Hindiston shifokorlari tibbiyot tarixida kamdan-kam uchraydigan holatga duch kelishdi. Nova24.uz manbasiga ko‘ra, Times of India xabar berganidek, Fortis-Gurgaon shifoxonasida bir oylik chaqaloqning qornidan ikki “parazitik egizak” jarrohlik yo‘li bilan olib tashlandi.
Chaqaloq 27-iyul kuni kasalxonaga olib kelingan. Oilasi uni ovqatlanishdagi qiyinchilik va bezovtalik sababli shifokorga olib borgan. Tekshiruv natijasida shifokorlar chaqaloq qorinida g‘alati o‘smani aniqlashdi. Biroq keyinchalik bu oddiy o‘sma emas, balki to‘liq shakllanmagan ikki homila qoldig‘i ekani ma’lum bo‘ldi.
Mutaxassislar bu holatni “fetus in fetu” — ya’ni “homila ichida homila” deb atashadi. Bu juda kam uchraydigan anomaliya bo‘lib, har 500 mingta tirik tug‘ilishdan faqat birida uchraydi. Holat homiladorlikning ilk bosqichida yuz beradi: bir homila ikkinchisini yutib yuboradi va u uning tanasi ichida rivojlana boshlaydi.
Aniqlanishicha, ona dastlab uch egizak homilador bo‘lgan. Biroq, homilalardan biri boshqalarini yutib yuborgan va ular uning ichida parazitik holatda rivojlanib qolgan.
Dunyo bo‘yicha 300 dan kam holat qayd etilgan bo‘lib, ularning ham atigi 10 foizida bir emas, ikki parazitik homila aniqlangan. Bu esa Hindistondagi voqeani yana-da noyob holga aylantiradi.
Inson organizmi hali ham ko‘p jihatdan sirli. Bunday holatlar hayotning qanchalik murakkab va hayratomuz ekanini yana bir bor isbotlaydi. Siz bu kabi holatlar haqida ilgari eshitganmisiz?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!