10:21 / 09.01.2018
7 018

Jar yoqasida ochilgan sir...

Jar yoqasida ochilgan sir...
— Uka, Xudo sizga sabr bersin, shifo bersin, bardam bo‘ling!
Kechadan beri endi ko‘zlarini ochgan Nurbek shifokorning gaplari ayqash-uyqash bo‘lsa-da, allanimalarni ilg‘agandek bo‘ldi.
— Bolam qani, xotinim qani? — dedi arang.
— Bolangiz hozir ancha yaxshi, faqat…
— Nima faqat?
Shifokor u yog‘ini gapirolmadi, tiliga og‘ir keldi. Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, xotini omonatini topshirgan ekan. «O‘g‘lingiz ancha yaxshi» degani «Endi yurolmaydi, aravaga mixlanib qoladi», degani ekan.
* * *
Nurbek qayta uylanmadi. «Bolam o‘gay ona qo‘lida qolmasin», dedi. «Birda bilishim, birda bilmasligim mumkin. O‘gay, baribir, o‘gayligini qilishi mumkin», dedi. Xullas, uni uylantirishning iloji bo‘lmadi.
Qishloq odatlariga muvofiq, bir kuni unikiga qo‘ni-qo‘shnilar oqsoqolning rahnamoligida kirib kelishdi.
— Bandasiga yozilgan bu, Nurbek, chidaymiz. Ammo butun umr aza tutib o‘tolmaysiz-ku. O‘zingizni o‘ylamasangiz ham bolangizni o‘ylang. O‘n yashar bola… — dedi oqsoqol.
— O‘n bir, — qaysarlik qildi Nurbek.
— Sen bizga o‘yin qilyapsan, Nurbek. Ammo hayotni o‘yin bilma! Ko‘zingni kattaroq och!
— Uylanmayman! — ko‘kragiga mushtladi Nurbek. — Uylanmayman!
— Aka, — dedi hatto oqsoqoldan ham naf chiqmagandan so‘ng Nurbekning ukasi gapga aralashib, — kelinoyimning vafotiga ham bir yildan oshdi. Uylansangiz bo‘ladi…
— Nima?! — ukasining yoqasidan oldi aka. — Hali sen shuning uchun paysalga solyapti deb o‘ylaganmiding?! Endi xafa bo‘lsang ham haqiqatni aytay, men o‘g‘limni o‘gay onaga turtkilatib ulg‘aytirmayman.
Nurbek o‘rnidan turib, ketmonni devorga suyab qo‘ydi. Yig‘ilganlarda boshqa gapga hojat qolmadi va sekin tarqala boshlashdi.
Nurbekning xavotirlarida asos bor edi. To‘rt yil muqaddam kelini og‘ir xastalikdan vafot etgandi. O‘shanda ham qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ o‘rtaga tushib ukasini qayta uylantirishdi. Ammo go‘dakka ko‘krak bermagan ayolning bolaga mehri bo‘lmaydi, deganlari rost chiqdi. O‘gay ona ukasining o‘g‘liga, Elmurodga onalik qilmadi, mehr bermadi. U Elmurodni turtkilagani turtkilagan edi. Ukasi uzzukun ishda bo‘lgani bois uyda bo‘layotgan voqealar borasida bilganidan bilmagani ko‘p edi. O‘gay ona hatto qaynonasini ham pisand qilmadi. Inobat xolaga qovoq ochmas, gapiga quloq osmasdi. Kamsitgani kamsitgan, o‘ksitgani o‘ksitgan edi.
Nurbek ukasi Elbek bilan yonma-yon ikkita hovlilarda yashashsa-da, ammo mehr-oqibatga soyasi tushmasin, deb o‘rtadagi devorni olib tashlashgan edi. Shuning uchun u yoqda nima bo‘layotgani bu yoqqa, bu yoqda nima bo‘layotgani u yoqqa sir emasdi. Shaharning uylariga o‘xshab bu yerda yo‘talsang, u yerga eshitilib turardi. Shuning uchun hammasini ko‘rib-bilib, his etardi Nurbek. Ammo ko‘rish-bilish yetarli emasdi. Nurbek ularning oilasiga aralasholmas, oriyati yo‘l qo‘ymay, doim istihola qilib yurardi. Uning qo‘lidan kelgani faqat o‘gay ona yoki kelin dastidan onasini qutqargani, har xil bahonalar topib o‘zining hovlisiga ko‘chirib o‘tgani bo‘ldi.
Bugun bo‘lsa… Bir paytlari ukasining boshiga tushgan savdo o‘zining boshiga tushib turibdi. Nahotki, uni ham jonidan to‘ydirib, so‘ng, baribir, uylantirishsa. Nahotki?! U Elmurod ko‘rgan kunlar Dilmurodning ham boshiga tushishiga jim qarab turolmasdi, ana shundan hayiqayotgandi.
U uylanish haqidagi qiyin-qistovlarni paysalga solib yuraverdi. O‘zi sigir sog‘ib, o‘zi supur-sidir qildi. O‘zi ovqat qilib, o‘zi idish-tovoqlarni yuvdi. Bolasiga o‘zi bor mehrini berib, o‘zi yuvib-tarab, o‘zi kiyintirdi. Sog‘lig‘i nuqul pand berishiga qaramay, Inobat xola o‘g‘li va nabirasiga madad bo‘lib turdi. Hash-pash deguncha tag‘in ikki yil o‘tib ketdi. Shuncha vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, Inobat xola nabirasining tushkun holatidan siqilar, ich-ichidan unga achinib ketardi. Sho‘rlik, mushtdekkina bolani u tomondan onasidan judo qolgani, bu tomondan esa nogironlar aravachasida bir umr qolib ketishi xavfi ezar, boyaqish kundan kunga rangi so‘lg‘inlashib, umidsizlikka tushib qolayotgandek edi. Xullas, Dilmurod o‘zini, boshqalar esa uni o‘ylab borgan sari o‘zini oldirib qo‘yishayotgandi, toki…
Dilmurod uchun enaga yollandi. Xadicha ismli ayol har kuni unikiga kelib, xizmatini qilar, dars o‘tar, qo‘lidan kelganicha ko‘mak berardi. Dilmurod darslarni yaxshi o‘zlashtirdi. Borgan sari o‘qishga ixlos qo‘yib, savodi osha boshladi. Keyinchalik Xadichaning Dilmurodga mehri tushib qoldi. Endilikda u asosiy vaqtini Dilmurod bilan o‘tkazadigan bo‘ldi. Uni tez-tez shifokor dugonasining yoniga olib borib, maslahatlar, ko‘rsatmalar olardi. Bora-bora odamlar umuman Dilmurodni Xadichasiz ko‘rmay qo‘yishdi. Qachon va qayerda bo‘lishmasin, Xadicha Dilmurodning aravasini itarib yurar, yonidan bir qadam ham jilmasdi. Hatto dam olish kunlari ham Dilmurodddan bir yosh katta bo‘lgan qizi Munisa bilan ularnikiga kelar, Munisa bilan Dilmurod apoq-chapoq bo‘lib ketishgandi.
Uydagi bunday mehr-oqibatni ko‘rib, Nurbekning bittadan armonlari o‘la boshladi. U yana shodlik osmonida parvoz eta boshladi.
Inobat xola nabirasining yuziga rang, ko‘ziga nur qaytganidan, har kungi xush kayfiyatidan xursand bo‘lib yurgan kezlari birdan miyasiga bir fikr kelib qoldi. Qo‘shni ayollar yordamida Xadichani surishtira boshladi. Erining vafotidan so‘ng qaynukalari akasining hovlisiga ega chiqib, uni ota uyiga jo‘natib yuborishgan. Keksa ota-onasi va 12 yoshga to‘lgan Munisasidan bo‘lak hech kimi yo‘q, ammo oqila bir ayol ekan. Inobat xola Xadichani kelin qilishni diliga tugib qo‘ydi.
Bir kuni ko‘chada qo‘shnilar bilan gaplashib o‘tirgan Inobat xolaning ko‘zi bexosdan Dilmurodga tushdi. U gujum ostiga o‘rnatilgan aravachada kitob ochib o‘tirar, ammo, aslida, kitob o‘qimayotgandi. Ko‘z qiri ko‘chadagi bolalarda edi. Qaysidir ona o‘g‘li bilan bozordan qaytyapti, yana biri qizchasini bog‘chadan olib kelyapti. Inobat xolaning dili xufton bo‘lib, ruhi cho‘kib qoldi. Kechqurun o‘g‘li ishdan kelganida uning yana uylanishi haqida og‘iz ochdi. Bu haqda eshitishi bilan Nurbekning avzoyi buzildi.
— Kerakmas, uylanmayman, — dedi gapni cho‘rt kesib.
— Senga xotin kerak bo‘lmasa, menga kelin kerak. Senga xotin kerak bo‘lmasa, Dilmurodga ona kerak. Uylanasan, vassalom.
— Ena…
— Ena dema, senga ena ham kerakmas!
Inobat xola yostiqni o‘g‘li tomon itardi-da, o‘rnidan turdi.
Bir kuni Nurbek toqqa, oilaviy dam olishga chiqish haqida gap ochib qoldi.
— Mayli, — dedi Inobat xola.
Ertasiga Xadichaga xabar jo‘natdi. «Nabiraginamga mas’ulsiz, albatta, borishingizni istayman, buyruq bu», deya zo‘rlab uni ham olib ketadigan bo‘ldi.
Dam olish maskani. Butun tevarak kaftdek ko‘rinadi. Yam-yashil o‘tloqlar, cho‘nqayib o‘tirgan odamga o‘xshash viqorli tog‘lar…
Xadicha bilan Inobat xola das-turxonga tayyorgarlik ko‘rayotgan, Nurbek shu yerdagi boshqa mehmonlar bilan otamlashib o‘tirgan mahal Dilmurod bilan Munisa tog‘ yonbag‘irlarini tomosha qilish uchun ketishdi. Buni Dilmurod istadi. U bir yarim yildan beri uyida bo‘lib kelayotgan qiyin-qistovlarga, ertangi kunga bo‘lgan gumonlarini oydinlatib olishni niyat qilgandi. Shundoq adirlikka ko‘tarilishganida aynan anchadan beri ko‘nglini siquvga olib yurgan savolga javob topish uchun birinchi va oxirgi qadamni qo‘ydi. Yagona qadam…
Munisaning bidir-bidir gapirayotgani Dilmurodga qo‘l keldi. O‘zi bilan o‘zi ovora ekanidan foydalanib, qizni chalg‘itdi. Aravachasini qiyalik tomon burib, tugmani bosdi. Aravacha pastga qarab o‘qdek otila boshladi. Dilmurodning ovozi chiqmay qolganiga ajablangan Munisa yoniga qaradi-yu, qiyalikdan pastga sho‘ng‘ib borayotgan nogironlar aravachasini va yordam so‘rab baqirayotgan Dilmurodni ko‘rdi. So‘ng o‘zini pastga qarab otdi. Yugurdi, yuguraverdi… Oyog‘idagi poyabzali yechilib ketganida ham, yerdagi har xil narsalar oyog‘iga sanchilib qonata boshlaganida ham, yiqilib tushib tizzasi zirqiray boshlaganida ham, yuz-ko‘zini, yelkalarini yo‘l-yo‘lakay shox-shabbalar, butalar timdalab tashlaganida ham, hansirab qolganida ham yuguraverdi. Ammo foydasi bo‘lmadi, baribir. Munisa qoqilib tushganidan so‘ng yiqilgan joyidan boshini ko‘tarib Dilmurod tomonga qaradi. Arava jarlikka yetay-yetay deganda to‘xtaganini ko‘rib, chuqur nafas olib qo‘ydi. Keyin sakrab o‘rnidan turdi-yu, Dilmurodning yoniga qarab chopdi.
Zum o‘tmay Nurbek bir necha hamrohlari bilan yetib keldi va keliboq o‘g‘lini quchoqlab oldi.
— Yaxshimisan, o‘g‘lim, hech qayering lat yemadimi? Hech qayering og‘rimayaptimi, qo‘rqib ketmadingmi?
— Tinchlaning, dada, hammasi yaxshi, — dedi Dilmurod ishsha-yib.
— Bolajonim…
Nurbek o‘g‘lini tag‘in quchoqlab oldi.
— Aravani qanday to‘xtatganingni aytib ber!
Hamma ovoz kelgan tomonga qaradi. Ko‘pchilikning ortida, shilinib, qonab ketgan barmog‘ini shimib turgan Munisa Dilmurodga qarab turardi. Hech kim hech narsani tushunmadi. Buni sezgan Munisa Nurbekka o‘girildi:
— U jarlikka yetay-yetay deganida aravani o‘zi to‘xtatdi, amaki. Shundoq oyog‘ini ko‘tardi-yu, yerga tirab, aravani to‘xtatdi. Men ko‘rdim!
Nurbek ham, boshqalar ham hangu mang bo‘lib, angraygancha endi Dilmurodga qarashdi. Dilmurod o‘ng‘aysizlandi. O‘zini ayb-dor his etib, boshini quyi soldi. Bir muddat shu alfozda o‘tirgach, qaddini tikladi. Shartta oyog‘ini yerga olib, o‘rnidan tura boshladi.
— Iye… Sekin, sekin, ehtiyot bo‘l!
Nurbek shosha-pisha o‘g‘li tomon egildi. U Dilmurod hozir yiqilib tushadi, deb o‘ylab, uni suyab qolmoqchi edi. Ammo Dilmurod yiqilmadi, aksincha, xotirjam tik oyoqda turgach, dadasiga yuzlandi:
— Yura boshlaganimga ikki oycha bo‘lib qoldi, dada.
— Nima?!
Nurbek o‘g‘lining gapiga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmasdi.
— Nega aytmading shu paytgacha? — deya oldi u arang.
Dilmurod bir yutinib oldi-da, qilmishini oqlashga tushdi:
— Doim uydagi janjallardan, amakim bilan buvimning nasihatlaridan so‘ng siz qanday qarorga kelishingiz haqida o‘ylardim. Agar o‘gay ona deganlar Muhiddinning yoki Elmurodning onasiga o‘xshagan bo‘lsa, hech qachon onam bo‘lmasin, deb o‘ylardim. Siz uyga ona olib kelsangiz, meni hozirgidek yaxshi ko‘rmay qo‘yasiz, mendan uzoqlashib ketasiz, deb o‘ylagandim. Kechiring, dada!
Nurbek farzandining ichki dunyosini, nimalarni his etayotganiyu nimalarni o‘ylayotganini to‘liq tushundi. Tizzasi bilan o‘tirib olib, o‘g‘lining yelkalaridan tutdi-da, o‘ziga qaratdi.
— Seni xafa qildirib qo‘yarkanmanmi, bolam? — dedi tili bazo‘r aylanib. — Seni hech kimga xo‘rlatib qo‘ymayman. Axir hammasiga aytganman-ku men uylanmayman, deb.
— Yo‘q, yo‘q, siz meni tushunmayapsiz, dada, — norozi bo‘ldi Dilmurod. — Xadicha xolam juda yaxshi ayol. Aynan xolamning urinishlari bilan mana bugun qarshingizda tik turibman-ku. Qolaversa, endi singlim ham bo‘ladi. Menga doim mehribonlik qiladigan singlim.
Nurbek Munisaga qaradi. Uning ko‘z oldida boyagina Munisaning jon berib baqirganlari, Dilmurodni asrash uchun har nega tayyor ekani xuddi kino tasmasidek o‘ta boshlagandi…

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Jar yoqasida ochilgan sir...