10:30 / 02.10.2017
5 157

Omonat g‘or siri (37-qism)

Omonat g‘or siri (37-qism)
Mo‘’tabarxon chinqirgan ovozdan uyg‘onib ketdi va biroz uyqusirab joyidan turib o‘tirdi. Yo‘lak tarafdan qizining ketma-ket baqirgani eshitilgach, o‘rnidan shosha-pisha turib, eshikka yugurdi.

— Oyijon, oyijon! Adam meni o‘ldirmoqchi, qo‘lida pichoq bor! — o‘kirib yig‘lab yubordi onasini ko‘rgan qiz.

Mo‘’tabarxon qizining bilagidan tutib, hech ikkilanmay pastki qavatga yetakladi va yo‘lakning chirog‘ini yoqdi.

Xalil boyvachcha so‘kingancha inqillab o‘rnidan turdi-da, ko‘pirib ketgan og‘zini kaftining orqasi bilan artdi va og‘ir qadam tashlab, zinaning yoniga keldi. Bungacha Lazokat nima bo‘lganini oyisiga aytib ulgurgandi.

— Nilufar sizga qiz-u, Lazokat o‘gay ekan-da! Men uni ko‘chadan orttirib kelgan ekanman-da, boyvachcha! Qanday tilingiz bordi shunday deyishga?! — dedi eriga tik qarab Mo‘’tabarxon. So‘ng o‘pkasi to‘lib yig‘lab yubordi va qizini ko‘rsatib: — O‘ldirish niyatingiz bor ekan, nima qilasiz uning xonasiga kirib? Mana, o‘zim, o‘z qo‘llarim bilan sizga topshiraman. O‘ldiring! So‘ying! Agar shu bilan ko‘nglingiz taskin topsa!

Xalil boyvachcha pastda ko‘zlari nafratdan yonib qarab turgan xotiniga qaradi, biroq bir so‘z demadi. Qo‘lidagi pichoqni otib yubordi-da, zinaga suyangancha cho‘k tushib o‘tirib qoldi.

Mo‘’tabarxon erini shashtidan tushirganiga ishonch hosil qilib, battar javray boshladi. Biroq bu gaplar endi Xalil boyvachchaning qulog‘iga kirmas, u esi og‘gan odamday o‘zi bilan o‘zi gaplashardi.

— Oyijon, — dedi biroz o‘ziga kelgan Lazokat, — boshim aylanayapti.

— Tinchlikmi, qizim? — Mo‘’tabarxon Lazokatga boshdan-oyoq razm solib, uning oyog‘idan oqayotgan qonni ko‘rib, yuragi o‘ynab ketdi. — Oyog‘ingdan qon oqayapti-ku! Voy, men o‘la qolay, voy sho‘rim! He, ota bo‘lmay har balo bo‘lgur!

Mo‘’tabarxon talvasaga tushib ichkiyimini yechdi-da, shart ikkiga bo‘lib, qizining oyog‘ini bog‘lashga tushdi. Og‘zidan esa oq it kirib qora it chiqar, jag‘i tinmay erini qarg‘ardi. Qarg‘ishlarini boyvachcha eshitmas, butkul holdan toygan, buning ustiga, ichgan arog‘iga uyqu dori qo‘shilgani uchun yoniga ag‘anagancha xurrak otardi.

Qizining yarasini bog‘lab, Mo‘’tabarxon boshini ko‘tarib eriga qaradi. Boyvachchaning xurrak otayotganini ko‘rib, tag‘in qarg‘andi va qizini mehmonxona tomon yetakladi:

— Shu yerda eshikni qulflab uxlaymiz. Agar go‘ringda to‘ng‘iz qo‘pgur uyg‘onib qolsa, seni tinch qo‘ymaydi. Og‘zingdan qoning kelgurga nima yomonlik qilibsanki, sen bechorani o‘z holiga qo‘ymaydi?.. Hali tong otsin, boshqacha gaplashib qo‘yaman u bilan!

— Oyijon, — dedi Lazokat siniq ovozda, — ya ne mogu. Ketaman!

— Qayerga borasan shu mahalda, qizim?

— Berdimurod akamning yonlariga.

— Yo‘… Yo‘q… U yoqqa sirayam bora ko‘rma. Shu ahvolda borsang u nima deb o‘ylaydi? Undan ko‘ra ertalabgacha uyda o‘tir. Keyin biror chorasini toparmiz.

— Bo‘lmasa, Gulinikiga boraman. O‘sha yoq tinchroq.

— Sharmanda bo‘lamiz, qizim. Seni bilaman-ku, ichingda gap turmaydi…

— Oyi, bunaqa yashagandan ko‘ra sharmanda bo‘lgan ming marta afzal, hamma bilib qo‘ysin, adamning qanaqa odamligini!

— Adang judayam kerakli odam, ayniqsa, sen bilan menga. Baxting ochilishiga kerak. Shuning uchun hozircha jim turaylik. Keyin bir gap bo‘lar. Eson-omon seni uzatib olay… Ovqatni Nilufarning o‘zi qilganmidi? — nimadir esiga tushib qolganday qiziga sinovchan qaradi Mo‘’tabarxon.

— Bilasiz-ku… Men qilgan ovqatni og‘ziga olmaydi, oyimcha… O‘lib ketganida qutulardim bitta mashmashadan, — labini burdi Lazokat.

— Unaqa dema, qizim. Yaxshimi-yomonmi opang bo‘ladi. Erta bir kun bir-birlaringga suyanasanlar, — beozor koyidi uni Mo‘’tabarxon.

— Ko‘chadagi lo‘lilarga ishim tushsa tushsin-u, lekin o‘sha chayonga tushmasin! O‘zi yomon-da, ana, jazosini olib yotibdi! — Lazokat hali-beri hovuridan tushadiganga o‘xshamasdi.

— Bo‘ldi qil! — o‘shqirdi qiziga qattiqroq gapirmasa bo‘lmasligini tushungan Mo‘’tabarxon. — O‘zing ham aybdorsan!

— Endi siz ham uning yonini olayapsizmi, oyi?! Men bechora bu uyga begona ekanman-da! — piqillab yig‘lashga tushdi Lazokat.

Mo‘’tabarxon gapirganiga pushaymon bo‘lib, qizini yelkasidan quchgancha mehmonxonaga olib kirdi va ichkaridan eshikni qulfladi. So‘ng Lazokatni divanga yotqizib, o‘zi gilamga cho‘kkancha qizi yotgan divanga boshini suyadi. Ko‘p o‘tmay taloto‘pdan charchagan ona-bolani uyqu elitdi…

O‘tirgan joyida mulgigan Mo‘’tabarxon belining og‘rig‘iga chidolmay erta uyg‘ondi. Tungi janjal yodiga tushib, shoshib ortiga qaradi-yu, toshdek qotdi: Lazokat joyida yo‘q edi. “Erim yana keldimikan?” degan o‘ydan qo‘rqib titrab ketdi.
* * *
Berdimurod yoniga ikkita yigitini olib, Bobur yashaydigan ko‘p qavatli uyga bordi va tepaga ko‘tarilmay biroz atrofni kuzatdi. Allaqanday begona yigitlarga ko‘zi tushib, ko‘ngliga shubha oraladi. Sheriklariga sekingina: “Ketdik, keyinroq kelamiz”, deb katta ko‘cha tarafga yurdi. Ko‘chaning ikki tarafi savdo rastasi ekan, Berdimurod yigitlarini pivoxonaga boshladi. U yerda uch-to‘rtta piyonistadan bo‘lak hech kim yo‘q edi.

— Bizbop joy ekan, — dedi yigitlardan biri Berdimurodga iljayib. — Yaxshilab pivoxo‘rlik qilmaganimga ming yil bo‘ldi-yov.

— Hozir men senga pivoxo‘rlik qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman! — o‘shqirdi ko‘ngliga qil sig‘mayotgan Berdimurod.

— Hech bo‘lmasa bittadan icharmiz. Odam rosa chanqab ketdi.

Uchovlon bir shishadan pivo ichishdi. Ishtahalari ochilib ketgan esa-da, ezilib pivoxo‘rlik qilishning mavridi emasdi. Berdimurod besaranjom, ignaning ustida o‘tirganday tipirchilar, Boburga meros qilib qoldirilgan tilla uning oromini butkul o‘g‘irlagan edi. U “Turaylik”, deb endi og‘iz juftlaganida sotuvchi bilan qirq beshlarni qoralagan odamning suhbati qulog‘iga chalindi.

— Padaringga la’nat, Boburni shu uydan ko‘chirib yubormasak bo‘lmaydi-yov, — hasrat qilardi peshtaxtaga suyangan erkak. — O‘zi yaqinda avariya bo‘luvdi. Keyin opasi qayergadir yo‘qolib qoldi. Onasini mahalla bir amallab ko‘mdi. Qo‘shnilarning gapiga qaraganda, qiz topilibdi. Qiz bo‘lib topilganmi, juvon bo‘libmi, u yog‘ini xudo biladi. Lekin domimizning atrofidan allaqanday shubhali odamlar arimay qoldi. Qachon qarama, o‘zini shunchaki aylanib yurganga solib, Boburning uyiga qarab-qarab qo‘yadi. Demak, bir gap bor… Mahallaga bormoqchiman. Shu bolani boshqa yoqqa ko‘chirib yuborsin, biz ham tinchgina yashaylik.

Berdimurod o‘zining sezgirligidan xursand bo‘lib ketdi. U haligina Bobur yashaydigan uyning yo‘lagidan qaytgan, ichkariga kirishga oyog‘i tortmagandi. Mana, endi hammasi ravshan. Hozir pivo ichib dadillanib, to‘g‘ri o‘ljasi tomon bormoqchi bo‘lib turgandi. “Ta’ziyadan keyin bu yerga birinchi kelishimiz. Demak, bu odam biz haqimizda gapirmayapti. Agar Boburga kelganimizni ko‘rganida, hozir shu yerdaligimizni bila turib, bu gaplarni sotuvchiga gapirmagan bo‘lardi. Demak, boshqa odamlarning ham unda qandaydir qiziqishi bor. Buning tagiga yetmasdan turib ishni boshlab bo‘lmaydi”, degan xulosaga keldi Berdimurod va yigitlariga:

— Boshqa payt kelamiz, — deya o‘rnidan turdi.

Shu kuni u Xalil boyvachchaning yoniga bormadi, chunki topshiriq bajarilmagan, boyvachcha uni qo‘rqoqqa chiqarishi tayin. Baxtiga boyvachchaning o‘zi ham qo‘ng‘iroq qilmadi.
* * *
Xalil boyvachcha badani junjikib, suyaklari qaqshab uyg‘ondi. Qayerda uxlab qolganini anglab yetgach, asabi o‘ynadi: “Nonxo‘rlikdan boshqasiga yaramaydigan ifloslar, hech qursa boqqanimning hurmati ustimga birorta ko‘rpacha yopib qo‘yishsa o‘larmidi?” U alam bilan ming‘irlagancha zina suyanchig‘iga tayanib o‘rnidan turdi. Shu mahal xotinining chinqirgan ovozi eshitildi:

— Lazokat, qizim!

— He, onangni… — so‘kindi boyvachcha va gavdasiga yarashmagan chaqqonlik bilan ildam yurib birinchi qavatga tushdi. — Nima deb o‘kirayapsan, hayvon?! — xotinining tizzasiga shapatilab sannayotganining ustidan chiqib tag‘in kayfiyati buzildi.

— Qizim yo‘q! Qayerga gumdon qildingiz?! — Mo‘’tabarxon eriga chaqchaydi.

— Onangnikiga, tushundingmi?! — mushtini do‘laytirib xotiniga yaqinlashayotgan boyvachcha eshik qo‘ng‘irog‘ining ustma-ust jiringlaganidan ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi. — O‘chir ovozingni! O‘zi biron joyga ketvorgandir. Men uni ko‘rganim yo‘q. Hozir turdim o‘zi, — Xalil boyvachcha eshikka yo‘naldi. U xizmatkorga: “Avval so‘ra, kim ekan?” deb tayinlamoqchi edi. Biroq ulgurmadi, xizmatkor darvozaning kichik tabaqasini ochgan va… besh-oltita barzangi yigit darvozaxonaga kirib bo‘lgandi. Ular gap-so‘zsiz avval xizmatkorning, keyin hali og‘iz ochishga ham ulgurmagan Xalil boyvachchaning qo‘llarini kishanlashdi. Keyin cho‘ntaklaridan hujjatlarini chiqarib ko‘rsatishdi va ularning qamoqqa olinganini aytib, uyni tintuv qilishdi.

Xalil boyvachcha panjara ortiga o‘tayotib, tergovdan ikkita militsioner qurshovida chiqib kelayotgan Baronga ko‘zi tushdi.

— Bularning bari sening ishing ekan-da, hayvon, — dedi u g‘azab bilan Baronga.

Baron iljaydi, lekin lom-mim demadi.

Tushga yaqin Xalil boyvachcha so‘roq qilinayotganida uning bo‘lg‘usi kuyovini ham olib kelishdi…
* * *
O‘ziga tegishli xabarni eshitib, Lola yotgan joyidan turib ketdi. Uning yuragi hapriqardi.

— Ayting, — dedi u sabri chidamay.

— O‘zingizni qo‘lga oling, — dedi Mirkomil bosiqlik bilan. — Baron qo‘lga olinayotganida lo‘li mahallaga borib surishtirdik. Sizning ota-onangiz bilan gaplashdik. Ularning gaplariga qaraganda, sizni chaqaloqligingizda topib olishgan ekan.

— Niyma?! — lo‘li qizning ovozi titrab chiqdi.

O‘sha lahzada uning yuzidan bir-biriga zid juda ko‘p ma’noni uqish mumkin edi. U o‘zini uzoq vaqt azoblab kelgan savollarga javob topganday edi. Javoblar ortidan tag‘in savollar kelib chiqar, ular bari qizni qiynar, battar azoblardi.

— Xafa bo‘lmang-u, lekin aytishga majburman. To‘g‘risi, ular sizni topib olishmagan, belanchakdan o‘g‘irlab ketishgan. Eski shahardan. Hozir u yerlar buzilib ketdi, o‘rniga ko‘p qavatli uylar tushgan.

Lolaning o‘pkasi to‘lib ketdi, yuzini bekitib, sochini g‘ijimlab tinimsiz yig‘ladi. U xursandligidan yig‘layaptimi yoki xafaligidanmi — bilib bo‘lmasdi.

— Hali… hali hammasi joyiga tushib ketadi, — taskin berdi Lolaga qo‘shilib yig‘layotgan Nargiza. — Topamiz. Ota-onangni, albatta, topamiz.

— Xavotirlanmang, — Mirkomil gapga qo‘shildi. — Sizlar kasalxonadan chiqqunlaringcha biz Bobur ikkalamiz ota-onangizni topib qo‘yamiz.

U garchi ishonch bilan gapirgan esa-da, gaplari taskin berish uchun aytilganday chiqdi. Buni Mirkomilning o‘zi ham sezdi. Qizlar esa uning gapiga e’tibor berishmadi.

Qayg‘u bilan xursandchilik qorishgan xonada ular jim qolishdi. Oradan biror besh daqiqacha o‘tib yuragi siqilgan Mirkomil stolini eshikning yoniga surib, boshini xam qilib oldi. U o‘rnidan turib, chiqib ketganida ham birov undan “Nega ketayapsan?” deb so‘ramasdi. Ammo uning ketgisi kelmas, qandaydir ko‘zga ko‘rinmas rishta uni xonadagilar bilan bog‘lab turardi.

Qo‘lida ichi to‘la selofan xalta bilan Bobur kirib kelishi bilan xonadagi jimlik buzildi.

— Nima bo‘ldi? — ularning o‘tirishini ko‘rib xavotirlandi Bobur qo‘lidagi xaltalarni yerga qo‘yarkan.

— Xursandchilik, — dedi Nargiza ko‘zida yosh bilan. — Kel, ukajonim.

Bobur opasining karavotiga o‘tirdi, Nargiza uni quchoqlab o‘pdi:

— Biz ham endi odamga o‘xshab yashaydigan bo‘ldik. Bilasanmi, Lola lo‘li emas ekan! — dedi ko‘zlari quvonchdan porlab.

— Yo‘g‘-e! — hayratini yashirolmadi Bobur. — Qanaqasiga?

Nargiza: “Siz ayting”, degandek Mirkomilga yuzlandi. Yigit kulimsirab qizlarga aytgan gaplarini takrorladi.

— Zo‘r-ku! — Bobur Lolaning yoniga borib, uning qo‘lini ushladi. — O‘zim ham hech ishonmasdim sizning lo‘liligingizga.

— Endiy qandoq onamniy topaman? — ko‘zida yosh bilan jilmaydi Lola.

— Topiladi. Mana ko‘rasiz. Bu yangilikni yuvish kerak.

— Hozircha, — dedi Nargiza kulib, — Mirkomil akam bilan birga bayram qilib turinglar, biz keyinroq qo‘shilamiz.

Nargizaning “Mirkomil akam” degani yigitni entiktirib yubordi. U ko‘zlari chaqnab qizga qaradi. Nigohlar uchrashganda Nargiza qizarib, ko‘zini olib qochdi…

Nuriddin ISMOILOV

(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (37-qism)