16:26 / 22.05.2018
4 602

Bebaho lazzatlar...

Bebaho lazzatlar...
Men musulmon bo‘lib tug‘ildim, musulmon bo‘lib yashayapman va ozmi-ko‘pmi dinimni o‘rganishga harakat qildim. Aytmoqchi bo‘lgan fikrimni ifodalash uchun ayrim o‘rganganlarim yoki shu yo‘lda menga duch kelgan bilimlarni shartli ravishda ikki toifaga ajratib ko‘rsatishni ma’qul topdim.

Birinchi toifadagi o‘rganganlarim:

1. Iymon. Avval ham, oxir ham, zohir ham, botin ham Alloh ekanini anglash. Unga xuddi Uni ko‘rib turgandek yukunish. Bandaga bandalik kishanidan ozod bo‘lib, Allohga bandalik lazzatini his etish;

2. Birodarlik, do‘stlik. O‘ziga yoqqan narsani do‘stidan qizg‘anmaslik. Hatto o‘ziga yomonini olib qolib, birodariga yaxshisini berish. Xudbinlik kishanidan ozod bo‘lib, birodarlik, do‘stlik lazzatini his etish;

3. Rostgo‘ylik. Hatto o‘zinining zarariga bo‘lsa ham rost gapira olish va shu bilan odamlarning gap-so‘zlariyu noqis aql o‘lchovidagi “ziyon ko‘rib qolish xavfi” atalmish bir bahaybat devdek ko‘ringan, aslida esa bir chivindek ham kuchga ega bo‘lmagan kishandan ozod bo‘lib, rostgo‘ylik lazzatini his etish;

4. Kamtarlik. Qanchalar ozor bergan dushman ustidan g‘alaba qilganda ham kerilib ketmaslik, aksincha, tavba va istig‘forni kuchaytirish. Butun dunyo qo‘lida tursa ham oddiy bir odamning shikoyatiga diqqat bilan quloq sola bilish, faqirlardek kun kechira olish, yelkadagi ulkan mas’uliyatni his etish. Manmanlik, kattazanglik botqog‘idan, odamlarning ta’zimiyu maqtovlariga qul bo‘lib qolish kishanidan ozod bo‘lib, kamtarlik lazzatini his etish;

5. Jiddiylik. Olayotgan har bir nafas, qo‘yilayotgan har bir qadam jannat sari yetaklayaptimi, do‘zax sarimi, bilib turish. Jannat sari bo‘lsa, yanada jadallashtirish, do‘zax sari bo‘lsa, esning borida etakni yopish. Behuda, ma’nosiz vaqt o‘tkazish kishanidan ozod bo‘lib, jiddiylik lazzatini his etish;

6. Ilm-fanga, tafakkur va tadabburga qaratilgan jiddiy e’tibor. Avvalo ilmni diniy va dunyoviyga ajratmaslik. Shartli tarzda ajratilganda dunyoviy bilimlarni ham chuqur egallash farz ekani. Bu bilan jaholat, kaltafahmlik, bilimsizlik kishanidan ozod bo‘lib, ilm-ma’rifat lazzatini his etish...

Bu silsilani istagancha davom ettirish mumkin...

Ikkinchi toifadagi o‘rganganlarim yoki shu yo‘lda menga duch kelgan bilimlar:

1. Soqolni qancha qo‘yish borasidagi qarashlar va tortishuvlar;

2. Musiqa masalasidagi qarashlar va tortishuvlar;

3. Ayolning yuzi avrat yoki avratmasligi haqidagi qarashlar va tortishuvlar;

4. Falakiy hisobga tayanishning shar’an durust yoki durust emasligi...

Bu silsilani ham yana anchagacha davom ettirish mumkin...

Aziz o‘quvchim, nima demoqchi bo‘layotganimni anglab oldingiz, deb o‘ylayman. Men asosiy e’tibor birinchi toifadagi bilimlarga qaratilishi lozim, deb bilaman. Ikkinchi toifadagi bilimlarni esa ulamolarimizga qo‘yib beraveraylik. Toki, aqlimiz yetmagan ishga aralashib, o‘nglash o‘rniga buzib qo‘ymaylik.

Ming afsuslar bo‘lsinki, nazarimda bugungi ummatning aksar vaqti ikkinchi toifaga oid bilimlar bilan band bo‘lib qolyapti. Shu qadarki, ko‘p o‘rinlarda bizdan bandalik, birodarlik, rostgo‘ylik, kamtarlik, jiddiylik va ilm-ma’rifat kabi bebaho lazzatlarni tortib olayotgandek bo‘lyapti.

Alloh taolo biz uchun bu bebaho lazzatlarni bardavom aylasin. Bizga haqni haq qilib ko‘rsatsin va unga ergashishni nasib etsin. Nohaqni nohaq qilib ko‘rsatsin va undan uzoqlashishni muyassar aylasin. Omin.
Muqim MAHMUD

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bebaho lazzatlar...