10:27 / 06.09.2018
5 157

Kimdir bizga muvaffaqiyat formulasini sovgʻa qilishini kutadigan boʻlsak, hech narsaga erishmaymiz (hayotiy masallar)

Kimdir bizga muvaffaqiyat formulasini sovgʻa qilishini kutadigan boʻlsak, hech narsaga erishmaymiz (hayotiy masallar)
Toʻqilgan qoʻgʻirchoqlar

Er-xotin birgalikda ellik yil umr kechirishdi. Ularning bir-birlaridan yashirgan hech qanday sirlari yoʻq edi, faqatgina ayol bir qutida nimadir saqlar va eriga hech qachon uni koʻrsatmasdi. Er bu qutini unutib ham yuborgandi. Ayol bir kuni kasalxonaga tushib qoldi. U umri tugab borayotganini sezdi va eridan oʻsha qutini ochishni soʻradi. Er qutini ochdi va koʻzlariga ishonmadi. Uning ichida ikki dona toʻqilgan qoʻgʻirchoq va yuz ming dollardan ortiq pul bor edi. Er kasalxonaga borib xotinidan quti ichidagilar qayerdan kelib qolganini soʻradi.

— Toʻyimiz kuni buvim mustahkam nikohning siri janjallashmasdan yashay olishda degandi. Har safar sizdan jahlim chiqqanida men ip olib qoʻgʻirchoq toʻqirdim, - dedi ayol.

Erning qalbi larzaga keldi. Qutida ikki donagina qoʻgʻirchoq bor edi. Demak, shuncha yil davomida ayoli faqat ikki martagina undan jahli chiqqan. U turmush oʻrtogʻini asta oʻpdi va pullar qaydan kelganini soʻradi.

— Bu pullar shuncha yildan buyon toʻqigan qoʻgʻirchoqlarimning puli, - deb javob berdi ayol.

Sehrli koʻprik

Dehqon oʻgʻli bilan yoʻlda ketayotgan edi. Oʻgʻil otasiga nimadir haqida gapirib berar va uning gapi yolgʻon edi. Dehqon oʻgʻlining yolgʻon gapirayotganini bildi va dedi:

- Oʻgʻlim, hozir oldimizda koʻprik keladi. U oddiy emas, sehrli koʻprik – yolgʻon gapirgan odam uning ustidan oʻtayotganida koʻprik sinib ketadi.

Oʻgʻil bu gapni eshitib qoʻrqib ketdi va yolgʻon gapirganini tan oldi.

Ota-oʻgʻil koʻprikka yetib kelishdi va uning ustidan oʻtishayotganidan koʻprik birdan sinib ketdi.

- Men senga yolgʻon gapirgandim, - dedi dehqon oʻgʻliga. – Sehrli koʻpriklar boʻlmaydi.

Baʼzida oʻylamay gapirgan gapimiz kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Foto: Unsplash
Vaqtning qadriga yet

Bir biznesmen million-million dollar pul toʻpladi. U endi ishlashni bas qilib, bir yil dunyo kezib, hordiq chiqarmoqchi boʻldi. Ammo bu qarorga kelib ulgurmasidan uning oldida ajal farishtasi paydo boʻldi.

U farishtadan ozgina vaqt soʻradi:

- Menga uch kun yashashimga imkon ber – boyligimning uchdan bir qismini beraman.

Farishta koʻnmadi.

- Xoʻp, unda, ikki... yoʻq, uch million beraman! Menga goʻzalliklardan bahra olish va ishni deb anchadan buyon birga boʻlmagan oilam bilan boʻlish uchun bir kun vaqt ber.

Ammo farishta qarorida qatʼiy edi.

Shunda biznesmen oʻgʻliga xat yozish uchun bir daqiqa vaqt soʻradi. Farishta unga imkon berdi.

“Vaqtning qadriga yet, oʻgʻlim, - deb yozdi kishi. – Men umrim davomida toʻplagan millionlarimga hattoki bir soat ham vaqtni sotib ololmadim”.

Befoyda saboq

Bir kuni oʻrta maktablardan biriga oʻqituvchilarning darsga tayyorgarlik darajasini tekshirish uchun taʼlim vazirligidan nazoratchi keldi. U duch kelgan birinchi sinfxonaga kirdi va gʻaroyib manzaraga duch keldi: oʻqituvchi ayol stolga boshini tiragancha oʻtirar, koʻrinishi horgʻin, bolalar esa oʻzlari bilan oʻzlari ovora, kimdir chopgan, kimdir shovqin solgan, xullas tartibsizlik hukmron edi.

– Kechirasiz, men nazoratchiman, biror muammo yuz berdimi?– soʻradi nazoratchi.

– Charchadim, janob, bu bolalarni nima qilishni ham bilmay qoldim. Na bir koʻrgazmali qurol bor, na vazirlik bolalarga darsda namoyish etishimiz uchun biror narsa beradi... Menda ularni darsga qiziqtiradigan hech narsa yoʻq...

Nazoratchi oʻqituvchi stoli ustida yogʻoch qopqoqni koʻrib qoldi. U qopqoqni qoʻliga olib bolalarga yaxshi koʻrinishi uchun baland koʻtardi va sinfga murojaat qildi:

– Bu nima?

– Qopqoq! – deb javob berdi barcha bolalar joʻr boʻlib.

– Yaxshi, u nimadan yasalgan?

– Yogʻochdan! Ularni maxsus mashinada yasashadi, – turli javoblar yangradi.

– Yogʻochdan yana nimalar yasaladi? – soʻradi nazoratchi.

– Stul, stol, kema.

– Yaxshi! Mana, kemalik ham boʻldik. Kim kema rasmini chiza oladi? Kim doskaga chiqib xarita chizib, biz turgan joydan kemaga eng yaqin portni koʻrsata oladi? Yana qanday port va daryolarni bilasizlar? Bu daryolar qaysi mamlakatlarda joylashgan? Balki oʻsha mamlakatlardagi mashhur qoʻshiqchi yoki shoirlarni tanirsizlar?

Nazoratchi bir vaqtning oʻzida geografiya, tarix, musiqa, adabiyotdan dars bera boshladi. Oʻqituvchi turgan joyida qotib qolgandi. Nihoyat dars tugaganini anglatuvchi qoʻngʻiroq chalinganidagina ayol oʻziga keldi:

– Katta rahmat, janob nazoratchi. Siz menga bergan bu saboqni bir umr unutmayman.

Oradan bir oz vaqt oʻtdi. Nazoratchi oʻsha maktabga yana keldi va yana oʻsha oʻqituvchining darsiga kirdi. Va yana oʻsha manzaraga duch keldi: ayol horgʻin koʻrinishda, stol ustida boshini egib nimanidir qidirardi. Oʻquvchilar yugurib yurishar, shovqin solishardi...

– Sizga nima boʻldi? Meni eslayapsizmi?

– Ha, janob, albatta eslayman, sizni unutib boʻlarkanmi. Kelganingiz yaxshi boʻldi! Qarang, men qopqoqni topa olmayapman! Qayerga gʻoyib boʻldiykin?

Xulosa: Agar kimdir kelib bizga muvaffaqiyat formulasini sovgʻa qilishini kutadigan boʻlsak, hech narsaga erishmaymiz. Oʻzimiz harakat qilishimiz, tasavvurimiz, ongimizni ishga solishimiz darkor. Oldimizda turgan vazifani faqat oʻzimizgina bajara olamiz.

Foto: Unsplash
Xudoga ishonmaydigan sartarosh

Bir sartarosh mijozning sochini olarkan, Xudo haqida gap boshladi:

— Agar Xudo boʻlsa, shuncha kasal odamlar qayerdan kelgan? Ota-onasiz bolalar, adolatsiz urushlar qayerdan? Agar U boʻlganida edi, hech qanday qaygʻu va ogʻriqlar boʻlmasdi.

Barchani sevadigan Xudo shunday ishlarga yoʻl qoʻyishiga ishonish qiyin. Shuning uchun shaxsan men Uning mavjudligiga ishonmayman.

Shunda mijoz sartaroshga dedi:

— Bilasizmi, dunyoda sartaroshlar yoʻq.

— Qanaqasiga? — hayron boʻldi sartarosh. — Ulardan biri qarshingizda turibdi.

— Yoʻq! — xitob qildi mijoz. — Sartaroshlar mavjud emas, aks holda hov anavi kishiga oʻxshagan soch-soqoli oʻsib ketgan odamlar boʻlmasdi.

— Axir gap sartaroshlarda emas-ku! Shunchaki ular sartaroshga borishmaydi.

— Hamma gap ana shunda! — dedi mijoz. — Xudo bor. Faqat odamlar Unga intilishmaydi. Shuning uchun dunyoda qaygʻu va ogʻriqlar ham bor.

Yaxshi hukumat qanday boʻladi

Bir kuni shogirdlardan biri Konfutsiydan soʻradi:

– Yaxshi hukumatning asosiy belgilari qanday boʻladi?

– Yegulik, qurol va xalqning ishonchi, – javob berdi Konfutsiy.

– Tasavvur qilaylik, ulardan biridan voz kechish kerak boʻlsa, nimadan voz kechardingiz?

– Quroldan.

– Yana biridan voz kechish kerak boʻlsa-chi?

– Yegulikdan.

– Lekin yeguliksiz xalq oʻladi!

– Azal-azaldan oʻlim inson taqdiriga bitilgan. Ammo oʻz hukumatiga ishonchi yoʻqolgan xalqning kelajagi yoʻq.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Kimdir bizga muvaffaqiyat formulasini sovgʻa qilishini kutadigan boʻlsak, hech narsaga erishmaymiz (hayotiy masallar)