Kutilmaganda xotini o‘ng tomoniga o‘girilib, erining yuziga musht tushira ketdi: – Mana-mana!
Foto: “Armboxing.com”
O‘rozalining tong mahali uyqusi o‘chdi. Turmoqchi bo‘ldi-yu, yana biroz yota qolay, dedi. Bugun uyga keladigan ulfatlari, kechagi tayyorgarlik, sarf-xarajatlarni xayolan hisob-kitob qildi. Hammasini taxt qilgan, faqat ayrim mayda-chuydalar qolgan.
– Ha, aralashtir! – dedi O‘rozalining yonida yotgan xotini uyqusirab.
O‘rozali unga qarab qo‘ydi. Bechora Zulayho tinim bilmadi o‘ziyam. Hali bozorga yugur, do‘konga chop, hali go‘shtni maydala, ko‘k somsaning ko‘kini to‘g‘ra... Terlab-pishdi. Qizlariniyam tindirmadi. Buning ustiga kecha O‘rozali uni televizorda ko‘rsatilayotgan boks musobaqasini birga ko‘rishga majbur qilgandi.
– Xamir qani, ha, mana! Qoch, o‘zim mushtlayman! – Zulayho yana bosinqirab, qo‘llarini yuqoriga cho‘zdi-da, “boks” qila boshladi.
O‘rozali miriqib kuldi va xotinining yelkasiga turtdi:
– Zulayho, uyqusirayapsan, burilib yot!
– O‘zim mushtlayman, dedim, qoch! Boks qilaman, boks!
– Burilib yot, Zulay...
Kutilmaganda xotini o‘ng tomoniga o‘girilib, erining yuziga musht tushira ketdi:
– Mana-mana!
O‘rozali avvaliga “xotinim hazillashyapti”, deb o‘yladi, ammo yuz-ko‘ziga chinakam mushtlar yog‘ilgach, o‘zini divandan pastga otdi:
– Uh!.. Ko‘zimni chiqarding!
– Ana shunday qilib mushtlaydilar! – Zulayho endi yostiqni “boks” qilib yotardi. – Mana, mana!
O‘rozali bir qo‘li bilan ko‘zini ushlar ekan, ikkinchisi bilan ko‘rpani siltab tortdi. Zulayho cho‘chib, ko‘zlarini ochdi. Erini bir ahvolda ko‘rib, sakrab turdi. O‘rozali javob tariqasida unga musht tushirmoqchi edi, Zulayho egilib qoldi.
– Voy, sizga bo‘ldi? – dedi o‘zini orqaga tashlab. – Yomon tush ko‘rdingizmi, nima balo?
O‘rozali baqirdi:
– Yomon tush ko‘rgan menmi yoki senmi, onangni emgur? Qara, nima qilding?
Zulayho hech vaqoni anglamadi. U erining yuziga tikilar, yaqinlashishga qo‘rqardi.
– Tushunmadim... qanday...
– Ko‘zimga urding, ahmoq! Jo‘rttaga urding!
– Voy, nega uraman? Bu nima deganingiz?
– O‘l, tushingda xamir qorimay! Qara, ko‘zimni!
– Voy, ko‘k... ko‘karibdi.
– He, onangni... Xamir mushtlamay ket. Kecha aytdim-a senga, ertalab qilasan xamiringni, dedim. Bosliqib o‘l! Xamirim achishi kerak, deding. Endi ulfatlarim oldida qanday o‘tiraman, ahmoq?.. Nega baqrayasan? Bor sochiqni ho‘llab kel. Tez bo‘l!
Zulayho O‘rozalini aylanib o‘tayotib, u boplab tepmoqchi edi, oyog‘i yetmay qoldi. So‘kingancha qolaverdi.
Birozdan so‘ng nam sochiqni ko‘zidan olgan O‘rozali oynaga tikilar ekan, bir sapchib tushdi: chap ko‘zining osti allaqachon “ko‘kalamzorlashtirib” bo‘lingan edi! Jig‘ibiyroni chiqdi. Xo‘rligi keldi. Yonida turgan xotiniga musht tushirmoqchi edi, Zulayho bu safar qochmadi.
– Uring, dadasi! – yig‘lab yubordi u. – Sizga musht ko‘targan qo‘llarim sinsin! Uring, ayamang! O‘nta ko‘zim bo‘lsa, o‘ntasiniyam ko‘kartiring! Qo‘llarim sinsin-a, sizni urguncha!
– Yo‘qol ko‘zimdan, – baqirdi O‘rozali.
Bolalar xonasidan qizlari va o‘g‘li chiqishdi. Ular ko‘ziga sochiq tutgan otasi va nariroqda yig‘layotgan onasiga hayron bo‘lib qarashdi.
– Nima bo‘ldi? – so‘radi to‘ng‘ich qiz.
O‘rozali indamadi. Nima desin? “Onang urdi”, desinmi? Uchala qiz onasini o‘rab olib, yupatishga tushdi. O‘g‘li ham pildirab ularning yoniga yugurdi. Birozdan so‘ng uning pichirlagani eshitildi:
– Oyim dadamni uribdilar, men eshitdim.
O‘rozali hovliga chiqib, sochiqni vodoprovod suviga tutdi. Ko‘ziga bosdi. Keyin o‘ylab-o‘ylab, Samandarga qo‘ng‘iroq qildi.
– Jo‘rajon, o‘tirishni sening uyingda o‘tkazaylik.
– Nega? – hayron bo‘ldi Samandar.
– Qo‘rqma! Hamma narsa muhayyo. Shunchaki... Ishim chiqib qoldi, jo‘ra.
– Qanday ishing?
– So‘rama... Mayda-chuydalarni, ovqatni shundoq senikiga o‘tkaz...
– Men aytuvdimmi senga, boshqa kuni o‘tkazgin, deb? Bayram kuni har kim o‘zining uyida o‘tirsin, devdimmi? Ko‘nmading! Senlar hammang xotiningdan qo‘rqasan, deding! Xotin-qizlar bayrami – aslida erkaklar bayrami, deding!
– Samandar...
– Menikida bo‘lmaydi, O‘rozali. Qaynonam, qayinsingillarim, yana bir to‘da ayollar kelishadi.
– Nima qilay unda?! – dedi o‘kirib O‘rozali.
– Boshqa kuni o‘tkazasan.
– Kallang bormi? Shuncha xarajatga tushganim yetmaganday, yana boshqa kuni o‘tkazamanmi?
– Unda o‘zing bilasan, – Samandar shunday deb telefonini o‘chirdi.
Asabiylashgan O‘rozali hovlining u boshidan-bu boshigacha aylanib chiqdi. Og‘zidan bodi kirib, shodi chiqdi. Goh Zulayhoni, goh Samandarni, goh esa ertalabki zarbaga “blok” qo‘ya olmagani uchun o‘zini so‘kardi. Ammo hovlini chir aylangani bilan vaqtni to‘xtatib bo‘lsa ekan. Nimadir o‘ylab topish kerak.
– Zulayho! – baqirdi u ichkariga qarab.
Ichkaridan xotini chiqdi.
– Urishga urib, nega indamay o‘tiribsan?
– Nima... qilay? – ko‘zlari namlanib so‘radi Zulayho.
O‘rozali gap bilan uzib oldi:
– Bu ko‘zimniyam ko‘kartir, ikkalasi bir xil bo‘lsin!
Zulayho uvvos soldi:
– Hah, sizni urgan qo‘llarim sinsin!
– Baqirma! – dedi O‘rozali devor tomonga qarab qo‘yarkan. – Qo‘shnilar eshitadi, dovdir! Undan ko‘ra, o‘yla!
– A?.. Nimani o‘ylay?
– Obbo!..
Zulayhodan jo‘yali fikr chiqdi: uyga Murtazo aka bilan Zokir chaqiriladigan bo‘ldi. O‘rozali akasiga sim qoqib, bir ish bilan chiqib ketgani, uyda ulfatlarini kutib olishini iltimos qildi. Zokirga Zulayho qo‘ng‘iroq qildi va O‘rozali og‘ilxonaga kirib ketar-ketmas, u hovliga tashrif buyurdi.
Tushga yaqin avval Murtazo aka keldi. Dasturxonni ko‘zdan kechirarkan, “yaxshi” deb qo‘ydi. So‘ng O‘rozalining ulfatlari birin-ketin paydo bo‘lishdi. Murtazo ukasining nomidan uzr so‘rab, ularni kutib oldi. Ziyofat quyuq bo‘ldi-yu, Murtazo aka kelinning o‘zini tutishidan xavotirga tushdi. Boyaqish kelin og‘ilxonaga qarab-qarab qo‘yadi. Labini tishlaydi. Keyin likopchalarga yeguliklar solib, o‘sha yerga qatnaydi. Murtazo aka uni zimdan kuzatarkan, o‘yladi: “Ukam og‘ilxonada. Bir gap bo‘lgan-ov!..”
Mehmonlar kuzatildi. Ularga choy-poy tashib charchagan Zokir ham xayr-xo‘shlashib ketdi. Faqat Murtazo aka shoshilmasdi. Yana kelinni kuzatdi. Zulayho uning ko‘zini shamg‘alat qilib og‘ilxona eshigiga yetganida shartta to‘xtatdi:
– Ha, kelin, og‘ilda xazina-pazina bormi deyman?
– A? – talmovsiradi Zulayho. – Men... mollardan xabar olmoqchi edim.
– Qo‘lingizdagi nima? E-ha!.. Mollaringiz tort yeydimi?
– Yo‘g‘-yey, aka... Bu...
– Boya “mujskoy kapriz” olib kirib ketuvdingiz. Ja aristokrat sigirlarlarmi, deyman? Qani, men bir ko‘ray-chi!
Bu gapni eshitgan Zulayho og‘ilxona eshigiga qulf soldi. Kalitni tutgan qo‘lini orqasiga yashirdi. Murtazo akaning jahli chiqdi. U eshikni bir teparkan, do‘q urdi:
– O‘rozali, chiq bu yoqqa, nodon! Molxonada nima bor?
Ichkaridan sado chiqmadi. Zulayho ko‘z yoshlariga erk berdi.
– Nega yig‘laysiz, kelin? – hayron bo‘ldi Murtazo aka. – Bugun bayram bo‘lsa! Shunday kunda ham yig‘laydimi xotin kishi! Yo ukam xafa qildimi, ayting!
Zulayho ho‘ngrab yubordi:
– Yo‘q, men u kishini xafa qildim.
Molxonadan O‘rozali baqirdi:
– O‘chir ovozingni! Aytib qo‘yma! O‘ldiraman!
Murtazo aka eshikni urdi:
– O‘rozali, tappiga belanib yotmoqchimisan? Chiq-yey!
– O‘zingiz kiring, aka. Men... chiqolmayman...
Birozdan keyin og‘ilxonaga kirgan Murtazo aka O‘rozalining gaplarini eshitdi. Uning qah-qah urgan kulgisidan qo‘rqqan daraxtdagi qushlar uchi-i-i-b ketdi.
Anvar Namozov
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Qirg‘iziston budjetiga korrupsionerlardan misli ko‘rilmagan miqdorda mablag‘ qaytarildi
Isroillik ravvinni o‘ldirishda gumonlangan uch kishi ushlandi
Putinning yadroviy ogohlantirishi — "Oreshnik" nimalarga qodir?
Mashhur kosmetolog Krishtianu Ronalduni sudga berdi
Ukrainada Tramp nomzodi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga taklif qilindi
BAAda isroillik rohibning o‘limida gumonlanayotgan o‘zbekistonliklar ushlandi