17:53 / 29.06.2018
4 937

Ko‘ngil tayanchidan ayrilgan amaldor

Ko‘ngil tayanchidan ayrilgan amaldor
— Ha, saharmardondan qayoqqa otlanyapsiz? Endi ko‘chalarda piyoda yurgani xijolat bo‘lmaysizmi? Kechagina Mardon Qosimovich bo‘lib ostonasigacha mashina olib kelib, yana ostonasidan mashina olib ketgan odam oyog‘ida yursa, ayanchli ko‘rinsa kerak. Rahmi kelganning ham, kelmaganning ham tilidan “Bechora, shu kunga tushibdi-da”, degan gapni eshitgingiz kelyaptimi?

Kechagina eriga gapiradigan bo‘lsa, goh “Ulug‘im”, goh “Hazrat”, deya tilidan bol tomib murojaat qiladigan xotinining yosh bolaga gapirgandek jerkishi diliga qattiq botgan bo‘lsa-da, Mardon Qosimovich Nazokatni qa­yirmadi. Axir Mardon Qosimovich hozir bittani gapirsa, Nazokat ikkitani yopishtiradigan bo‘lgan. Kelin-kuyovlar oldida sochi oqarganda xotini bilan “san-man”ga borib, obro‘sini tushirgisi kelmadi.

— Qishlog‘imga borib, bir aylanib kelmoqchiman. Rahmatli ota-onam tushimga kiribdi. Dadam “Qabrimning bir cheti o‘pirilib ketdi, shamol kiryapti”, dermish. Qabrini ziyorat qilay, chindan ham qarovga muhtoj bo‘lsa…

Mardon Qosimovich yoniga yugurib kelgan kenja nabirasini dast ko‘tarib, bir-ikki marta osmonga otdi-da, hansirab qolib, yana yerga qo‘ydi. Ter chiqa boshlagan yuz-ko‘zini artay deb cho‘ntagiga qo‘l tiqdi: ro‘molchasi yo‘q. Lekin hanuz boloxonada qo‘lini beliga tirab, eriga qarab turgan xotiniga: “Xonim, cho‘ntagimga ro‘molcha solishni unutibsiz-da”, demadi.

— Mayli, yaxshi o‘tiringlar. Mendan xavotir olmanglar. Vaqtimga qarab kelaman, — dedi.

Nazokat esa taomil bo‘yicha:

“Yaxshi borib keling. Qarindoshlarni so‘rab qo‘ying”, — deyishning o‘rniga:

— Ota-onangizning qabrlariga ohak surkash uchun hamma pulni olib ketish shart emasdir. “Ma sanga, ma sanga, nima qoldi Hasanga” qilib kelmang! — deb javrab qoldi.

Mardon Qosimovich ko‘chaga chiqqach, ko‘ylagining tugmalarini yechib yubordi. “Xotin zoti do‘st bo‘lmaydi”, deganlari to‘g‘ri gap, shekilli. Axir amalda o‘tirganimda ham, vaziyat taqozosi bilan amaldan tushganimda ham o‘sha-o‘sha Mardonman. Lekin o‘ttiz yillik xotinimning nazdida bir kunda qadrsizlanib qoldim… Yeganing oldingda, yemaganing orqangda kunlarni unutdingmi? Axir qulog‘ing jez isirg‘a ham ko‘rmagan qiz eding. Mardon Qosimovichning orqasidan bo‘yning tilla zanjir, barmoqlaring qo‘sha-qo‘sha uzuk ko‘rdi. Shu qilganlarimning qadri yo‘qmi?» Mardon Qosimovich bu gaplarni xayolida bir necha marta takrorladi, lekin tiliga chiqara olmadi.

So‘ng qay bir donishmandning “Xotinlar kulib yengadi. Kulib yengolmasa, baqirib yengadi. Agar bunda ham niyatlariga yeta olishmasa, yig‘lab yengishadi. Chunki yig‘layotgan ayolga qo‘l ko‘tarish ham, biror narsani uqtirish ham befoyda. Faqat «Seniki to‘g‘ri”, debgina kun ko‘rish mumkin», deya aytgan gapi esiga tushib, indamay qo‘ya qoldi. Mana, amaldan tushganiga ikki oy bo‘ldi, hanuz tilining ustiga tosh qo‘yib kelyapti…

* * *

“Tavakkal qilib yuraveray, biror tanish ko‘chadan chiqib qolarman”…

Mardon Qosimovich taksini qishloqqa kiraverishdagi guzardan qaytarib yubordi. Chunki u hech qayerni tanimayotgan edi. “Tag‘in o‘zimning ko‘chamga kirib, bu ko‘cha qaysi ko‘cha?” deya so‘rab turmay dedi-da, Mardon Qosimovich duch kelgan tarafga qarab yo‘l oldi. U xuddi tanish ko‘chalardan yurayotgandek salmoqlanib qadam tashlar, aslida, biror xonadon, biror binoni tanimayotgan edi. Mardon Qosimovich baland-baland ko‘tarilgan shiferli, oppoq oqlangan uylar oldidan o‘tar ekan, qisqa fursatda Shirmonbuloqning shu qadar o‘zgarib ketganiga ishongisi kelmasdi. O‘qish, ish payti bo‘lgani uchun bo‘lsa kerak, ko‘chalarda ham odamlar siyrak, uchraganlar ham salom berib o‘tib ketishar, Mardon Qosimovich birortasini tanimasdi. Tepasiga “Dorixona” deb yozilgan ixchamgina bino oldida to‘xtab, “Shu yerga kirib, Asqaralining uyini so‘rasammikin?”, deb turgan edi, o‘rta yoshlardagi bir odam dorixonadan chiqayotib, unga yaqinroq keldi-da:

— Uzr, Mardonmisiz? — deb so‘radi.

Mardon Qosimovich birrovga uni kimdir tanigani, ismini aytganiga suyunib ketdi-da, ammo o‘zi ham bu odamning kimligini eslagach, bo‘shashdi, oyoq-qo‘llaridan darmon qochgandek bo‘ldi.

— Zamonalimisiz? — deb so‘radi ruhsiz bir ovozda.

— Ha, omonmisiz? Uy ichi, oiladagilar yaxshimi? — Zamonali Mardon Qosimovich bilan samimiy so‘rashdi. — Keling, bir jigarlarni yo‘qlab qo‘yay, debsiz-da! Yaxshi qilibsiz, hech kim jigarlarchalik odamga ko‘ngil tayanchi bo‘la olmaydi.

Mardon Qosimovichning nazarida Zamonali kesatiq qilayotganga o‘xshadi.

— Ha, bir fursat bo‘lib qolgan edi… — dedi chaynalib.

“Balki, ishdan ketganimni Zamonali eshitgandir. Kelib qolsa, ko‘rib qolsam, bir boplayman, deb yurgandir”, deb o‘yladi.

— Yuring, Mardon. G‘arib kulbamiz, bir piyola choyimiz bor. Kirsangiz, xursand bo‘lamiz, — dedi Zamonali.

— Rahmat, boshqa gal. Uyga boray-chi…

Mardon Qosimovich nima qilishni, gapini qanday davom ettirishini bilmay iyagini qashidi.

— Mayli, shu yerda bo‘lsangiz, Asqarali bilan o‘ting. O‘tgan-ketgandan gaplashib o‘tiramiz…

Mardon Qosimovich ichidan zil ketdi. O‘sha aro yo‘lda qolib ketgan iltimosini esiga solmoqchi bo‘ldi. O‘shanda nega o‘zi beparvolik qildi? Allaqanday Zamonali deb institut rektoriga egilib yuramanmi, dedi.

Mardon Qosimovichning bir xayoli: “Jiyaningiz nima bo‘ldi?” deb so‘ramoqchi, shu bilan, “Men o‘shanda rektorga aytganman”, degandek ishora qilmoqchi bo‘ldi. Lekin soxta navozishga yuragi dov bermay, sekin odimladi. O‘shanda lavozim kursisiga o‘tirganiga besh-olti yil bo‘lib qolgan, u yoq-bu yoqqa gapi o‘tadigan yillar edi. Mana shu bir maktabda o‘qigan Zamonali uni yo‘qlab bordi.

— Afg‘onistonda xizmat qilib kelgan jiyanim bor, opamning yakkayu yagona o‘g‘li. Bilasiz, u yoqda xizmat qilib kelganlarning aksariyatining ruhiyatida o‘zgarish bo‘ladi. Jiyanim ham tezobroq. Institutda o‘qiyotgan edi, o‘zi juda iqtidorli yigit. Bir amaldorning bolasi bilan gap talashib, janjallashib qolishibdi. Bular uch kishi, u tarafda ham ikki-uch yigit bor ekan. Yigitlar o‘zlari erkakchasiga hal qilsa bo‘ladigan masala janjalga aylanib ketibdi. Xullas, institut rektori qora ro‘yxatga — ichki ishlar hisobiga tushmaslik uchun bularga “bezori” degan yorliq yopishtirib, o‘qishdan haydash haqida buyruq chiqaribdi. Jiyanim bezori yigit emas, jiddiy, mas’uliyatli bola, faqat tezobroq. Iltimos, oraga tushsangiz, o‘qishi juvonmarg bo‘lib ketmasin, — dedi.

Mardon Qosimovich Zamonalini diqqat bilan tinglagandek bo‘ldi.

Faqat:

— Jiyanimni yoningizga olib kelaymi? Gaplashib ko‘rasizmi? — degan taklifiga:

— Shart emas, ism-familiyasi, fakultetini yozib bering! — dedi.

Ammo Zamonali ketgach, rektorga uchrashgisi yo qo‘ng‘iroq qilgisi kelmadi. “Men nimadir iltimos qilsam, u ham erta-indinga nimadir so‘raydi, afg‘onchi bo‘lsa, haqini biladi, o‘zi yo‘lini topib ketar”, deb o‘yladi. Keyinchalik Zamonali unga bir-ikki qo‘ng‘iroq qildi, kotibaga:

— Yo‘q, deng. Safarda edi, deb qo‘ya qoling, — dedi…

Mardon Qosimovich og‘ir-og‘ir qadam tashlab borar ekan, tobora qo‘l-oyoqlari, boshi o‘ziga og‘irlik qilayotgandek tuyular edi. Nihoyat, adashib, bir kirgan ko‘chasiga ikki-uch kirib, ota uyi — hozir amakisining o‘g‘illari yashayotgan xonadonni topdi. Baxtiga, katta jiyani Asqarali uyda ekan. U amakivachchasini ko‘rib, quvonib ketdi.

— Bormisiz, Mardon aka, sizni ham ko‘radigan kun bor ekan-ku. Hoy, kim bor, bu yoqqa qaranglar. Toshkentdan aziz mehmon keldi…

Birpasda ariq yoqasidagi so‘riga joy qilindi. Suvlar sepilib, ariqqa tarvuz dumalatildi. Yumshoq parquga suyanib orom olarkan, Mardon Qosimovich boyagi yo‘lda diliga tushgan dilxiralikni unutishga harakat qildi.

— Oling, Mardon aka, chakki g‘uboringizni oladi. O‘zimiz qilganmiz, hozir sho‘rva keladi, qaynoqqina…

Mardon Qosimovich amakivachchasining beg‘uborligi, beta’maligidan ham xursand, ham xijolat bo‘lardi. Axir shuncha yillar orom kursida yastanib mana shu qondoshlariga bitta nafi tegmabdi. O‘zlari ham hech narsa so‘rashmadi-da. Faqat… kenja amakivachchasi Akbarali… Akbarali ikki marta uni yo‘qlab borgan edi.

— Akbarali qalay? Haliyam qog‘oz-qalam quchoqlab yuribdimi? — deb so‘radi Mardon Qosimovich, so‘rashga so‘radi-ku, pushaymon bo‘ldi.

Nima qilardi o‘lgan ilonning boshini qo‘zg‘atib?

— Ha, uyam sizga o‘xshab shaharlik bo‘lib ketgan. Katta rassom, o‘zining ustaxonasi bor, o‘n chog‘li yoshlarni yoniga olib, ustozlik qilyapti…

Asqaralining gap ohangidan ukasi bilan faxrlanishi sezilib turibdi. Mardon Qosimovich:

— Ha, shunaqami, omadini bersin! — deb qo‘ya qolsa, olam guliston edi. Lekin o‘zi:

— Ie, shunaqami? Amakim bor deb bormaydiyam… — deb yubordi.

Aytib xato qildi. Asqaralining yuziga g‘alati bir ifoda qalqi­gandek bo‘ldi.

— Nazarimda, xabaringiz yo‘qqa o‘xshaydi. Akbarali borgan — dedi-da, o‘g‘li patnisga solib keltirgan kosani oldiga qo‘ydi.

Betida mayda qirqilgan rayhon va qo‘y yog‘i parchalari suzib yurgan sho‘rvadan xush is anqib, dimoqni qitiqlar edi.

— Oling, Mardon aka, sho‘rva sovimasin. Uni qaynoqligida ichganga ne yetsin, “Yetmish ikki dardga davo”, derdi rahmatli dadam…

— Ha, amakim rahmatli benazir inson edi, — dedi Mardon Qosimovich.

— Ha, ukam dadamga tortgan, san’at odami…

Asqarali:

— Ukam bir gal to‘yidan avval sizni axtarib borgan. Dadam rahmatli farzandlarining to‘yiga taniqli hofiz Faxriddin Umarovni olib kelishni orzu qilarkan. Ukam “Dadamizning istagini amalga oshirsak, ruhlari shod bo‘ladi”, deb o‘zi hofizga uchray olmay, sizni qora qilib borgan ekan, nazarimda, kelinoyim…

— Ha, men safarda edim. Qaytib kelgach, kelinoying aytdi. Ammo to‘y sanasi o‘tib bo‘lgan edi, keyin shu ish, yugur-yugurlar bilan…

Mardon Qosimovich bu yog‘iga nima deyishini bilmay, jim qoldi. Aslida, u yolg‘on gapirayotgan edi. Akbaralining kelganini Nazokat aytishga aytdi.

— Falon joyda bo‘laman, amakim bilan uchrashsam degandim, dedi. Nazarimda, jiyaningiz sizdan pul so‘ramoqchi. To‘y oldidan odamga bosh­qa nima kerak bo‘ladi? Albatta, pul! Nima, sizning bolangiz yo‘qmi? Nima, siz to‘y qilmaysizmi? Qishloqilarining to‘yonasi nima bo‘lardi? Suzma bilan qurut ko‘tarib kelishadi-da. Uchrashib, ovora bo‘lib yurmang. Men sizni safarda dedim.

Nazokatga o‘sha paytda Mardon Qosimovich “Baribir, to‘yona berish kerak edi”, demoqchi bo‘ldiyu, shu lo‘li xotini bilan adi-badi aytishgisi kelmay, indamay qo‘ya qolgandi.

Hozir sho‘rvani ichish-ichmasligini ham bilmay o‘tirar ekan, ichida “Jiyanim bor-yo‘g‘i otasining vasiyatini amalga oshirmoqchi bo‘lgan ekan-ku, o‘shanda men ahmoq xotinimning gapiga kirmay, jiyanim aytgan joyiga borsam bo‘lmasmidi?” deb o‘yladi, ichi ezildi, ishtahasi bo‘g‘ildi.

— Oling, Mardon aka… O‘zingiz Akbarali bormayapti, deganingizga aytdim-da. “Katta ko‘prik, kichik kofir”, degan naql bor. U torlik qilib kelmasayam siz o‘g‘illaringiz bilan Akbarnikiga boring. Axir biz bir daraxtning yaproqlarimiz. Biz uzoqlashsak, bolalarimiz tamoman begona bo‘lib ketishadi.

Asqarali gapni boshqa tarafga burdi. Lekin endi Mardon Qosimovichning avvalgidek ishtahasi yo‘q edi. Bir-ikki qoshiq sho‘rva ichib:

— Kelin birpasda qilib kelgan qatlama juda to‘yimli ekan, sho‘rva ketmayapti, — deb qo‘ydi.

Aslida, uning esiga jiyani Akbaralining yana bir yo‘qlagani tushgan edi. Bu gal uyiga emas, idorasiga borib taklifnoma tashlab ketgan edi. Shaxsiy ko‘rgazmasiga.

— Ie, zo‘r-u, qishloqdan kelib, markazda shaxsiy ko‘rgazma o‘tkazayotgan bo‘lsa, borish kerak, — dedi.

Lekin bu esidan chiqib ketgan ekan. Ko‘rgazma o‘tgan, ertasimi, indinimi, yordamchisi:

— Mardon Qosimovich, ko‘rgazmaga bormadingiz-a? Jiyaningizning ko‘rgazmasidagi bir bo‘lim “Mening oilam” deb atalar ekan. Sizning adangiz, oyingizning ham rasmini chizgan ekan, — dedi.

Shunda ham Mardon Qosimovich yordamchisiga:

— Nega shu gapni taklifnoma bergan paytda aytmading? Shunda esimdan chiqmas edi, — deb urishib berdi.

Keyin ham hafsala qilib bormadi…

* * *

Qabriston. Barcha odamlarning bir kun keladigan joyi.

— Sen mensiz ham bu yerga tez-tez kelsang kerak. Men o‘zim… — dedi Mardon Qosimovich.

Asqarali uni tushundi va qabristonga kiraverishdagi o‘rindiqda o‘tirib qoldi. Mardon Qosimovich u ko‘rsatgan yo‘lakdan yurib, ota-onasining qabrini topdi. Yo‘q, ikkalasining ham qabri atrofiga gullar ekilgan, oqlangan. Boshlariga sadaqayrag‘och soya solib turardi…

“Dadam nimadan bezovta bo‘ldi ekan? Balki, mening amaldor bo‘lib, g‘o‘ddayib, jiyanlarimdan uzoqlashib ketganimga notinch bo‘lgandir? Qiyin kunimda meni oilamga qaytarmoqchi bo‘lgandir. To‘rt tarafim huvillab, bo‘shliqda qolgandek tuyulyapti. Farzandlarim o‘zi bilan ovora. Bunday paytda meni kim suyaydi? Albatta, jigarlarim, qondoshlarim. Bosh­qa kimim bor axir? Lekin men ularga kerak paytimda biror xizmatiga «Labbay” debmanmi? Shuning uchun yuzim qora mening…»

Mardon Qosimovich ota-onasining qabri qoshida cho‘kkalab o‘tirar, xuddi ikkovi bag‘ri xun farzandlarini eshitayotgandek shivirlar, amaldan tushganidan buyon ichida to‘planib tugun bo‘lib yotgan hasratlarini to‘kardi. Mayin shabada esar, atirgullarning hidi atrofga tarqar, daraxtlarda qushlar sayrardi. Mardon Qosimovich go‘yo qaytadan dunyoga kelayotgandek edi.
Qutlibeka RAHIMBOYEVA

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ko‘ngil tayanchidan ayrilgan amaldor