16:56 / 24.07.2018
3 494

«O‘zimning maqolchi xotinim!»


So‘zlarning ham jinsi bormikan, deb o‘ylab qolaman, ba’zan. Birini erkak aytsagina yarashadi, biri ayolning o‘zginasi uchun o‘ylab topilgandek. Asosan, ro‘zg‘orga aralashib, uy yumushlari bilan kuymalanib, yugur-chopdan bo‘shamayotgan ayol tiliga vaziyat taqozosi bilan ne-ne naqllar kelmaydi, deysiz! Bir qarasangiz, «yopig‘liq qozon»ni ochmaslikni so‘rab, qo‘shni ayol bilan sirlashishga tushib ketadi, bir qarasangiz, sizni «chuchvarani xom sanagan» kishiga chiqaradi-qo‘yadi. Nima bo‘lganda ham, zinhor-bazinhor uning «sovuniga kir yuvolmaysiz». Xullas, hayotiy tajribamdan kelib chiqib, shuni aytishim mumkinki, ayolni bezab turuvchi faqat upa-elik emas! Mundoq e’tibor bersangiz, ayollarga chinakamiga husn bag‘ishlab turuvchi, kayfiyatini ifodalovchi shu – naqllar! Buni men, mahallamizda barchaga ma’lum va mashhur «Maqolchi Sharofatxonning» «zakonniy» eri aytyapman! Mana shulardan uch-to‘rttasi.

Bor tovog‘im, kel tovog‘im, bormasang-kelmasang, o‘rtada sin tovog‘im!

Buni biror erkak kishidan emas, ayollardan ko‘p eshitamiz. Rafiqamning aytishicha, ushbu naql, asosan, quda-andachilik munosabatlariga taalluqli ekan. Ayollar bu borada ishning ko‘zini biladi, deymizmi yoki kirishimlimi, xullas, «tovoq sindirmaslik» mas’uliyati har jihatdan ularga bog‘liq.

Bilganim shuki, odatga ko‘ra, qudalar bir-birinikida to‘yningmi yo ziyofatningmi isini olsa, darrov yo‘lga tushadi. Quruq qo‘l bilan emas, albatta, tog‘ora hozirlanadi. Tansiq taom, sarpo, sovg‘a-salom bilan yo‘qlashning o‘zgacha gashti bo‘lsa kerak-da. Biz erkaklar bu «taktika»ning sirini bilolmay, sochimizga oq tushadi-yov.

Xullas, nima deyotgandim, ketarda quda tomon ham bo‘sh kelmaydi, kelgan tog‘orani «siylab» qaytaradi. Mabodo, buning aksi bo‘lsa bormi, tomoshaning kattasini ko‘rasiz! Qisqasi, bu naqlning ma’nosi «Qudangiz sizni siylab, shuncha narsa berib yuboribdimi, siz ham uni siylang, bo‘sh qaytarmang. Kezi kelib, unikida biror yig‘in bo‘lib qolsa, siz ham xuddi shunday yo‘l tutasiz. Aks holda, quda-andachilik munosabatlari soviydi», degani. O‘rta yo‘lda tovoq sindirib yurmang, tag‘in,xonimlar!

Urvog‘iga chidagan yupqa qilsin

Xotinimning «maqollar» bisotida shunaqasi ham bor ekan. Eshitib hayron qoldim. So‘rasam, u shunday dedi: «Urvoq – xamir mushtlayotganda, yoyayotganda taxta va supraga yopishib qolmasligi uchun sepiladigan un. Ayniqsa, «yupqa» tayyorlanayotganda urvoqnisbatan ko‘proq ishlatiladi. Bu – maqolning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’nosi. Ma’jozan olib qaralganda esa «Bir ish qilmoqchi bo‘lsangiz, chiqimidan qochmang, cho‘chimang, dadil qadam tashlang!», degani bo‘ladi. Qiziq, bu naqlni xotinim menga tekkizib aytdimikan yo?..

Chiqqan qiz – chiydan tashqari

Bilamiz, bu maqolni ko‘p eshitgansiz. Ayniqsa, «Kuyovingiz meni xafa qildi» deya endi arz qilaman deganingizda onangiz «Chiqqan qiz – chiydan tashqari», deydilar. Yashasin, oilaparvar qaynonalar! Sharofatxon, nima dedingiz?!

Endi bu maqolning tarixiga to‘xtalsak (ma’nosi ayni erkaklarbop, menga juda yoqadi!). Etnograflar uni Samarqand viloyatining Namozgoh qishlog‘ida yozib olinganini ma’lum qilishadi. Maqol izohi shunday keltiriladi: «Modomiki, erkak uyga va uydagilarga xo‘jayin ekan, xotinning qarindoshlari ayrim hollardagina uning turmushiga aralashadilar. Chiy – o‘tovga tashqari tomondan qoplanadigan qamish to‘siq. Bundan kelib chiqadiki, turmushga berilgan qiz chiydan, o‘tovdan, demak, oila a’zoligidan tashqariga chiqqan. Shuning uchun uning yangi oilasi, turmushiga bo‘lar-bo‘lmasga aralashavermaslik kerak».

Erga tegish oson, etik tortish qiyin

Eshitmagan bo‘lsangiz, diqqat qiling. Qadimda erning, shuningdek, qaynota-qaynonaning etik-mahsisini tortib yechib qo‘yish kelinlik vazifasi, farz sanalgan. Birmuncha qiyin, ba’zan kishiga malol keluvchi mana shu «etik tortish»da butunboshli uy-ro‘zg‘or ishlari qalashib ketgani, ayol kishiga nechog‘li og‘irligi o‘z ifodasini topgan. To‘g‘risi, bu maqolni xotinimdan ko‘ra, men tez – tez ishlataman. Yaxshi-da, ortiqcha gap – so‘zga hojat yo‘q. «Erga tegish oson, etik tortish qiyin», desangiz bo‘lgani.

«Kelinlik – sizning qizlik davringiz emas, shunday ekan, endi bunday qiyinchiliklarga ko‘niking, chidang», deyilmoqchi-da, unda.

Meni ham maqolchi, deb o‘ylamang. Yangangiz, Sharofatxondan eshitganlarimni aytib berdim, xolos. Shu-u-uncha ma’lumotni miyaga sig‘dirib yurish qiyin-da, menga ham. Oxori to‘kilmagan gaplarni sizga ilindim. Yangilari bo‘lsa xabarlashamiz!
Sharofatxonning eri Qo‘chqorvoy

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «O‘zimning maqolchi xotinim!»