-da.
* * *
…Anbar opani eri tutib oldi, har qalay, jarlik qa’riga qulab, burda-burda bo‘lib ketmadi. “Endi sog‘ qolmasam kerak”, deb u juda qo‘rqqandi… “Erim mening yiqilganimni qayerdan bila qoldi, choy olib kirishim kerak edi unga, o‘zi yo‘limda to‘g‘ri yurolmay qolibman”, xayolidan o‘tdi uning.
— Qayerga borayapmiz? — so‘radi Anbar opa, uchib ketishayotganiga hayron bo‘lib.
— Seni shunday joyga olib borayki, umringda ko‘rmagansan. U yerda tashvish yo‘q, faqat rohat qilib yurasan, — dedi eri unga qarab jilmayib…
— Tavba, yosharib ketibsizmi? Endi uchrashib tanishganimizda qanday bo‘lsangiz, hozir ham shundaysiz, — dedi Anbar opa hayron bo‘lib.
— Sen ham xuddi shundaysan. Lekin buni o‘zing bilmaysan.
— Ey-y! — Anbar opa xavotirlandi. — Bolalar mensiz qiynalib qolishadi-ku, bittasini erga berishim kerak, Boburjon ham uylanadigan bo‘lib qoldi.
— Ularga qayg‘urmay qo‘yaqol. Endi o‘zingni o‘yla.
Eri Anbar opaning ko‘nglidagini aytgandi. Avvallari bir daqiqa bo‘lsin, bolalari xayolidan ko‘tarilmas, qizi yoki o‘g‘li ozgina hayallasa xavotir olar, ular kelgunicha bir joyda o‘tirolmas, dam-badam derazadan tashqariga mo‘ralab qarayverardi. Endi, qiziq, na o‘g‘lining kasalxonada yotgani va na qizining yo‘qolgani uni tashvishga soladi. Uchgani sayin zavqi ortadi. Eri aytgan joyga tezroq yetsam, deydi. Shu bois, eriga mahkam yopishib olgan.
— Avvallari men faqat tushlarimda uchardim, — dedi u eriga, — o‘ngimda hech uchmaganman. Maza bo‘larkan.
Eri unga qarab jilmayib qo‘ydi, lekin javob qilmadi.
Ular ikki yorug‘ va uch qorong‘i hududdan o‘tishdi. Keyin so‘lim bir vodiyga qo‘nishdi. Hammayoq ko‘m-ko‘k, nihoyatda chiroyli bir daraxt atrofga mushk-anbar taratib gullab yotibdi, boshqasida g‘arq pishgan mevalar. Qayerdadir bulbullar sayrar, bir-biridan suluv, oppoq harir ko‘ylak kiygan pariruxsor qizlar raqs tushish bilan andarmon.
Anbar opa mo‘’jizani ko‘rib ko‘zlari qamashib, erining bo‘yniga osildi-da:
— Sizga rahmat, shunday joylarga olib kelganingizga, — dedi.
* * *
Lazokat o‘zi quygan qizil suyuqlikning ustiga yotdi, eti seskanib, ijirg‘andi, afti bujmaydi, biroq u yotishga majbur edi. Ko‘zini yumib o‘zini uxlayotganga solmoqchi bo‘ldi-yu, eplay olmadi. Boshi, birov bolg‘a bilan urayotganday, lo‘qillab og‘rir, ko‘ngli aynib behuzur bo‘lardi.
— I-im! — dedi u to‘zg‘ib ketgan sochlarini g‘ijimlab. — Hozir jonim chiqib ketadi-i! Voy boshi-im!
Berdimurod uyg‘onsin deb u ovozini ko‘taribroq ingrardi. Biroq yonida yotgan yigit uyg‘onmadi, faqat bir yonboshiga o‘girilib, uyqusini davom ettirdi.
— Boshim yorilib ketayapti, suv beringlar, kim bor o‘zi uyda? — ovozini balandlatdi Lazokat, ko‘zi yumuq holda.
Berdimurod ko‘zini ochdi, uning ham boshi tegirmon toshiday og‘ir, lo‘qillab og‘rirdi. U qiz tomonga o‘girildi.
— Voy, boshim! — Berdimurodning qimirlaganini sezgan Lazokat yana zorlandi.
— Nima bo‘ldi? — Berdimurod uning sochlarini silashga o‘zida zo‘rg‘a kuch topdi.
— Bilmadim, boshim yorilib ketay deyapti, biron nima bering ichishga, tomoqlarim qaqrab ketdi, — dedi Lazokat va sekin ko‘zini ochdi-yu, tuyqusdan baqirib yubordi.
— Siz kimsiz?.. Berdimurod aka! Qanday qilib bu yerga kelib qoldingiz, men qayerdaman?!
— Haligi, kechasi… ko‘p ichib qo‘yganga o‘xshaymiz! — dedi hovliqib Berdimurod.
— Siz men bilan qanday… bitta to‘shakda… — qiz o‘rnidan turib ketmoqchi bo‘lib ko‘rpani ko‘tardi-yu, chinqirib yubordi. — Nimalar qip qo‘ydingiz?! Men… Men!.. Nega bu yerga olib keldingiz meni?!
— Lazokatxon!.. Lazokatxon, iltimos, o‘zingizni bosing! Hozir hammasini tushuntirib beraman.
— Nimani tushuntirasiz? Hammasi ma’lum-ku. Men qanday boshimni ko‘tarib yuraman endi?
— Ko‘p ichib qo‘yibmiz… ikkovimizam mast bo‘lib qolib… Siz baribir menikisiz-ku. Baribir men sizga uylanaman-ku… Shuning uchun…
— Oh, Berdimurod aka-a! — qiz yigitning bo‘ynidan quchoqladi.
— Hammasi yaxshi bo‘ladi, mana ko‘rasiz, to‘yni tezlashtirib yuboramiz. Akaning oldiga borib, to‘yni tezlatishni o‘zim so‘rayman.
— Voy, nega endi sizga oka bo‘larkan? Ada bo‘ladi.
— Ey, ha, to‘g‘ri…
— Meni hech qachon tashlab ketmaysiz-a?!
Noz-karashma bilan aytilgan bu gapdan keyin Berdimurod ko‘zini yumib, qizning sochlaridan o‘pdi-da, o‘rnidan turdi.
Uning yuvinish xonasiga kirib ketganini ko‘rgan Lazokat ortidan iljayib qarab turdi-da:
— Nastoyashiy lox! — deya pichirladi.
Ular Berdimurodning muzlatkichida qolgan kolbasa, pishloq bilan nonushta qilishdi. Go‘yo bo‘sh-bayov, dunyobexabar yosh yigit-qizlarday ko‘ngillariga siqqancha kelajak haqida orzu-umidlar qilishdi. Tush qaytganda Lazokat lash-lushlarini yig‘ishtirib uyiga ketdi. U o‘zining makru hiylalaridan mamnun, chehrasida quvonch barq urib turardi.
Nuriddin ISMOILOV
(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)
Manba: hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Google'ning Gemini chatboti foydalanuvchiga o‘lim tiladi