
Odamzod nima uchun kaftdek hovlisiga gul ekadi? Undan koʻra sholgʻom eksa, qozoniga tushadi-ku.
Odamzod nima uchun bulbul chax-chaxini eshitganda entikib ketadi? Undan koʻra bulbulni shoʻrvaga solib pishirsa, nafsini qondiradi-ku.
Odamzod nima uchun osmonda charaqlab yotgan yulduzlarni koʻrib, koʻngli zavqqa toʻladi? Yulduzlar uning hamyonidagi tillalar emas-ku.
Odamzod nima uchun kitob oʻqiyotib, suyukli qahramoni oʻlib qolsa yigʻlaydi? Uni yozuvchi “ichidan toʻqib chiqargani”ni biladi-ku?
Odamzod nima uchun oʻzga yurtlarga borib behisob mol-dunyo orttirsayu, ittifoqo bolaligi kechgan kulbasi tushiga kirib qolsa, tuni bilan yigʻlab chiqadi? Axir u shohona qasrda yashaydi-ku.
Odamzod nima uchun bolasining boshida alla aytadi? Goʻdak alla eshitmasa uxlamaydimi?
Odamzod nima uchun nevarasini yetaklab necha zamon avval oʻtib ketgan bobosining qabrini ziyorat qiladi? Marhumni ular koʻrmaydilar-ku?!
Gap shundaki, Odamzodni hayvonotdan ajratib turadigan chegara bor. Bu chegaraning nomi Maʼnaviyat deb ataladi.
Oʻtkir HOSHIMOV
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar