
Angliya Premer-ligasining 14-turi chiroyli gollar va haqiqiy drama bilan boshlandi. «Manchester Siti» Londonda mehmon bo‘lib, «Fulhem»ga qarshi o‘ta jiddiy raqobatli o‘yinda 5:4 hisobida zafar quchdi. Ushbu bellashuv muxlislarni hayajonga solgan voqealar, yuksak temp va mahoratli gollar bilan esda qoldi.
Uchrashuvda “shaharliklar” o‘zini yana bir bor chempionlikka da’vogar ekanini ko‘rsatdi. Erling Holand o‘zining APLdagi yubiley — 100-golini urdi. Norvegiyalik superhujumchi yana maydondagi asosiy figuralardan biri bo‘ldi. Fil Foden esa o‘yinda dubl qayd etib, jamoasiga muhim hissa qo‘shdi. Shuningdek, Reynders va Jeremi Dok-u ham Leno darvozasini bir marotaba ishg‘ol etishga muvaffaq bo‘lishdi.
“Fulhem” ham taslim bo‘lmadi — London jamoasi Samuel Chukvuezeni yetakchiga aylantirdi. Nigeriyalik futbolchi ikkita gol urdi, unga qo‘shimcha ravishda Smit-Rou va Ivobi ham o‘z nomlarini tabloga yozdirib qo‘yishdi. Biroq bu safar ham uy jamoaning qaytarig‘i g‘alaba uchun yetarli bo‘lmadi.
O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov esa navbatdagi turda ham asosiy tarkibdan joy olmadi va o‘yinni zaxiradan kuzatishga majbur bo‘ldi.
G‘alaba «Manchester Siti»ga 28 ochko yig‘ib, 2-o‘rindagi mavqeini yanada mustahkamlash imkonini berdi. «Fulhem» esa 17 ochko bilan 15-pog‘onada qolmoqda.
APL, 14-tur
Fulhem – Manchester Siti: 4:5
Gollar:
Smit-Rou 45+2, Ivobi 57, Chukvueze 72, 78 – Holand 17, Reynders 37, Foden 44, 48, Dok-u 54
Fulhem: Leno, Tete (Kastan, 46), Andersen, Bassey, Sessinion, Berg, Lukich (Chukvueze, 46), Smit-Rou (King, 78), Uilson (Kevin, 82), Ximenes, Ivobi
Manchester Siti: Donnarumma, Nunes, Diash, O’Rayli, Gvardiol, Reynders (Sherki, 82), Niko (Stounz, 64), Foden (Ake, 90+7), Dok-u (Savino, 64), Silva, Holand
Ogohlantirish: Sherki 90+5
Xulosa qilib aytganda, London kechasi yana bir bor APLning nega dunyodagi eng qiziqarli chempionat ekanini isbotladi — gollar, hayajon, intriga va yuqori saviyadagi futbol! “Siti” esa chempionlik yo‘lidagi navbatdagi muhim pog‘onadan muvaffaqiyatli o‘tdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.