Farzandlariga yaxshilik qilish ota – onaning fitratlarida bor. Ehtimol, shu sababdan ham biror oyat yoki hadisda ota-onani o‘z farzandiga mehr ko‘rsatib, yaxshilik qilishga alohida tarzda tavsiya qilganini ko‘rmaymiz. Ular hatto o‘zlari kasal bo‘lishlari evaziga ham bolalari sog‘-salomat yurishlarini, och qolishsa ham, farzandlari to‘q bo‘lishlarini xohlashadi. Qo‘llaridagi mazali taomni bolalariga yedirib, huzurlanishadi. Lekin ba’zilar ulg‘aygach, qanday katta bo‘lishganini tez unutib qolishadi. Shu bois farzandlarga ota-onaning haqini qayta – qayta eslatib turish kerak. To farzandlar bolasini deb tunlarini bedor o‘tkazgan, o‘g‘il – qizini o‘zidan ham ortiq ko‘rgan zotlarning qadriga yetishsin. Eng muhimi Qur’oni karimda ota-ona haqi Allohning haqidan keyin zikr etilganini, ota-onaga shukr qilish Allohga shukr qilish bilan teng ekanini hamda Allohning roziligi ota-onaning roziligiga bog‘liq ekanini unutmasin.
Ota-onaga yaxshilik qilish va uning mukofoti borasida oyat va hadislarda quyidagi ko‘rsatmalarni ko‘rishimiz mumkin:
“Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani sherik qilmanglar! Ota-onangizga esa yaxshilik qiling! Shuningdek, qarindosh...ga ham” (Niso, 36).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ota-onaga yaxshilik qilishni Allohga suyukli amallarning eng ulug‘i deganlar. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Men Payg‘ambarimiz alayhissalomdan: ” Alloh taologa qaysi amal eng suyukli?” deb so‘radim. U zot “O‘z vaqtida o‘qilgan namoz”, dedilar. Men: “Keyin qaysi amal? dedim. U zot: “Ota –onaga yaxshilik qilish ” , dedilar” (Muttafaqun alayh). Farzand zimmasiga ota –onaning bir qancha haqlari bor:
1. Yaxshilik qilish. Ularni moddiy jihatdan muhtoj holatda qoldirmaslik, yashash sharoitlarini yaxshilash, qo‘llab-quvvatlash. Ya’ni, ularning diniy va dunyoviy manfaatlari yo‘lida say’-harakat qilmoqligi lozim bo‘ladi.
2. Shirin so‘z va chiroyli muomalada bo‘lish. Ota-onaning yoshi o‘tgan sayin yordamga va e’tiborga zoriqadi. Farzand ularga doimo chiroyli muomala qilib, shirinso‘z bo‘lishi kerak. Ammo g‘azab qilish, siqilganini ko‘rsatish, ota-onaning yuragini larzaga soladi.
“Robbingiz, Uning Uzigagina ibodat qilishingiz hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Ey inson! Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!...” dema va ularni jerkima! Ularga doimo yoqimli so‘z ayt!” ( Isro, 23) .
3. Tavoze va muloyimlik ko‘rsatish. Goho farzandlar otalaridan ko‘ra boyroq, boshqalar nazarida obro‘liroq bo‘lib qolishadi. Dinimiz bunday holatda, bolalar qancha boy va obro‘ga ega bo‘lmasin, ota-onasiga muloyim va mehribon bo‘lishni buyurgan: “Ularga mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut...” (Isro, 24).
4. Ota-ona haqqiga duo qilish. Farzand go‘yo ota-ona parvarishlagan nihol. Inson yaxshilikni qaytarishga ojiz bo‘lsa, uning uchun duo qilish go‘zal vafodorlikdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadislarida odam vafot etilganida, uning barcha amali to‘xtab, faqat uch narsadan savob yetib turishi aytilgan. Ulardan biri solih farzand qilgan duodir.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “...Va ayt: “Ey Rabbim! Meni go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!” (Isro, 24).
5. Ota-onaning do‘stlari bilan aloqani mustahkamlash. Farzandlar ota-onaning vafotlaridan keyin qarindoshlar bilan aloqalarini mustahkamlashlari, ularning do‘stlari holidan xabar olib turishlari kerak. Bani Salama qabilasidan bo‘lgan bir kishi Payg‘ambarimizdan: “Ey Allohning Rasuli! Ota-ona vafotlaridan keyin ular uchun yaxshilik qilishimga biror ish bormi?” deb so‘radi. Payg‘ambarimiz: “Ha, ularning haqiga duo qilib, istig‘for so‘rashing, vasiyatlarini amalga oshirishing, qarindoshlari bilan aloqani mustahkamlashing va do‘stlarini hurmat qilishing” dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Imom Muslimdan qilingan rivoyatda Payg‘ambarimiz: (Ota-ona vafotidan keyin) qilinadigan eng katta yaxshilik – ularning do‘stlari bilan aloqa o‘rnatishdir” , deganlar.
Ulamolar ota-onaga nisbatan qilinadigan mazkur haqlarda onaning haqqi otaning haqqidan uch barobar ortiqroq bo‘lishini alohida ta’kidlaydilar. Zero Onalar zaif va ko‘ngilchan, doimo bir suyanadigan, saxovatini his qilib turadigan kishiga muhtoj bo‘ladi. Shu sababdan ham Alloh taolo onaning haqini alohida ta’kidlagan.
“Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik. Onasi uni zaiflik bilan (qornida) ko‘tarib yurdi. Uni (ko‘krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdik:) “Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Qaytish Mening huzurimgadir”” (Luqmon, 14).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga bir sahobiy kelib: “Mening go‘zal suhbatimga eng haqli inson kim” deb so‘radi. Payg‘ambarimiz: “Onang” dedilar. U: “So‘ng kim?”, dedi. Payg‘ambarimiz: “So‘ng onang dedilar”. U: “So‘ng kim?”, dedi. Payg‘ambarimiz: “So‘ng onang dedilar”. U: “So‘ng kim?”, dedi. Payg‘ambarimiz: “So‘ng otang dedilar”.
Dinimiz ota-onaga yaxshilik qilishni buyurar ekan, ularni yaxshi-yomonga ajratmaydi. Ota-onaga yaxshilik qilish farz, har bir farzand zimmmasidagi burchdir.
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Farhod JO‘RAYeV
Farhod JO‘RAYeV
Manba: muslim.uz
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
AQSHda 10 yoshli bola politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, matematikadan uy vazifasini bajarishda yordam so‘radi
Rossiya Davlat dumasiga rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktablarga kiritishni taqiqlash loyihasi kiritildi
Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish... Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?
Sayxunobodda qarzdor otadan salkam 75 mln so‘m aliment pullari undirildi
Xonanda Munisa Rizayeva ilk marta ona bo‘ldi
Kipr hukumati rossiyalik va ukrainalik milliarderlarning «oltin» pasportlarini olib qo‘ydi
Eron oliy rahnamosi Netanyaxuni qatl qilishga chaqirdi