
Ispaniya La Ligasining 19-tur markaziy to‘qnashuvi bo‘lgan «Barselona» – «Atletiko» uchrashuvi muxlislar kutganidek juda shiddatli va dramatik o‘tdi. Flik boshchiligidagi kataloniyaliklar avval hisobda ortda qolishdi, ammo ikkinchi bo‘limdagi ta’sirchan o‘yin evaziga irodali g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
Bellashuv 19-daqiqada mehmonlarning goli bilan boshlandi — Baena tezkor hujumni gol bilan yakunlab, madridliklarga ustunlik olib keldi. Ammo «Barselona» javobni uzoq kuttirmadi. Barchaga yaxshi tanish bo‘lgan jadal pressing va tezkor kombinatsiyalar natijasida Rafinya 26-daqiqada hisobni tenglashtirdi.
Ikkinchi bo‘limda maydondagi tashabbus to‘liq katalonlar tomonida bo‘ldi. 65-daqiqada Dani Olmo jamoani oldinga olib chiqdi — jamoaviy kombinatsiyaning chiroyli yakunlanishi muxlislarni hayajonga soldi. Uzaro hujumlar davom etgan bo‘lsa-da, «Atletiko» darajani o‘zgartirish imkonidan foydalana olmadi.
Uchrashuv barchamiz uchun kutilmagan tarzda yakun topdi: 90+6-daqiqada Ferran Torres so‘nggi qarshihujumni gol bilan yakunlab, o‘yinga nuqta qo‘ydi. Qo‘shimcha vaqtdagi bu gol «Barselona»ning irodasini yana bir bor namoyon etdi.
Ushbu g‘alaba bilan kataloniyaliklar ochkolarini 37 taga yetkazib, La Ligadagi peshqadam maqomini yanada mustahkamladi. «Atletiko» esa 31 ochko bilan 4-o‘rinda qoldi.
La Liga. 19-tur
Barselona – Atletiko: 3:1
Gollar:
Rafinya 26, Olmo 65, Torres 90+6 – Baena 19
Barselona: Joan Garsiya, Erik Garsiya, Kunde, Balde, Kubrasi, Jerar Martin, Pedri (Fernandes, 74), Olmo (Torres, 67), Rafinya (Kasado, 74), Levandovski (Reshford, 66), Yamal (Kristensen, 88)
Atletiko: Oblak, Hansko, Lengle, Ximenes, Molina, Barrios, Simeone (Syorlot, 63), Niko Gonsales (Gallaher, 62), Baena (Almada, 62), Kardoso (Koke, 14, Grizmann, 75), Alvares
Ogohlantirishlar: Jerar Martin 45+2 – Baena 41
Foydalanilmagan penalti: Levandovski 36
Kataloniya jamoasi ushbu muvaffaqiyat bilan navbatdagi muhim bosqichni ishonch bilan yopdi. Muxlislar esa Flik rahbarligidagi yangi «Barsa»ning yanada uyg‘un va o‘ziga xos o‘yinlarini kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.