Ey, peshindagi uyqu! Sen mening hayotimdagi birinchi yomon ko‘rgan narsamsan!
Endi-endi esimni taniy boshlaganim bog‘cha davriga to‘g‘ri keladi. Bog‘cha davridan esa bitta narsa – peshindagi uyqu xotiramda muhrlanib qolgan. Shunaqa yomon ko‘rardim seni! Bog‘cha opalarimiz majburlab uxlatishardi. Ular bilan-ku uyg‘onganimizdan keyin kompot berishganida yarashib olardik, ammo seni – peshindagi uyquni hech kechira olmasdim! Yomon ko‘rardim!
Umrimning eng shirin damlarini tortib olayotgandek ko‘rinarding! O‘rtoqlarim bilan eng qiziq o‘yinimizning eng muhim joyida paydo bo‘larding. Hamma narsaning beliga tepib, ajdarhodek domingga tortarding bizni. Sen ketganingdan keyin nima o‘ynaganimizni, qayerga kelganimizni eslolmay chalkashib ketardik. Birinchi marta so‘kinganimda ham seni so‘kkam bo‘lsam kerak, hoynahoy. Yoki unda hali so‘kinishni bilmasmidim?! Xullas, seni yomon ko‘rardim, juda yomon ko‘rardim, ey, peshindagi uyqu!
Maktabga chiqib sendan qutulganimga xursand bo‘ldim. Seni unutdim. Seni shunchalik yomon ko‘rganimdan, bir necha yil borligingni ham bilmay yashadim. Shunchalik xafa bo‘lganman shekilli, hayotimdan butunlay o‘chirib tashladim.
Universitetni bitirish arafasida seni eslagandim. O‘shanda, amerikaliklarga hamma masalada havas qilish kasaliga yo‘liqqanimda, Amerika markazi – Nyu-York shahrida sening qadring naqadar baland ekani, Nyu-York markazidagi Manxetten biznes rayonida kazo-kazo ishbilarmonlar uchun «Metronaps» firmasida ish ko‘rsatishing meni ajablantirgandi. Hatto o‘sha firmaning rasmiy internet sahifasi – www.metronaps.com saytida seni qanchalik maqtab yozishganiga hayron bo‘lgandim. Sen bilan 20 daqiqa uchrashish uchun amerikaliklar 14 dollar to‘lashayotganini o‘qib, ko‘zlarimga ishonmagandim.
Garchi meni butunlay tashlab ketgan bo‘lsangda, oxirgi vaqt seni tez-tez uchratadigan bo‘lib qoldim. Oxirgi uch yil Xitoyda ishladim, u yerdagilarning seni har kuni kanda qilmay ziyorat qilishlari meni lol qoldirdi. Hatto obro‘li tashkilotlarning rasmiy odamlari qabuliga kirganimda ham, xonaning bir chekkasida sening asbob-uskunalaring – yig‘ma krovat va yumshoq yostiqqa ko‘zim tushardi. Tushlikdan keyin ish yuzasidan bironta xitoylikni topa olmay qiynalganimda, ularning ofislari ichidan qulflangan, telefonlari o‘chirilgan ekanini ko‘rganimda, hammasining sen bilan diydorlashishayotganini sezdim. Ularku mayli, hatto ofisi va karovati yo‘q ko‘chadagi oddiy ishchilar ham sen kelganingda yerga uzala tushib kutib olishlari havasimni keltira boshladi. Shuncha vaqt bunga e’tibor bermagan ekanman, balki Xitoyning bu qadar tez sur’atda rivojlanayotganiga ularning senga bo‘lgan katta hurmati sababdir, ey peshindagi uyqu!
Yaqinda Gretsiyada tadqiqot o‘tkazishibdi. «CNN»ning xabar berishicha, 23 ming kishi ishtirok etgan tadqiqot sening mijozlaringda yurak ishlashi yaxshilanganini ko‘rsatgan. Peshinda uxlab olgan odam bilan peshinda uxlamagan odamning farqi katta bo‘lishini hatto G‘arb ham tan ola boshladi, shunchalik obro‘ying oshib ketdimi?
O‘sha greklarning aytishicha, yurakning yaxshilanishidan tashqari, sen ish unumini ham oshirganing va asabiylashish holatlarini ham keskin kamaytirganing kuzatilgan. Men esa qadringga yetmabman, seni bekor ranjitibman. Sen-ku mayli, sal qolsa tungi uyquni ham quvib solmoqchi edim. Bitta amerikalik olimning gapiga qaraganda, «tundagi uyqu bizga g‘or davridagi odamlardan qolgan meros» emish. Guyoki, g‘or davridagi odamlar kechasi tashqariga chiqishsa, yovvoyi hayvonlarga yem bo‘lishdan qo‘rqib, qorong‘u tushishi bilan g‘orlarga berkinib olishgan va o‘zlarini uxlashga majbur qilishgan ekan. Shuning asoratida bugungi odamzot kechasi uxlashga odatlanib qolganmish. «Bugun kechasi bizga xavf soladigan hayvonlar yo‘q. Sekin-asta bu yomon odatdan qutulishimiz va o‘zi shundoq ham qisqa umrimizning yarmini uyquga sarflamay, uyquni butunlay yo‘qotishimiz mumkin», – deb yozgandi o‘sha olim. Men sodda, uning gapiga ishonib, o‘zimni majburlab ikki hatto uch kun kechasi uxlamay ko‘rdim. Ammo bu kunduzi qiladigan ishlarimga salbiy ta’sirini o‘tkazganidan keyin fikrimdan qaytdim. Alloh bizga kechani «o‘rab olguvchi bir libos», undagi uyquni esa «badanlarimiz uchun bir orom» qilib qo‘ygan zot (Furqon sur’asi, 47-oyat) ekanini anglab yetib, amerikalik to‘qima olimning fikri safsata ekanini o‘z vaqtida inkor qildim.
Endi bildim, seni ko‘pchilik yaxshi ko‘rar ekan! Time jurnalida biznesmenlarning yolg‘on gapirishi haqida maqola o‘qigandim. O‘sha maqolada: «Peshindan keyin «uchrashuvdaman» degan biznesmenlarning aksariyati o‘z xonasida yostiq bilan uchrashayotgan bo‘ladi», – deb yozilgandi. Qara, qanchalik mashhursan! Internetni titkilab, sen zamonaviy Ispaniya madaniyatida ham kattta o‘rin tutishingni o‘qidim.
Ishqilib, bu o‘rta asrlardagi Andalusiyaning Islom bilan aloqasiga borib taqalmasin-da, bo‘lmasa seni haydab solganim uchun o‘zimni kechira olmay qolaman. Yo‘q, shunaqa ekan! Hatto Payg‘ambarimiz ham men yaxshi ko‘radigan «bomdoddan keyingi uyqu»ni emas, seni targ‘ib qilgan ekanlar! Katta-katta olimlar tungi ibodatni yaxshi o‘tkazish uchun sening xizmatingdan foydalanishgan ekan! Eh, qayerdan ham seni xafa qildim-a, peshindagi uyqu!
Mashhur odamlardan Tomas Edison butun umr seni kanda qilmagani, Uinston Cherchill esa hatto Ikkinchi jahon urushi davrida ham har kuni sen bilan uchrashib turgani endi yaramga tuz sepgandek bo‘lyapti, ey peshindagi uyqu! Cherchill hatto: «Peshindagi uyqu mening vaqtimni kamaytirmaydi, ko‘paytiradi – bir kunda men ikki kun yashagandek bo‘laman!», – deb aynan menga qarata aytgan bo‘lsa kerak. Men esa seni eng qadrli vaqtimni tortib olishda nohaq ayblagan ekanman!
So‘nggi yillarda texnika rivojlangani sayin vaqtimiz kamayib borayotgani sezilmoqda. Odamlar kechasi uxlagani yotganida ham yonida telefonini hech qachon o‘chirmayapti, o‘sha amerikaliklar ta’tilga chiqishsa ham kichik kompyuterlarni o‘zlari bilan olib ketishmoqda. Uyqu zamonaviy odam uchun noyob narsaga aylangan, uyquga berilib ketish esa kamchilik sifatida qaraladigan bo‘lib qolgan. Ammo baribir sening ahamiyating beqiyos ekanini hech kim inkor qilayotgani yo‘q. Nyu-Yorkni qo‘yib turing, hozir dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi zamonaviy tashkilotlar ham o‘z binolarida alohida «Peshindagi uyqu» xonalari tashkil eta boshlashibdi. Eng qizig‘i, peshindan keyin biroz uxlab olish uchun mo‘ljallangan bu xonalar «uyqu xonasi» emas, «kuch xonasi» (Power Room) deb atala boshlanibdi. «Chunki bu xona kuch beradi, peshindan keyin birrov uxlab olish ish unumini oshiradi», – deyishmoqda ekan dono ishbilarmonlar.
Kechir meni, ey peshindagi uyqu! O‘z vaqtida qadringga yetmaganim uchun, seni haydab solganim, yoshlik davrimda sendan unumli foydalanmaganim uchun kechir!
Sen bilan endi-endi tanisha boshlayotgan o‘g‘lim haqqi hurmati, qayt! Uning «Men peshindagi uyquni yomon ko‘raman!», – degan gaplariga e’tibor berma! U yosh bola, nima deyayotganini o‘zi bilmaydi.
Men seni yaxshi ko‘raman. Vaqtida qadringga yetmadim. Qaytaqol! O‘tinib so‘rayman! Rejalarim katta. Bir kunda ikki marta yashamoqchiman, ishlarimning unumli bo‘lishini xohlayman, balki kechasi ibodatga turishim uchun ham yordam berarsan. Sensiz bularning birortasini bajara olishimga ko‘zim yetmayapti. Iltimos, qayt, ey peshindagi uyqu!
Avaz BERDIQULOV
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”