Oilaviy poliklinikada bo‘lganimda yoshgina kelinchak va doktorlarning o‘zaro gaplari diqqatimni tortdi. Doktorlar bir-birlariga qarab bosh chayqab qo‘yishar, o‘z tashxislarini bayon qilishar edi. Kelinchak juda yosh, yosh bo‘lishiga qaramay homilador edi. U shifokorlarning gapini eshitmasdi go‘yo – yuzdan biror ma’no uqish qiyin edi. Shu tobda eshikdan bir ayol mo‘raladi-da, xonadagilardan o‘zini tortib, yana eshikni yopdi. Tashvishli ekani ko‘rinib turardi. Shifokorlar kelinchakka ruxsat berishdi.
– Qaynonasi boyagi ayolmi? – deb so‘radi, shifokorlardan biri.
– Ha, o‘sha. Uyalib o‘zini tortib turibdi.
– Nega o‘zini tortadi? – beixtiyor suhbatiga aralashdim tanish shifokorlarning.
– Ko‘ryapsizku, kelinchak endigina 16 yoshga kirgan. Homilasi yaxshi rivojlanmagan. Qaynonasi shundan tashvishda.
– Ko‘rinishidan ziyoliga o‘xshab turibdi. Bilaturib, voyaga yetmagan qizni kelin qilibdimi?
– O‘zi oliy ma’lumotli, tajribali shifokor.
– Ko‘ra-bila turib, yoshgina qizaloqning hayoti bilan hazillashibdimi? Qizning ota-onasi ham rozi bo‘libdimi?!
Ha, bilaturib, tavakkal qilishadi. Turmushga chiqayotgan qizning kelajak orzulari hech kimni qiziqtirmaydi. Ular qizlarini ertaroq “egasiga” topshirib, qiz tarbiyalash mas’uliyatidan ozod bo‘lishni istaydilar. Yaxshiroq, o‘ziga to‘q xonadondan so‘rab kelishsa, bunday imkoniyatni qo‘ldan bermaslikni xohlaydilar…
Samarqand shahar 1-sonli tug‘ruq majmuasining bosh shifokori Gulnora Jo‘rayeva bilan shu haqda suhbatlashdik:
– Gulnoraxon, ko‘p yillardan buyon onalar va bolalar salomatligi uchun kurashib kelasiz. Mahalliy deputat sifatida foydali takliflar bilan chiqasiz. Erta turmush qurish oqibatlariga guvoh bo‘lib, o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib kelyapsiz. Voyaga yetmagan kelinlarning farzand ko‘rishi qanday kechadi?
– Tug‘ruq jarayonida ona ham, bola ham ko‘p jarohat oladi. Ko‘p hollarda operatsiya qilishga to‘g‘ri keladi. Agar onaning o‘zi tug‘sa, bola jarohat oladi.
Yosh onaning tos suyagi hali rivojlanmagani sababli, ochilmaydi.
– Aytaylik, chaqaloq tug‘ildi ham deylik, onasi unga qanday munosabatda bo‘ladi?
– Bilasizmi, ular na chaqaloq parvarishini, na bola tarbiyasini bilishadi. Chunki o‘zlari hali yosh bola. Ayollar bilan o‘tkazgan uchrashuvlarimizda bu haqida ko‘p gapiramiz. Ammo kunlardan bir kun eshigimizdan yana 16 yoshli kelinchak kirib kelganida, farzandi sog‘ligiga, kelajak hayotiga e’tiborsiz ota-onalar hanuz borligidan xafa bo‘lamiz.
– Gulnora Ergashevna, ota-onalarku tushunmas ekan, FHDYo xodimlarining ko‘zi qayoqda?
– Ular rasmiy nikohdan o‘tmay to‘y qilishadi-da.
– Hech bo‘lmasa, sha’riy nikoh o‘qitishadi-ku?
– Bunisi domlalarning vijdoniga havola. Ammo turli yetishmovchiliklar bilan, nogiron bo‘lib tug‘ilayotgan bolalar uchun kim javob beradi? Aslida. Hamma narsa o‘z vaqtida bo‘lgani yaxshi.
Gulnoraxon shifokor sifatida, deputat sifatida kuyinib gapirarkan, o‘z ish faoliyati davomida bunday hollarga ko‘p duch kelayotganini aytdi…
Bir voqea yodimga tushdi. Poyezdda 18-19 yoshlar chamasidagi qiz bilan bir kupega tushib qoldim. Kelishgan, istarasi issiq qizni choyga taklif qildim. Qiz tortinibgina rozi bo‘ldi. U juda xomush edi. So‘ng gapga kirishib ketdik. Yaxshilab tanishib olgach, boshidan o‘tganlarini gapirib berdi. Faqat ismimni va manzilimni aytmang, ammo hayotimni aytib bering, hammaga. Toki men ko‘rgan azoblarni boshqalar ko‘rmasin, dedi. Endigina 19 yoshni qarshilayotgan qizning qanday azoblari bor ekan, deb o‘yladim. Boya tortinib turgan qiz shikasta ovozda hikoya qila boshladi.
“Otam yaxshigina lavozimda ishlardi. Uyda otamning aytgani qonun edi. Onam boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, mendan kichik ukam bor edi. Men maktabda a’lo baholarga o‘qirdim. Barcha fanlardan besh baho olardim. Ayniqsa, adabiyot fani jonu dilim edi. Adabiyot o‘qituvchimiz berilib dars o‘tardilar. Juda ko‘p she’rlarni yod olardik. Orzularga berilardik. Ilk she’riy mashqlarimni daftarga ko‘chirib, muallima opamizga ko‘rsatardim. Nafisa, kelajakda ajoyib shoira bo‘lasan, deb meni ruhlantirardilar.
9-sinfni bitirib, litseyga hujjatlarimni topshirish orzusida yurganimda, onajonimning xafaligini, yig‘laganini sezib qoldim. Xavotirga tushib, nima bo‘ldi, deb so‘ray boshladim. Onajonim baribir senga aytishim kerak, deb sababini aytdi: “Endi katta qiz bo‘lding, so‘zlarimni oxirigacha eshit, meni tushunishga harakat qil. Uch kun avval seni so‘rab, sovchilar kelishdi. Otangning boshlig‘i ekan. O‘g‘li magistirlikni chet elda tugatibdi. Ishlashga ham xorijga ketarmish. Senga uylanib, seni ham olib ketarmish…”
Bir hafta tinimsiz yig‘ladim. Men hali turmushga chiqish haqida o‘ylab ham ko‘rmagandim. Orzularimning cheki yo‘q edi. O‘qishni, tengqur dugonalarim bilan hunarlar o‘rganishni orzu qilardim… Oyday yuzlarimni g‘ijimlab tashlagim, qora xollarimni o‘yib olgim, uzun, qalin sochlarimni qaychilab tashlagim kelardi.
Badavlat, obro‘li xonadonga kelin bo‘ldim. Zebu ziynatlarning, qimmatbaho kiyimlarning ichida qoldim. Erim Anvar aka kelishgan, ziyoli odam edi. Mendan o‘n yosh katta ekan. Mening dilimdagi orzular bilan ishi yo‘q, o‘zining rejalari haqida ham gapirib o‘tirmasdi. Men bu uyda qimmatbaho qo‘g‘irchoqqa o‘xshardim. Anvar akaga nima deb gapirishni ham, shirin taomlar tayyorlashni ham bilmasdim.
To‘ydan ikki oy o‘tib, Anvar aka xorijga ishga ketdi. Men uyda qaynonam bilan, katta amaldor qaynotamning mehmonlarini kutardik. Homilador ekanimni ham sezmabman… Xullas, o‘lik chaqaloq tug‘ildi. O‘g‘il ekan. Ketganiga bir yil o‘tib, Anvar aka xorijdan keldi. Mening ahvolimni so‘ramadi ham, o‘lik tug‘ilgan o‘g‘liga achinmadi ham. Bir oy o‘tib, u yana xorijga ketdi. To‘qqiz oy o‘tib men yana o‘lik bola tug‘dim.
Anvar aka ota-onasiga telefon qilib, “Nafisaning javobini beringlar”, depti. Xorijda sevgan ayoli va bir qizchasi bor ekan. Qaynotam bir dunyo mol bilan uyimga eltib qo‘ydi. Qaynonam yig‘lab qoldi.
19 yoshimda ikki bor tug‘ib, farzandini qo‘liga ololmagan, eridan ajrashgan beva ayolga aylandim. Mening dugonalarim o‘zlari orzu qilgan o‘qishlarda o‘qib yurishibdi.
Otam ariza berib, ishidan bo‘shab oldi. Bir oddiy ishxonada hisobchi. O‘zidan o‘tganini o‘zi biladi. Kecha hayotimda birinchi marta otamga tik qarab gapirdim. Otajon, men o‘qishimni davom ettiraman. O‘qiyman, dedim. Rozi bo‘lmasangiz qochib ketaman, dedim. Otam yerga qarab o‘ylanib qoldilar. So‘ng onamga: “Nafisani kiyimlarini tayyorlanglar, qo‘liga pul ber”, dedilar. Menga: “Begona joyga borma, o‘qishga joylashguningcha, ammangnikida turgin”, dedilar.
Opajon, huquqshunoslik kollejiga hujjat topshirishga ketyapman. Uni tugatib, institutga kiraman. Huquqshunos bo‘lishni istayman. O‘zimga o‘xshagan qizlarning huquqlarini tanitishga, himoya qilishga qodir bo‘lgunimcha o‘qiyman. Nega 16 yoshimda, otamning yuziga tik qarab, men erga tegmayman, men o‘qiyman, deb ayta olmadim. Nega baxtsiz bo‘ldim? Opajon, ayting, hammaga, insonlar o‘z farzandlarini 16 yoshlarida baxtsizlikning ostonasiga o‘z qo‘llari bilan eltib qo‘ymasinlar. Inson dunyoga bir marta keladi, axir. Men achchiq qismatimdan qochib ketyapman. Men baxtsiz qizni katta shahar qabul qilarmikin?!”
Bu erta turmushga uzatilgan birgina qizning ohu zori edi. Ular atrofimizda yuzlab-minglab topiladi. Nabiramning to‘yini ko‘rib qolay, deb, o‘limini kutayotgan keksalar, boylikka uchayotgan orzumandlar, o‘z ko‘nglimizni deb bolalarimizni baxtsiz qilmaylik. Ularni o‘z orzulariga yetishiga yordam beraylik.
Oilaning, turmushning, hayotning so‘roqlariga qo‘rqmay javob bera oladigan paytlarida, yetuk, raso, o‘qimishli, dono bo‘lgan kunlarida to‘ylarini ko‘raylik.
Xosiyat Bobomurodova,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
Manba: "Hordiq" “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”