Qamoqxonamizda G‘olib degan nazoratchi ishlardi. Uzzukun oynaga qarab qizg‘ish-qo‘ng‘ir jingalak sochlarini silliqlab taragani-taragan edi. Toliqqan afti angorini ko‘rgan odam uni konservatoriya talabasi derdi. Allaqanday uchuvchi serjantdan arzon-garovga sotib olgan ag‘darma eskicha ko‘k plashini sira yechmas, o‘zi ham bu uniqqan kiyimda oydekkina mashshoq talabaga aylanib qolardi go‘yo.
Men bilan osh-qatiq bo‘lib qolganining boisi ilk bor kameramga kirib kelganda, uni xush-xandon kutib olgandim. Ammo-lekin hammasidan ham uni ko‘proq kitoblarim jalb qildi. Bir kuni u mendan hayot kaminani itqitib tashlagan esa-da, ne sababdan yutoqib kitob o‘qishimni so‘rab qoldi. Bundan ne naf? Axir, hali uzoq o‘tiraman. Basharti kun kelib ozodlikka chiqqan taqdirimda ham manglayimda o‘tirib chiqqan degan o‘chmas tamg‘a qoladi-ku…
O‘z navbatida men ham “Kitob o‘qish o‘rniga nasha chekib, qimor o‘ynaymi yoki pichoqbozlik qilaymi?” deb so‘raganimda, u o‘ylanib qoldi.
Tez orada biz qalinlashib ketdik.
Ish vaqti tugagach, odatda u kameramga kirib, yonimga o‘tirar va bir nuqtaga tikilgancha, uzoq vaqt miq etmasdi. So‘ngra mendan Xudo, muhabbat va baxt, hayot-mamot, jannat va do‘zax haqida so‘rardi. Ha, aql-farosati baloday edi uning.
– Nahotki biz ham odam bo‘lsak? – dedi u kunlardan bir kuni. – Qandaydir o‘ttiz besh lira[1]maoshni deb bir oylab turmadan chiqmaymiz. Sizlardan nima farqimiz bor? Bu yerga o‘z ixtiyorimiz bilan kelganmiz. Shu, xolos.
Uning hech kimi yo‘q edi: onasi o‘n yil burun sildan o‘lib ketgan, otasini esa hatto eslolmasdi.
– Muhabbat… – derdi u ko‘pincha. – Kinolardagina bo‘ladigan samoviy ishq… O‘y-fikrlarimni ko‘zlarimdan uqib oladigan sevgilim bo‘lishini istayman. Biz so‘z bilan emas, nigohlarimiz bilan suhbatlashgan bo‘lardik. Uyimiz ham bo‘lardi: ikki-uch xonali, bundan ortig‘i kerak emas… Uyimiz ola-g‘ovur shaharda emas, dengiz bo‘yidagi o‘rmonda bo‘lishini xohlardim, moshinalar va radio shovqinlaridan olisda. Uzoq qish tunlari sohilga to‘lqinlar urilib, bo‘ron daraxtlarni yulqilab, o‘rmondan bo‘rilarning uvillashi eshitilganda, sevgilim pinjimga tiqilib: “G‘olib, qo‘rqib ketyapman…” degan bo‘lardi. Keyin o‘g‘limiz tug‘iladi, sochlari jingalak va malla, ko‘kko‘z, do‘mboq chaqaloq. Xuddi kinodagidek…
– Keyin-chi?
– Keyin… Suyukligim vafot etadi… O‘z qo‘llarim bilan go‘r kavlab, uni tuproqqa qo‘yardim va o‘zim ham o‘lardim!
Shunday kunlarning birida G‘olib mendan kitob so‘radi. Samoviy ishq-muhabbat hamda dono fikrlar yozilganidan, dedi u. Bunaqasi menda yo‘q edi. Oshnalarimning bittasidan “Kameliyaga burkangan xonim”[2]ni so‘rab olib berdim. Ertasi kuni G‘olib ko‘zlari qizarib keldi. Tuni bilan uxlamabdi.
– Ishonasanmi, – dedi u, – Margaritaga achinib, uzoq yig‘ladim, tonggacha mijja qoqmadim… Yo Rabbiy, naqadar kuchli, naqadar fusunkor so‘zlar-a!
G‘olib mendan yana bironta kitob so‘radi. Qo‘limga ilinganini berdim. Adashmasam, “Mening universitetlarim”[3] edi.
– Bunisi o‘ziga tortmadi, – dedi G‘olib kitobni qaytararkan.
Negaligini so‘radim.
– Balki, bu ham qiziqdir, lekin… bilmadim — sen va men kabi oddiy odamlarning sevgisiga o‘xshab ketadimi-yey!
G‘olibga tushuntirishga harakat qildim.
– Ha, – dedi u, – sen haqsan, albatta. Ammo-lekin har bir kitobda yangi Margaritani topmoqchiman… Arman Dyuval-chi?!.. Unga o‘xshashni istashimni o‘zing bilasan-ku.
Shunisi ham borki, G‘olib qanday kitob olmasin, uni yirtmaslikka, iflos qilmaslikka tirishardi.
Bir kuni lazaretda yotganimda, G‘olib qo‘lida maktub qoralamasi bilan keldi. U qattiq hayajonlanardi. Karavotimga yaqin kelib, xatni uzatdi.
– Nima bu?
– O‘qi, bilasan!
Bu siyqasi chiqqan so‘zlarga to‘la dil izhori edi. Maktubda o‘lim sir-sinoati, baxt-saodat, abadiy muhabbat, nafis qanotchali sevgi farishtalari, Tangri taolo ayollarni sarob misol qo‘l yetmas qilib yaratgani haqida uzoq va zerikarli qilib yozilgandi.
Xat kimga atalganini so‘radim. G‘olib ko‘zini olib qochib, sholg‘omday qizarib ketdi. Savolni takrorladim.
– Keyinroq bilib olasan, – deb javob berdi u va ovozi qaltirab so‘radi: – Xo‘sh, qalay? Ta’sirli chiqibdimi?
Uning shundayin mo‘ltirab qaradiki, to‘g‘risini aytsam, ruhini tushirgim kelmadi. Yo‘qsa u mendan ta’sirliroq xat yozib berishimni iltimos qilgan bo‘lar, bu esa qo‘limdan kelmasdi. Maktub yomon emas, dedim. Avvalboshda u meni hazillashyapti deb o‘yladi, keyin esa ishonib, o‘zida yo‘q xursand bo‘lib chiqib ketdi.
Kunlar o‘taverdi. Lazaretdan chiqib, kameramga qaytib kelganimda, G‘olib oldimga keldi va qo‘limdan ushlab, ko‘zdan panaroqqa tortdi. Qoramtir zangori ko‘zlari g‘amga botgandi. Cho‘ntagidan to‘rt buklangan xat olib, menga uzatdi.
Xatda imloviy xatolar tiqilib yotardi. Bu xat butun umrga miyamga muhrlanib qoldi. Xat mana bunday boshlanardi:
“Azizim!
Sevgi xating ajoyib ko‘klam kunlaridan birida qo‘limga kelib tushdi va bundan boshim ko‘kka yetdi. Biroq sen kitoblardagidek yozibsan. Men bunaqangi so‘zlarni tushunmayman. Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichadi. Agar sen meni sevsang, demak, men ham seni sevaman. Agar men sening mahbubang bo‘lsam, sen ham mening yorimsan…”
Xatning intihosi esa quyidagicha edi:
“Ozodlikda hech kimim yo‘q. Gap o‘rtamizda qolsin-u, ich kiyimlarim bitlab ketgan. Shuning uchun birov menga yaqinlashmaydi, xazar qilishadi. Ustiga ustak, qachon qarama och yuraman. Quruq non-suvni bir o‘tirishda paqqos tushirib qo‘yaman. Muddatim tugashiga qirq kun qoldi. Agar sen meni chindan sevsang, menga bir parcha sovun va ikki bo‘xonka non berib yubor, ozodlikka chiqqanimdan so‘ng surishib ketamiz”.
Xatning to‘rt cheti sigaret bilan kuydirib teshib qo‘yilgandi.
– Bunisiga nima deysan? – so‘radi G‘olib. – Yoqdimi? Men unga ilohiy ishq haqida yozsam-u, u bo‘lsa qayoqdagi yo‘q sovun-u, nonni gapiradi…
U qo‘limdan xatni yulqib olib, mayda-mayda bo‘laklaprga bo‘lib, polga tashladi.
– Shular ham ayolmi? Moldan farqi yo‘q!
Uning nohaq ekanligini uzoq tushuntirishimga to‘g‘ri keldi. Devorga termulgancha, ahyon-ahyonla xo‘rsinib qo‘yib, gaplarimdan biz mahbuslar hayotida sovun va nonning naqadar katta ahamiyatga ega ekanligini uqib olishga urindi.
Keyin ketdi.
Ertasiga ertalab yana keldi. Zangori ko‘zlari quvonchdan porlardi.
– Men unga bir bo‘lak sovun va ikki bo‘xonka non berib yubordim, – dedi G‘olib astagina.
Ayollar bo‘limidagi umumiy bo‘lmalarga mas’ul mahbuslarning aytishicha, o‘shandan beri G‘olib o‘sha ayolga sovun, non va picha pul-muldan yordam berib turadigan bo‘libdi.
Tez orada ayolni ozodlikka chiqarishdi. U yoshgina durkun juvon edi; o‘n to‘rt yoshligida majburlab erga berishgan ekan, o‘n beshga to‘lganda esa hiyonati uchun eri uydan haydab solibdi. Ko‘cha-ko‘yda qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, oxir-oqibat uch oyga qamalibdi.
Birmuncha fursatdan so‘ng nazoratchi G‘olib o‘sha ayolga uylanganini eshitdik.
O‘rxon Kamol
Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.
Manba: mulohaza.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi