date

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarni rasmiylashtirish bo‘yicha yangi tartib...

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarni rasmiylashtirish bo‘yicha yangi tartib...

O‘zbekistonda qurilish uchun ajratilgan yerlarning maqsadli va qonuniy foydalanishini ta’minlash, shuningdek, fuqarolar tomonidan barpo etilgan uylar va inshootlarni yagona tartibga solish maqsadida yangi mexanizm joriy etilmoqda. Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayyorlangan qaror loyihasida, o‘zboshimchalik bilan qurilgan obyektlarni ham qonuniy hisobga olish va rasmiylashtirishning aniq qoidalari belgilangan.

Hujjat “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, unda bir qator muhim yangiliklar nazarda tutilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, ishchi guruhlar tomonidan barcha turdagi ko‘chmas mulklar bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkaziladi. Bu jarayonda yer egalari tomonidan ariza topshirish talab etilmaydi — tekshiruvlar to‘liq davlat tashabbusi bilan amalga oshiriladi. Aniqlangan qurilishlar, xususan, ajratilgan yerda o‘zboshimchalik bilan tiklangan uy va inshootlar haqidagi ma’lumotlar maxsus “E’tirof” axborot tizimiga kiritiladi.

Shuningdek, Kadastr agentligi tomonidan qurilishiga ruxsat berilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlar belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Agar xatlov jarayonida qonuniy bo‘lmagan qurilishlar aniqlansa, fuqarolarga uylarni qay tartibda rasmiylashtirish mumkinligi to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib boriladi.

Eng muhim nuqtalardan biri — xatlovdan keyin uch oy davomida rasmiylashtirilmagan uy va inshootlar bo‘yicha ma’lumotlar tegishli idoralarga yuboriladi. Jumladan, Kadastr agentligi ma’lumotlarni Soliq qo‘mitasiga taqdim etadi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi esa nazorat inspeksiyasiga xabar beradi. Bu esa tizimli nazoratni kuchaytirish, yerlar va uy-joylar bilan bog‘liq tartibsizliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Yangi mexanizm, avvalo, fuqarolar manfaatini himoya qilish, ularning mulk huquqini kafolatlash va eng muhimi, qurilish sohasida shaffoflikni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli. Endilikda har bir bino, har bir inshoot aniq ro‘yxat asosida hisobga olinadi va kelgusida bahsli holatlar ehtimoli keskin kamayadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarni rasmiylashtirish bo‘yicha yangi tartib...