— Agar xonaning derazasi bo'lganda edi yomg'irdan xira tortgan bo'lardi, — dedi darchaga ko'z tikkancha kunni yarim qilgan mahbus. — Shahrimiz ariqlari ikki kunlik yomg'irni to'playdigan darajada chuqur emas. Suv mashina yo'ligacha chiqib ketgandir, hoynahoy?!
Yigit tashqaridagi holatni o'zicha tasavvur etdi. Kichik darchadan kiradigan quyoshning bir tutamgina nuri xonaning to'rt tomonini birdek isitishga qodir emas. Bunday hodisa faqat yoz yoki havo ochiq bo'lgan mahali ro'y berishi mumkin. Zaxning sovuq nafasi ufurib yotgan devorlar… Yigit ko'zlarini yumdi. Karavoti tirab qo'yilgan devor yuzini o'ng qo'li bilan ancha vaqt silab yotgach:
— Bu yerga kelganimga ham bir oy bo'libdi, — dedi.
Biroq u shu o'ttiz kundan emas, shu ko'yga tushishiga sababchi odamlardan alamzada edi. Ottirayotgan har bir tongi diliga tushgan qasos o'tini yanada alangalatib borardi. To'satdan:
— Ketishim, bu yerdan tezroq chiqishim kerak, — degancha o'rnidan turdi. — Shu yerdan chiqib olay, birontang nazarimdan chetda qolmaysan!
Katalakdek xonada nima qilarini bilmay bir yerda ancha vaqt tik turdi.
— Og'ayni, bugun ham och qolgan ko'rinasan! — qo'shni kameralarning biridan ovoz keldi.
— Hoy, kimsan o'zi meni haqorat qiladigan?
— Seni xaqorat qilayotganim yo'q. Haqiqatni aytyapman, xolos. Sen yangilardansan. Kelganingga bir oy bo'ldi. Biroq shu vaqt ichida yoningga advokatingdan boshqa hech kim kelgani yo'q. Birinchi ko'rganimda badavlat oiladan ekanligingni sezgandim. Yoshing ham yigirma sakkizlar atrofida, nazarimda, — dedi boyagi ovoz.
Yigit hayron bo'ldi. Chunki eshitganlarining barchasi rost edi. Ammo gapirayotgan odamning aynan kimligini ko'ra olmayotgandi.
— Shuncha gapni gapirishga gapirib qo'yding, nega ko'rinish bermaysan. Yoki nimadandir qo'rqasanmi? — baland ovozda so'radi yigit.
— Bu dunyoda menda yo'qotadigan hech nima qolgan emas. Tanamdagi jonimdan o'zga hech vaqom yo'q. Hatto egnimdagini ham qamoqxona ma'muriyatidan berishgan.
Yigitga bu tovush juda tanishdek tuyuldi.
«Qaerda eshitganman avval?» deya o'ylay boshladi. Ovozdagi ohang shu qadar yumshoq. Men aniq ilgari uchratganman bu odamni. Faqat bir marta yuzini ko'rsam edi». Qamoqxonaning bu ikki kamerasi shunday joylashgan ediki, hech qanday yo'l bilan yuz ko'rishishning iloji yo'q.
— Hech bo'lmaganda ism-sharifingni bilsam bo'lar? — so'radi yigit qo'shnisining kimligiga aniqlik kiritish uchun bundan boshqa yo'l topolmay.
Biroq savoliga javob kelmadi. «Demak, ortiq gaplashishni xohlamayapti», degan fikrda to'xtadi u.
Shig'alab yog'ayotgan yomg'ir do'lga aylandi. Soat necha bo'lganini ham bilmaydi. Quyosh chiqqan kunlari darchadan tushayotgan nurning yo'nalishiga qarab vaqtni taxmin qilardi. Bugun u haqiqatan ham, oyoq-qo'li bog'langandek his etdi o'zini. Asablari taranglashdi.
— Ikki kundan keyin sud bo'ladi. Qanday qilib bo'lmasin, ishda yutib chiqishim shart, — deya yerdan patnisni oldiyu, har tomonini chamalab ko'rdi.
O'zi ham anchayin yupqa ekan, bir chekkasini qayirib, o'tkir qirra chiqardi. Karavoti ustiga chiqib, devorga yoza boshladi. Bor diqqatini jamlab, har bir harfning mukammal chiqishiga harakat qilar, imkoni boricha o'yib chizardi. So'nggi harfga kelganda xona eshigi ochildi.
— Bu yerdagilar odatda, hukm o'qilgachgina telbasifat bo'la boshlashadi. Sendaqasini birinchi marta uchratishim, — dedi nazoratchi. — Devorni o'yaver-chi, suddan keyin o'z holiga qaytarishga istagancha vaqting bo'ladi.
Mahbusning qoni qaynab ketgan bo'lsa-da, imkon qadar o'zini bosishga urindi. Chunki har bir xatti-harakati sudda o'ziga qarshi ishlashini yaxshi bilardi.
— Advokating keldi. Sen bilan ko'rishaman, deb boshliqning yonida qancha o'tirdi-ya.
Uchrashuvlar xonasida bo'yi uzun, ozg'indan kelgan, bashang kiyinib olgan erkak o'tirardi. Suhbat uchun o'n besh daqiqa berildi. Qo'l berib ko'rishar ekan, advokat gap boshlashdan avval eshik tomonga nazar tashladi. Mahbus yigit hech ikkilanmay shartta stolga cho'kdi. Advokat nimadandir hadiksirayotgandek, nimagadir oydinlik kiritmoqchi bo'layotgandek eshik yoniga borib, har tomonga diqqat bilan nazar tashlagach, ortiga qaytdi va shoshib gap boshladi:
— Hammasi tayyor! Faqat sud bo'ladigan kuni men aytgandek qilsangiz bo'lgani. Shundagina suvdan quruq chiqishimiz mumkin.
— Nima gap, hamkasb, o'ylanib qoldingiz yoki xizmatingiz evaziga olayotgan pulingiz kamlik qilyaptimi? Otamga aytishim mumkin. Balki, shundagina qo'llaringizga kirgan titroq tanangizni tark etar, — mag'rurona qiyofada bemalol gapirdi yigit.
Advokat bu muomalaga allaqachon o'rganib qolgandi.
— Aytmoqchimanki, sizga qarshi guvohlik beradiganlar talaygina. Agar sud har birining ko'rsatmasini qabul qiladigan bo'lsa, ish yana yarim yilga orqaga surilishi aniq.
— Bugun yonimga o'z kasbimdan saboq bergani kelganmisiz deyman?.. Sizni nima uchun yollashganini haligacha tushunib yetmagan ko'rinasiz. Meni bu yerdan olib chiqish qo'lingizdan kelmas ekan, boshidan bo'yningizga olmang edi. Baxtga qarshi, ikkimiz ham bir kemadamiz, — dedi yigit va advokatga yaqinroq bordi. — Qo'lingizdagi hamma qartalarni ishga soling, yo'qsa, men o'tirgan botqoqqa sizni ham tepib yuborishadi.
— Tushunmadim, tahdid qilyapsizmi? — jahli chiqdi advokatning.
— Nima, tuhmat qilayotgan odamga o'xshaymanmi? — dedi yigit bosiqlik bilan. — Olgan poralaringizning sanog'ini bilmoqchisiz, shekilli?
Advokat nima deyishini bilmay dovdirab qoldi. Xonani bir aylanib ham chiqdi. Oxiri duduqlangancha dedi:
— Siz olgan po.. o.. oralar yonida meniki hech nima emas!
— Poraning ham darajasi bo'larkanmi, hammasi bir go'r emasmi? Yoki jinoyat kodeksining aynan shu bandini eslatib o'taymi? Agar «Yo'q, vaqt ketadi desangiz», qaysi moddasi bilan necha yilga ketishimizgacha aytishim mumkin!
Yigitga advokatning holati maroq berayotgandi. U ortiq gapirmadi. Oraga sukunat cho'mdi.
Eshik ochilib, «Vaqtingiz bo'ldi. Mahbusni kameraga qaytarishim kerak», dedi soqchi.
Bir oy avval ishdan bo'shagan advokat yigitga mahbuslik «unvoni» juda jirkanch ko'rinar, ilojini topsayu uni boyagi landovur hamkasbining ko'ksiga hozirning o'zida yopishtirib qo'ysa. «Shoshmay tursin, shu yerdan qutulib olay, bu ishni hech kechiktirmay bajaraman», xayolidan o'tkazdi o'rnida cho'zilib yotar ekan.
— Olib ketishayotganda o'ta tajang holatda eding! — ovoz keldi qo'shni kameradan.
Yigit shart o'rnidan turdi. «Bu boyagi odam emasmi, men haqimda yaxshi biladigan. Nega bu ohang har eshitganimda meni o'ylashga majbur qilyapti, nega?»
— Uxladingmi? — so'radi boyagi ovoz.
— Yo'q, shunchaki yotibman. Charchamagan odam qanday uxlasin?! — dedi yigit kalavaning uchini topmoqchi bo'lib gap tashlab qo'ydi. — Qaerdansiz?
— Vodiydan. Qirlari lolaga to'la, mevali bog'lari bolga to'la makondan, — javob keldi bu safar.
— Juda chiroyli gapirar ekansiz. Vodiyingizda shunday gapirishni o'rgatadigan mahsus maktablar bormi deyman? — davom etdi yigit.
— Quyosh izlab boqsam, ko'm-ko'k samoga,
Aylantirdi meni g'amli navoga…
She'rlariga shahardan makon qidirib kelgan shoirman. Aybsiz aybdorga chiqarib, qamoqxonadan qo'nim berishdi. Mana, o'n ikki oydan beri uyim shu, — dedi notanish qo'shni.
Kutilmaganda yigit o'tirgan xonaning eshigi ochildi. Soqchi uni ko'rgani kelishganini aytdi va qo'llariga kishan solib, uchrashuv joyiga olib chiqib ketdi. Ammo hozir uni kim kelgani emas, boyagi tanish ovozning egasi qiziqtirayotgandi. Kameralar yonidan o'tayotib yuzini ko'rib olaman, deb o'ylayotgandi, biroq u devor tomonga o'girilib yotgani uchun buning imkoni bo'lmadi.
— Ota! — dedi u eshikdan kirar kirmas. — Qimmatli vaqtingizda mening ham ulushim bor ekan-da…
Ota o'rnidan ham qo'zg'almadi.
— Sen bilan aytishgani kelganim yo'q bu yerga. Yana ikki kun sabr qilsang, ozodlikka chiqarib olaman. Sudyani sotib olishning iloji bo'lmadi, lekin bizga yordam beradigan odamlarni topib qo'ydim. Qaror vaqtigacha hammasini o'zlari to'g'irlashadi, — dedi qo'pollik bilan ota. — Xosiyatsiz joyga tushganingni eshitgan hamkorlarim biz bilan ishlashni vaqtinchalik to'xtatishdi. Kompaniyam qancha zarar ko'rayotganidan xabaring bormi o'zi?
— Men ham o'z xohishim bilan bu yerga kelib, yotib olganim yo'q, — yigitning ko'zlarida g'ayritabiiy ifoda aks etdi.
Ota o'g'liga ortiq hech nima demadi. Agar yana og'iz ochadigan bo'lsa, salomsiz boshlangan suhbat doimgidek murosasiz yakun topishi aniq edi.
— Agar boshqa gapingiz bo'lmasa, keta qolay. Baribir, hozirgi sharoitimda ortiqcha vaqtingiz pulini to'lab bera olmayman. Ha, yana bir gap, tashqariga chiqqanimdan so'ng hamkorlaringiz meni deb yetkazgan zararni tiyinigacha to'lab beraman. Kech ham tushib qoldi, uyga qaytib, xotirjam uxlayvering.
O'g'il otasiga kesatiqli gaplarni gapirar ekan, yuragi zarracha ham achishmadi. Uning diydasi shunchalik qotib qolgan ediki, go'yo vujudidagi yurak emas, toshdek.
* * *
Yomg'ir ham tindi. Tuni bilan tongga intizor to'lg'onib chiqqan advokat endi quyoshning bosh ko'tarishini poylay boshladi. Uning kutishdan o'zga chorasi qolmagandi. Aynan shu ish yagona mashg'ulotiga aylangandi. Yotgan joyida yaqinda ovqatni shinamgina oshxonada yeyishni, ozoda kiyimlarda o'sha tanish yo'llardan yurishini tasavvur etib ko'rdi. Buni o'ylagani sari battar toqatsizlanar, ustidan arz qilib, shikoyat xati yozganlarga nisbatan nafrati kuchaygandan-kuchayib borayotgandi.
* * *
Taxminan to'rt soatdan keyin sud boshlanadi. Eshik sharaqlab ochildi.
— Senga kelishdi, — dedi soqchi.
Biroq u mutlaqo hech kimni kutmayotgandi. Shunday bo'lsa-da, ular uchrashuvlar uchun ajratilgan xonaga yo'l olishdi. Yigit xonaga kirganida qo'llarini kishandan bo'shatishdi.
— Endi bilagingiz ancha erkin nafas olayotgandir? — Ovozi jarangdor bu ayol yigitning rafiqasi Mehriniso edi.
— Kelasan, deb o'ylamagandim, — dedi yigit ichidagi sog'inch hissini yashirishga urinib.
— Tug'ilajak farzandimizning taqdiriga befarq bo'lishga haqingiz bormidi?! — ayolning ko'zlari yoshlandi.
— Nimalar deyapsan? Axir bularning barini yaxshi yashashimiz uchun qildim. Uning kelajagi uchun, — dedi yigit aybini yuvmoqchidek.
— Qaysi kelajak haqida gapiryapsiz? Siz odamlarni aldab oladigan pullar evaziga qurmoqchi bo'layotgan poydevori mo'rt uy haqidami? — deya qo'lini tortib oldi xotini.
Yigitning jahli chiqdi.
— Senlarni boqyapman-ku! — dedi u ham eshikka ters burilib.
Ayol ko'zidagi yoshi yuziga tushmay artib tashladi. Aslida, bu yerga yig'lash uchun kelmagandi.
— Otam etikdo'z bo'lgan. To'rtta qizni tarbiyalagan, — dedi jur'at bilan.
Yigit o'girilib, ayoliga obdan razm soldi. Egnida o'sha sovchilikka borgan kuni kiygan ko'ylagi. Quloqlari bo'lsa, ziraklardan xoli.
— Allohdan tilab olgan farzandimizning halol luqma yeb katta bo'lishini xohlayman, — dedi va ichkariga kirishdan avval yechib olgan uzugini qayta taqdi.
Katta sharfini yelkasiga tashlab, indamay chiqib ketdi. Yigit unga ko'p gaplarni aytmoqchi, sud zaliga olib kirgunlarigacha bu yerdagi bir oylik hayotini gapirib bermoqchi edi. Garchi tan olishni istamasa-da, onasidan so'ng suyanib qolgani yakkayu yagona inson u edi. Qilgan qo'pol munosabati uchun o'zidan jahli chiqdi. Alam qildi. Birinchi marta alam qildi…
* * *
Advokat keldi.
— Tuzukmisiz? — so'radi sekin.
— Ko'chada havo qanaqa, qonun himoyachisi? — so'radi mahbus.
Advokat, aslida, boshqa savolni kutgandi bugun. Biroq ularning suhbati noan'anaviy tarzda boshlangani uni taajjublantirdi.
Yigit o'qdek nigohi bilan qarshisidagi kimsani otib tashlagudek tikildi.
— Cho'kayotgan odamning qutqaruvchilarga qo'l cho'zmaganini hech ko'rganmisiz? — so'radi jiddiy ohangda.
Advokat tushunmadim ishorasini qildi.
— Tushunmadingiz-a? Men ham haqiqatni tushunib yetishim uchun yigirma sakkiz yil o'tibdi. Sizga achinaman. Qirq olti yillik umringizga achinaman. Bu bizning oxirgi ko'rishishimiz. Sudda meni himoya qilishga urinib, ortiqcha ter to'kmang, — dedi mahbus eshik tomon yo'nalarkan.
* * *
U devorlaridan sovuq nafas ufurib turadigan xonaga qaytar ekan, qo'shni kameraga nazar tashladi. Bo'shligini ko'rib, uni olib ketayotgan soqchidan so'radi:
— Ichkaridagi mahbusni ham boshqalarga qo'shib olib chiqib ketishdimi?
— Yo'q. O'lib qolgan ekan, ertalab jasadini chiqardik. Kechga yaqin o'rniga anchadan beri it-mushuk bo'layotganlardan birini olib kelisharmish. Lekin juda bosiq mahbus edi. Bir yildan beri biron marta ovozi chiqqanini eshitmadim. Mana, sadosiz o'lib ketdi. Bir yaramas advokatning qilgan ishi deyishadi. O'ziyam katta tadbirkorning o'g'li ekan.
Yigit o'sha ovozning nega bunchalar tanish eshitilganini endi tushundi va o'z ustidan chiqargan qarorining to'g'riligiga amin bo'lgach, kameraga qaytishi bilan, devorga o'yib yozgan «ozod» so'ziga «a» harfini qo'shib qo'ydi.
U o'zini xuddi uyiga qaytgan musofirdek his etdi. Soqchi kunduzgi ovqatni eshik darchasidan uzatdi. Oradan ko'p vaqt o'tmay, ovqat isiga chiqqan kalamushlar bu safar lagandan non uvog'ini ham topa olmadi…
Umida SAYLIYEVA
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”