— O‘shanda yigirma bir yoshda edim. Universitetda o‘qirdim. Yotoqxonada turardim. Lola bizdan quyi kursda o‘qirdi. Uni birinchi marta o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgani kelganda, qabulda ko‘rgandim. Biram nozik, ko‘hlikkina qiz edi. O‘shanda men birinchi kursni tugatib, yozgi ta’tilda qabul bo‘limida ishlayotgandim. Lolaning hujjatlarini o‘zim qabul qildim. Keyin u imtihondan o‘tib, talaba bo‘ldi. Men uni sevib qoldim. Yotoqxonada yashashimga qaramay, har tong erinmay Lolaning ijara uyi joylashgan ko‘cha boshiga borib turardim. U uydan chiqishi hamono orqasidan kuzatib o‘qishga qaytardim. Shu yo‘sinda oradan oylar o‘tdi. Keyin yillar… Men to‘rtinchi kursga o‘tdim, Lola uchinchi kurs bo‘ldi. Kunlarning birida unga yurak yutib adabiyotdan og‘iz ochdim. Suhbat qizidi. Biz deyarli har kuni uchrasha boshladik. Bir-birimizga ko‘ngil qo‘ydik. Ammo o‘rtamizdagi munosabatni hech kimga sezdirmadik. Shanba kuni shomga yaqin yotoqxonadagi hamxonam xursandligidan o‘ziga sig‘may eshikdan kirdi. Qo‘lida bozorlik ko‘tarib olgandi. Xullas, shu kuni Surat ikkalamiz otamlashdik.
— Senga anchadan beri aytmoqchi bo‘lib yurgandim, — deya salmoqlab gap boshladi u. — Sevgan qizimning rasmini olib keldim. Shuni senga ko‘rsatmoqchiman.
Qo‘limga tushgan rasmga tikilganim hamon dunyo ko‘zlarimga qorong‘u bo‘ldi.
— Qalay? — so‘radi Surat suratni qaytarib olarkan. So‘ng o‘zicha mag‘rurlandi: — Biz topgan qizni ko‘rib, mana shunaqa miq etolmay qolasiz.
Ha, chindanam miq etolmasdim. Bir lahzaga nafas olishni ham unutib qo‘ygandim. Uning qo‘lida hatto menda ham bo‘lmagan Lolaning surati edi. Mening bo‘larim bo‘ldi. Ustimdan sovuq suv quyildi go‘yo.
Ertasi kuni darsdan keyin fakultet binosidan chiqarkanman, Lola orqamdan chaqirdi. Men go‘yo uni ko‘rmaganday yo‘limda davom etdim. Bu holat qayta-qayta takrorlandi. U gaplashishga urinardi. Men esa qochishga…
Oradan oylar o‘tib borardi. O‘qishimiz tugashiga ham oz fursat qolgan, imtihonlar, diplom ishi yozish muammolari. Xullas, bosh qashishga vaqt yo‘q. Biroq fikru xayolim faqatgina Lolada. Uni unutolmay qiynalardim. Qiz bechora ko‘p bora men bilan gaplashmoqchi bo‘ldi. Men har safar ustamonlik bilan undan uzoqlashdim. Bora-bora mendan sovidi, shekilli, boshqa yo‘limdan chiqmay qo‘ydi. Uni ahyon-ahyonda do‘stim bilan turganini ko‘rib qolardim. Ezilardim-u, ammo hech kimga hech narsa deyolmasdim. “Nega uni do‘stim sevib qoldi?” deya o‘kinardim. Agar jo‘ramning o‘rnida boshqasi bo‘lganida bormi, naq yuragini sug‘urib olgan bo‘lardim, deb o‘ylardim. Holbuki, uni boshqa birov emas, qiyomatli og‘aynim yaxshi ko‘rardi. Men bo‘lsam bir qiz uchun jon do‘stim bilan yuz ko‘rmas bo‘lishni sira aqlimga sig‘dirolmasdim. Shuning uchun indamaslikni ma’qul topdim. Lekin bu indamasligim bora-bora meni xudbinlikka yetaklayotganini sezib qoldim. Do‘stim bilan bo‘lar-bo‘lmasga janjallashadigan bo‘ldim. Bir yakshanbada u uyiga borib keldi. Non sindirilganini, Lola bilan unashtirishganini aytdi. U qanchalik baxtdan sarmast bo‘lsa, mening tashvishim shuncha ortgandi.
— Xullas, — dedi Surat bir kuni qarshimga o‘tirib. — Bir haftadan keyin to‘y. Ikki kundan keyin menikiga ketamiz. Ha, aytgancha, Lolaga sen haqingda gapirdim. Kuyovjo‘ramni bilib qo‘ygani yaxshi, deb o‘yladim.
Karaxt bo‘lib qoldim. Bilmadim, shu mahalgacha nimadan umidvor edim-u, endi qanday holga tushdim. Xayolimda to‘y o‘qish yakunlangandan keyin bo‘lsa, biror bahona bilan bormaslik edi.
Ikki kun o‘tdi. Peshindan keyin eshik taqilladi. Yo‘lakdan qiz bolaning g‘o‘ng‘illagani qulog‘imga chalindi. Hamxonam qo‘lida xatjild bilan qaytib kirdi. U xatni o‘qiy boshladi. Qog‘ozga ko‘z yugurtirardi-yu, menga qarab-qarab qo‘yardi. Borgan sari rangi oqarardi. Xavotirlanib so‘radim:
— Tinchlikmi oshna, ranging oqaryapti?
U javob bermadi. Qo‘lida qog‘oz bilan deraza yoniga bordi-yu, yugurib xonadan chiqib ketdi. Ertasiga narsalarini yig‘ishtirib uyiga jo‘nadi. Meni birga borishga undamadi ham. Uning nega bunday qilganiga hayron qolgan bo‘lsam-da, indamadim. Shundan keyin hamxonamni ko‘rmadim. Uning allaqachon Lolaga uylanganiga ishonchim komil edi. Oradan yillar o‘tdi. Men ham oila qurdim. Biroq ayolimga ko‘nglim yo‘q. Muhabbatsiz yashash qanday azob bo‘lsa, shunday yashayapman..
Bir kuni poytaxtga keldim. Bozor aylanib yurganimda Dilbar menga qarab jilmayib turganiga ko‘zim tushdi. Bu Lolaning xonadoshi Dilbar edi. Lola bilan bir viloyatdan, shuning uchun doim birga yurardi. O‘sha kuni shinam kafeda o‘tirib yoshlik yillarimizni ko‘p esladik. Suhbat mavzusi Lolaga kelib taqaldi. Aslida, shuni kutib turgandim. “Lola baxtlimikin? Xonadoshim Surat uni avaylab-asrab yuribdimi?” degan savollar menga tinchlik bermasdi.
— Surat va Lola? — so‘radi u hayratlanib. — Kim aytdi sizga ularni turmush qurishgan deb?
— Tushunmadim?! Axir Surat o‘qishni tugatar chog‘imizda bir haftadan keyin to‘y degandi. Ular uchrashib yurishgandi ham!
— Qanaqa uchrashuv? Suratning o‘zi Lolani tinch qo‘ymay, yo‘lidan chiqardi. Faqat sizni yomonlagani-yomonlagan edi. Lola g‘iybatlarga ishongisi kelmay yo‘lingizdan chiqaverdi, biroq siz undan qochardingiz. So‘nggi marta o‘qishni tugatish arafasida sizga xat ham jo‘natdi. Unda hammasi boshdan-oyoq aniq-ravshan yozilgandi. Biroq siz bechora qizning ko‘nglini sindirib: “Men Suratni hurmat qilaman. U men haqimda bunday gaplarni gapirishi mumkin emas. Sen bilan o‘rtamizda hech qachon muhabbat bo‘lmagan. Meni tinch qo‘y!” deb yozgandingiz.
— Nima? Qanaqasiga?! Men hech qanday xat ko‘rmaganman va hech kimga xat yozmaganman!
Shunday dedim-u, boshimni changallab qoldim. Birdan Surat bilan xonada o‘tirganimizda qandaydir bir qiz xat olib kelganini esladim. Demak, o‘sha xat Loladan bo‘lgan ekan. Yo Xudoyim, naqadar ahmoqman! Lekin nega? Nega Surat bunday qildi? Nima uchun? Axir men uni do‘stim degandim-ku! Yo, Tangrim, nega menga bunday taqdirni ravo ko‘rding?
LUQMON
Navoiy viloyati
— G‘iybatu yolg‘onlarga ishonganlarning ahvoli doim shunday bo‘ladi. Taqdiriga befarq odam qulog‘i bilan emas, yuragi bilan ish ko‘radi. Siz ham bu borada qilmishingizdan afsus chekishingiz befoyda. Chunki endi muhabbatsiz bo‘lsa-da hayotingiz va farzandlaringiz bor. Ular uchun yashashga, Lolaning baxti uchun sabr qilishga majbursiz.
Bir odil qozi shaharda paydo bo‘ladigan turfa g‘iybatlardan bezor bo‘lgach, maslahatchilarini yig‘ib, g‘iybatlar qayerdan kelib chiqishi haqida so‘rabdi. Maslahatchilardan kimdir savdogarlarni ayblabdi, kimdir hammomchini, lekin hech kim g‘iybat asli kimlar tomonidan to‘qilishini aniq ayta olmabdi. Qozining kichik maslahatchisiga so‘z navbati kelibdi. Shunda u:
— Qozi janoblari, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan “uchqur” g‘iybatlar ko‘pincha ichkilik bor davrada yuzaga keladi. Do‘stlar davrasiga ichkilik shayton bo‘lib kiradi, — deya fikr bildiribdi.
— Bo‘lishi mumkin emas, — ishongisi kelmabdi qozining.
— Xohlasangiz bahs boylashga roziman, lekin bunga ishonchim komil, — fikrida turib olibdi kichik maslahatchi.
Bahs boylanibdi. Alal-oqibat, qozi shaharda istiqomat qiladigan o‘n nafar bir-biriga yaqin og‘aynilarni ziyofat bahonasida chaqirtiribdi-yu, o‘zi maslahatchilari ila yashirinib, ularning gapiga quloq tutibdi. Voqeadan bexabarlar avvaliga har xil oldi-qochdi gaplardan suhbatlasha boshlashibdi. Shu payt osmondan turnaning “G‘iyq!” etgan ovozi eshitilibdi.
— I-ya, turna uchdi! — debdi erkaklardan kimdir.
— Ha, turna uchdi, — tasdiqlabdi yana biri.
— Turna uchdi…
— A, qozi o‘ldi?! — so‘rab qolibdi ovsarroqligi tufayli gap nimadaligini yaxshi eshita olmagan boshqa bir shirakayf erkak.
Shunda turna haqida mutlaqo unutgan erkaklarning og‘ziga shu gap tushibdi:
— Qozi o‘libdimi?
— Nega o‘ldi ekan?
— Haligina ko‘rgandik…
— Ajali ko‘ziga ko‘ringandir-da, ziyofat beribdi, boyaqish…
Bu gaplarni eshitib yuragi sancha boshlagan qozi haligi maslahatchisiga shivirlabdi:
— Sen haq ekansan, yaramas, faqat bularni tezroq hayda! Toki gaplariga farishtalar omin deb yubormasin.
Ha, ayrim vaqtlarda g‘iybat bir inson taqdirini yer bilan yakson qiladi. Shunday ekan, odamzod taqdiriga umuman befarq qaramasligi kerak. Har kim o‘z hayotiga va kelajagiga o‘zi mas’ulligini unutmang.
Shahnoza RAHMONOVA
Manba: Hordiq.uz
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»