Ota-ona borki, xonadoniga kelin olib kelishga, qizining to‘yu tantana bilan uyidan kelinlik libosida chiqib ketishini orzu qiladi.
Bu – biz, ota-onaning orzu havasi.
Endi o‘zimizga bir savol berib ko‘raylik: kelin kim o‘zi?
Kelin – kechagina kollejdagi, institutdagi o‘qishidan horib-charchab kelganda onajonisi girgitton bo‘lib, ovqatini tayyor qilib yedirib-ichirib, bir zumgina hordiq chiqarib olsin deb boshida parvona bo‘lgan nozikkina, navniholgina, himoyaga, parvarishga muhtoj qizgina – ota-onasining sevinchi, ko‘z qarog‘i. U eshitsa, faqat yaxshi so‘zlar eshitgan, ota-onasining, aka-ukalarining ardog‘ida bo‘lgan. Uning tasavvurida dunyo shunday go‘zal so‘zlarga, yaxshiliklarga burkangan.
U – har birimizning qizimiz.
Ana shu ko‘z nurimiz, akademik shoirmiz G‘afur G‘ulom ta’biri bilan aytganda, jigarimiz qonidan bo‘lgan zurriyotimiz o‘zga uyga kelin bo‘lib tushadi.
“Kelin” so‘zining lug‘aviy ma’nosi “kelgindi” demoqdir. Endi tasavvur qiling, kelgindi odam boshqa joyga borganda qanday ahvolga tushadi. Ana o‘sha “kelgindi” ota-onasi-yu yaqinlarining mehridan boshqa narsani ko‘rmagan ilk bahordagi nozikkina chechakdek qizgina bo‘lsa-chi…
Qizni kimga bergan ma’qul
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida:
«Dini va xulqi sizlarga yoqadigan bir kishi sovchi bo‘lib kelsa, qizlaringizni o‘shanga beringlar. Agar bermasangiz, yer yuzida fitna va fasod ishlar bo‘ladi», deganlar.
Ushbu hadisi sharifdan sovchi yuborgan tomonning amal-mansabiga, molu davlatiga emas, dini va xulqiga qarash lozimligi ayon bo‘ladi. Negaki, dini va xulqi yaxshi bo‘lgan oila hammaga yaxshi munosabatda bo‘ladi, inchunun, keliniga ham.
Nikohda ko‘zlangan maqsad
Ulamolarimiz nikohdan ko‘zlangan asosiy maqsadni bayon qilib bunday deyishgan:
«Nikohdan ko‘zlangan maqsad zinodan o‘zni tiyish va farzand ko‘rish orqali insoniyat naslini davom ettirish».
Demak, o‘g‘il uylagan, qiz chiqargan ota-ona farzandlarini og‘ir gunoh ishdan himoya qiladi va ularning vositasida naslini davom ettiradi. Buning natijasida vaqti yetib boshi yostiqqa yetsa mehribonchiliklar ko‘rsatadigan, o‘tib ketganda ortidan duolar qilib qabrini munavvar etadigan avlodlarga yetishadi.
Aslida nikohlangan ikki yosh va uning atrofidagi odamlar bu nikohdan so‘ng xotirjamlik va farog‘atda yashashi kerak. Alloh taolo Qur’oni karimda bu haqda shunday degan:
«Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir».
Unga cho‘ri bo‘lsang, u qulingga aylanadi
Qizini uzatayotgan onaning farzandiga o‘rgatganlari uning borgan joyida suvga tushgan toshdek bo‘lib ketishida katta rol o‘ynaydi. Imom G‘azzoliy rahmatullohu alayh «Ihyou ulumiddin» kitobida Asmo binti Xorijaning turmush qurayotgan qiziga nasihatlarini keltirgan. O‘sha ibratli nasihatga e’tibor qiling.
«Qizalog‘im, o‘sib-ulg‘aygan uyingdan chiqding va o‘zing tanimaydigan va oldin yaqin bo‘lmagan kishining uyiga ketding.
U uchun yer bo‘l, senga osmon bo‘ladi.
U uchun o‘rin bo‘l, senga ustun bo‘ladi.
U uchun cho‘ri bo‘l, senga u qul bo‘ladi.
Unga xiralik qilma, yoqtirmay qoladi.
Hadeb undan har narsani talab qilaverma, zada bo‘ladi.
Undan uzoqlashma, esdan chiqarib qo‘yadi.
Senga yaqin bo‘lsa, unga yaqin bo‘l.
Sendan uzoqlashsa, undan uzoq bo‘l.
Uning burni, qulog‘i va ko‘zini muhofaza qil, sendan faqat shirin hidlasin, faqat go‘zal so‘z tinglasin va sening chiroyingni ko‘rsin».
Ibratli qaynona
Bir mo‘’tabar onaxonni taniyman. Uni mahallada hamma “aya” deb chaqiradi. To‘qqizta kelin olgan. Kelinlarining hammasini o‘zi ona bo‘lib tarbiyalagan. Kelinlarining ayblarini o‘g‘illaridan yashirib yosh oilaning ahil va inoq bo‘lishini ta’minlagan. Bu suhbatni o‘sha onaxonning turmush o‘rtog‘i, nuroniy otaxon ibrat uchun menga aytib bergan edi:
«Ayangizning oxirgi kelinining ham pazandalik borasida tajribasi yo‘q ekan. Olti oy mobaynida 70 ga kirganiga qaramay, kelinni yoniga o‘tirg‘izib ovqatni ayangiz o‘zi pishirdi, unga pishir-kuydirni o‘rgatdi. Eng qizig‘i, ana shu olti oy mobaynida o‘g‘limiz ovqatni oyisi qilganini bilgani yo‘q. Gohida bomdoddan uyga qaytganda ayangizning kir yuvayotganini ko‘rardim – o‘g‘limizning kiyimlarini. Men: “Ey joningga rahming kelsin! Bu nima qilganing”, desam. “Kelin hali yosh, arzimagan kirni deb ikki yoshning orasida sovuqchilik tushmasin”, derdi. Bir kuni kelin shimni dazmollayotib nimagadir chalg‘ib qimmat shimni kuydirib qo‘ydi. Hali tahoratxonada turgan o‘g‘limiz sezmasin, deb ayangiz dazmolni qo‘liga olib, “uzr o‘g‘lim qarichilik kuydirib qo‘ydim” degan edi. Ana shunday qilib to‘qqiz kelinni o‘z qizlariday bilib mustaqil hayotga tayyorladi. U: «Biz yoshlarning aybini qidirib, ularni o‘sib-unishdan to‘xtatish o‘rniga, ayblarini yashirib, bilmaganini o‘rgatib oyoqqa turg‘izishimiz kerak», der edi».
Fazilatli kuyov
Bugun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning:
«Sizlarning eng yaxshilaringiz ayoliga eng ko‘p yaxshilik qiladiganlaringizdir», degan hadislariga amal qilib hamaga namuna bo‘layotgan mard o‘g‘lonlarmiz bor.
Bugun ayolining ba’zi kamchiliklarini ko‘rganda, habibimiz sollallohu alayhi vasallamning:
«Ayollarga (yaxshi) muomala qilinglar, chunki ayol qovurg‘adan yaratilgandir. Qovurg‘aning eng qiyshiq joyi uning yuqorisidir. Uni to‘g‘rilashga urinsang, sindirib qo‘yasan, agar tashlab qo‘ysang, qiyshiqligicha qolaveradi. Shunday ekan, ayollarga (yaxshi) muomala qilinglar!», degan hadislariga amal qilib xatolarini kechirib, ahl bo‘lib yashayotgan mard kuyovlarimiz bor.
Binobarin, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Ayollarga yaxshi va chiroyli muomila qilinglar. Ular sizning huzuringizda Allohning omonati», degan edilar.
Alloh taolo o‘ziga omonat qilib bergan jufti halolini e’zozlagan ana shunday fazilatli erkaklar bu ishi bilan farzandlarining yaxshi tarbiya ko‘rib ulg‘ayishiga ham juda katta sharoit yaratadiki, bundan o‘zlarining ikki dunyosiga hisobsiz foydalar yetadi.
Taklif
Insonlar to‘kin-sochin yashashni qanchalik xohlasa, ahil-inoq yashashni ham shunchalik istaydi. Buning uchun esa oilaga islomiy bilim kerak bo‘ladi. Qilayotgan harakatini, aytayotgan so‘zini oyatu hadisga moslab olgan kishi yomon gaplarni gapirib birovni ranjita olmaydi. Chunki dilozorlik qilishga tarbiyasi yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun ham xonadonlarda haftalik kitobxonlikni tashkil qilaylik. Yoshu qari hech bo‘lmasa haftada bir marta yig‘ilib o‘qigan badiiy va diniy kitoblarni o‘zaro muhokama qilsin. Fikr almashsin!
Alloh barchamizni to‘g‘ri yo‘lga boshlasin!
Odilxon qori YuNUSXON o‘g‘li
Shayxontohur tumani bosh imom–xatibi
Shayxontohur tumani bosh imom–xatibi
Manba: Mulohaza.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Singapurda jahon shaxmat toji uchun bahs boshlandi
"Yirtqich" ovga chiqdi...
Namanganda olib qochilgan avtomobil «Qamchiq» dovonida to‘xtatildi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Xitoy Yaponiya va sakkizta davlat fuqarolariga vizasiz rejimni joriy etadi
Yevropani Ukrainadagi mojaro boshlanganidan beri eng sovuq qish kutmoqda
Peskov AQSHning amaldagi ma’muriyatini Ukrainadagi vaziyatni keskinlashtirishda aybladi