11:57 / 11.09.2018
6 571

Nomahram... (21-qism)

Nomahram... (21-qism)
Sariboy qanchalar ishontirishga urinmasin, Matnazar Bek akadan hech qanday yaxshi gap kutmasdi. Chunki, bu odamni yaxshi biladi. Qachonki, oʻzining manfaatiga mos keladigan ish boʻlsagina Matnazarga oʻxshaganlarni taklif etib qolardi.

Bu gal esa…

Shuncha azoblanishlar, xoʻrliklardan soʻng Bek akaning yuziga qarashga jirkansa-da, hozirgi holatini, ertangi kunini oʻylab noiloj oʻzi uchun jirkanch bir hilqatning ostonasini bosib ichkari kirishga majbur boʻldi.

Bu yerda Matnazarni hayratga soluvchi manzaralar koʻp edi. Ayniqsa, darvozada, hovlida aylanib kun oʻtkazadigan soqchi yigitlarning oʻzgacha mulozamatlari, yugurib-yelib xizmat qilayotgan yosh-yosh qizchalarning qoʻllarini koʻksiga qoʻyib salom berishlari uni haqiqatan hayron qoldirdi…

— Ie, oʻzimning eski qadrdonim kep qopti-ku! — Bek aka qizi Marjona bilan birga ovqatlanib oʻtirgan ekan. Matnazar kirishi bilan dast oʻrnidan turib quchogʻini ochdi. Marjona esa yerga qaragan koʻyi sekin salom berib tashqariga chiqib ketdi. — Qani, ukaginam, oʻtir! Yoʻq, toʻrga oʻt! Ha, ana bu boshqa gap. Qani, sen kelding, balo kelmasin, Allohu akbar!..

Matnazar fotiha oʻqilgach, tezroq maqsadga oʻtilishini kutib yer ostidan Bek akaga tikilib qaradi.

— Uka, — deya gap boshladi Bek aka uni uzoq kuttirgisi kelmadi shekilli. — Shu desang… Mardon juda qiynab yubordi-da bizni! Bilasanmi, biz unga oʻzimizga ishonganday ishonib, butun boshli million-million pul keladigan bozorimizni topshirib qoʻygandik. Axir, bunday yaxshilikni kerak boʻlsa, otasiyam qilmaydi odamga hozirgi zamonda! Toʻgʻrimi?

Matnazar bosh irgʻab qoʻydi.

— Bir oydan beri qochib yuribdi yaramas… Aytancha, sening oʻzingniyam boplab ketibdi-ku!

— Ha, endi… Oʻzi biladi-da! — deb qoʻydi Matnazar maydalashib oʻtirgisi kelmay.

— Shunaqa. Sen uni goʻdakligidan katta qilgin-u, bir kun kelib oʻtirgan uyingni buzib chiqib ketsin!

— Menga nima ishingiz bor edi? — soʻradi Matnazar gapni boʻlib.

— Sengami? Kel, eski ginalarni unutaylik. Xatolik sendanam, bizdanam oʻtdi. Bir-birimizni kechiraylik-da, yana ishni davom ettiraveraylik! Men senga ilgarigi mavqeingni qaytarib beraman. Faqat bir shart bilan.

— Qanday shart?

— Shoshilma! Shu shartni bajarsang, nafaqat mavqeing tiklanadi, balki, menga kuyov boʻlasan.

— Nima? Kuyov?

— Qoʻrqib ketdingmi? — kulib yubordi Bek aka. — Bilib qoʻy, menam uncha-munchani kuyov qilavermayman. Koʻnglimga oʻtirib qolganing uchun shu gapni aytdim. Marjonaga uylanasan. Lokigin avval biz qoʻygan shartni bajarishing lozim.

— Xoʻp, aytavering!

— Sen… Mardonni tinchitasan!

— Nima? Ukamni-ya?

— Ha, yoʻq deyishga urinma! Bu qarorni men chiqardim. Bugunoq borib oʻz ukangni yoʻq qilasan!

Matnazar kutilmagan sovuq va yoqimsiz gapdan soʻng peshanasida paydo boʻlgan ter tomchilarini kafti bilan arta-arta beixtiyor oʻrnidan turib ketdi.

* * *

Bek akaning hovlisidan chiqarkan, Matnazar sochilib ketgan xayollarini sira yigʻishtirib ololmas, oʻqtin-oʻqtin ishonmagan koʻyi choʻntagidagi toʻpponchani ushlab-ushlab qoʻyardi.

Shu ahvolda uch yigitning hamrohligida Mardonning darvozasi roʻparasida mashinani toʻxtatdi. Mashinadan tushishga tushdi-yu, buyogʻiga nima qilishni bilmay boshi qotdi. Axir, qay tomon ketyapti oʻzi? Jigarini oʻldirish niyatida keldi-ku!.. Nega? Kimlardandir qoʻrqqani, yoki boylik ilinjidami? Qiynalaverish joniga tekkani uchunmi? Keyin nima boʻladi?.. Yoʻq, yoʻq. Mardon yaxshilikni bilmadi. Akasining yuziga oyoq qoʻydi. Bir marta emas, bir necha oʻn marta shunday qildi. Ustidan boplab kuldi. Xiyonatlar qildi. Mahalla-koʻyning oldida sharmandai sharmisor qildi. Demak, oʻlimga mahkum. Yashashga haqqi yoʻq. Agar hozir oʻldirmasa, bir kun kelib tagʻin oʻzining iflos ishlarini takrorlayveradi. Matnazarni yer bilan yakson qilaveradi… Lekin… Enasi-chi? Hoynahoy shu tobda arvohi Mardonning hovlisida aylanib chirqillayotgandir… Matnazar oʻz jigarining qoniga qoʻlini boʻyasa, evaziga enasi jazolab qoʻymasmikan uni?.. Yoʻq, yoʻq. Nimalar deyapti?.. Bu ishni qilmasa, Bek akadan jazo topadi. Bu safargisi qattiq jazo boʻlib chiqadi. Aniq…

— Aka, vaqt ketyapti, kirmaysizmi? — Matnazarning xayolini yonida mahtal boʻlib turgan yigitlardan biri boʻlib yubordi.

— Nima?.. Ha-ya, nega turib qoldik oʻzi?

— Bilmadim. Boyadan beri kutib turibmiz. Bir joyda qotganingizcha turib qoldingiz.

— Xayol olib ketibdi, oshna!.. Demak, senlar shu yerda qolib kutasanlar. Men tez chiqaman.

— Faqat choʻzmang, ish boshdan oshib yotibdi.

— Buni senlarsizam bilaman…

Matnazar shoshilgancha darvoza qanotini qiya ochib ichkariga qadam qoʻydi.

Hovli jimjit edi. Faqat ayvonga osib qoʻyilgan qafasdagi toʻtiqushgina betinim sayrab jimlikni buzib turardi.

— Mardon, qayerdasan? — qichqirdi Matnazar atrofga alanglab. — Tirik jon bormi bu uyda?..

Bir-ikki baqir-chaqirdan soʻng roʻparadagi uy eshigi gʻiyqillab ochilib koʻzlarini ishqalagan koʻyi Mardon chiqib keldi.

— Ha, namuncha uyni boshingizga koʻtarmasangiz? — toʻngʻilladi u turgan yerida. — Nima gap? Tinchlikmi?..

Matnazar ukasining bu muomalasini eshitib hayron boʻlmadi. Negaki, u bilmaydi. Akasini hamon tilanchilik qilib kun oʻtkazyapti deb oʻylaydi.

— Sal pastroqqa tushsang boʻlardi. — dedi Matnazar kinoya aralash. — Koʻrisharmidik…

— Gapingiz boʻlsa, gapiravering! Shundogʻam uyquning beliga tepdingiz.

— Shunaqami?.. Unda eshit. Men sendan bu safar qarz soʻrab kelmadim.

— Unda nimaga keldingiz?

— Seni oʻldirish uchun yuborishdi meni.

— Nima?.. — Mardon birdan hushyor tortib orqaga tislangandi. Matnazar u shubha qilmasligi uchun choʻntagidagi toʻpponchani qoʻliga oldi.

— Koʻrdingmi? Mana shu qurolminan seni tinchitishim kerak ekan.

— Siz… Qurolni qayerdan oldingiz?

— Buyurtmachilar berishdi. — sovuq kulib qoʻydi Matnazar. — Kimlarnidir qattiq ranjitgan emishsan.

Mardon beixtiyor kulib yubordi.

— Vey, aka, hazillashyapsizmi?.. — hamon kulgidan oʻzini toʻxtatolmay soʻradi u. Ammo oʻzini tutishidan, yuz-koʻzlaridan bezovtalana boshlagani koʻrinib turardi. — Kelib-kelib sizga yuklashdimi shu ishni? Axir, meni oʻldirish oson emasligini bilasiz-ku!..

— Bola, sen pastroq tush!.. Oʻldirish koʻnglimda boʻlsa, kirgan pallamdayoq bajarib qoʻya qolardim. Toʻngʻiz eding, toʻngʻizligingcha qolibsan.

— Ogʻzingizga qarab gapiring! — jazava aralash baqirdi Mardon. — Toʻngʻiz deb sizni aytishmaydimi? Oʻz ukangizni oʻldirishga kepsiz-ku! Qancha vaʼda qilishdi bu ishingiz uchun?

— Bunisiminan ishing boʻlmasin! Harqalay, sen bergan qarzdan koʻp. Buzib ketgan uyingni qaytadan tiklashgayam yetadi.

— Shunaqa deng? Alamda qolgan ekansiz-da!..

— Boʻpti, hozir bu gaplarning mavridi emas. Koʻchada yigitlar kutib turishibdi. Ichkariga taklif qilsang, gaplashib olardik.

— Oʻldirmaysizmi? — toʻsatdan telbalarcha qichqirib qoʻllarini baland koʻtardi Mardon. — Erkak kishi tashqarida turib ham gaplashaveradi.

Matnazar jahd bilan ayvon soʻrisiga chiqdi-da, ukasiga yaqin borib toʻpponchani peshonasiga tiradi. Mardon shu tobda adoyi tamom boʻlgandi. Hatto, qimirlashga ojizdek koʻzlarini yumib-ochardi xolos.

— Sen yaramas, yaxshilikcha gaplasha olasanmi oʻzi-yoʻqmi? — xirillash aralash shivirladi Matnazar. — Sen imoningni yutgan boʻlsang, men hali ilgarigidayman. Jigarchilik men uchun qadrliroq, xunasa!.. Namuncha katta ketasan?.. Yur, boshla ichkariga! Xotinchang uyda boʻlsa, tashqariga hayda!

— X-xoʻp… Xoʻp… — Mardon ehtiyotkorlik bilan uy eshigini ochib Matnazarni oldinga oʻtkazdi. — K-kiring!..

Uy ichi qasrlardek shohona yasatilgan, har qanday kambagʻal odam kirsa oyoq bosishga qoʻrqqulik edi.

Matnazar devorlardagi naqshlarni, qator-qator turk gilamlarini, servantdagi qimmatbaho idish-tovoqlarni erinmay koʻzdan kechirib maʼnoli bosh chayqab qoʻydi.

— Ha, yashashing yomon emas. — dedi ukasining koʻzlariga tik boqib. — Topishing yaxshi-da-a?

— Harakatga yarasha… Xoʻsh, gapiring endi!..

— Nimani gapiray? — atayin talmovsirab soʻradi Matnazar. — Chamasi, bizning gaplashadigan gapimiz yoʻq edi shekilli?

— Balki bordir. Axir, oʻldirishdan avval aytadigan gaplaringizni oʻylab kelgandirsiz?

— Ha-ya, soʻnggi gaplarni gaplashish shart-ku!.. Xoʻsh, Bek akangni nega ranjitding?

— Ha, demak, oʻsha sizni mening oldimga yuborgan ekan-da!..

— Sen gapni aylantirma!.. Nega ranjitding? Javob ber!..

Mardon poldagi gilamning bir uchini kaftlari orasiga olib ikkinchi qoʻli bilan silab qoʻygach, boshini koʻtardi.

— Oʻnta barmogʻini ogʻziga baravar tiqib olgan oʻsha akangiz. Qachongacha men unga ulush beraman? Oʻzimning tirikchiligim yoʻqmi?

— Ie, oʻsha odam seni oyoqqa turgʻazmadimi? Buniyam unutib yubordingmi hali?

— Hecham u oyoqqa turgʻazgani yoʻq. Men oʻzimni oʻtdan choʻqqa urib…

— Bekorlarni aytibsan. — uning soʻzini boʻldi Matnazar. — Bunchalar nonkoʻr boʻlma, uka!.. Ikkalamizgayam u kishining yaxshiliklari koʻp boʻlgan. Qolaversa, Bek akadan qochib hech qayoqqa bora olmaysan. Yoshlik qilmagin. Agar mening oʻrnimga boshqasini yuborganda, allaqachon janozangga tayyorgarlik koʻrilayotgan boʻlardi. Yo notoʻgʻrimi?..

Mardon boshini likillatib tasdiq ishorasini qildi.

— Senga baribir ichim achiydi. — davom etdi Matnazar. — Chunki, bir qorindan talashib tushgan ukamsan. Sendan boʻlak bu dunyoda yaqinim yoʻq. Biroq Bek akaning buyrugʻini bajarmasam ham boʻlmaydi. Uning oldida qarzlarim koʻp. Yur, kiyingin-da, menminan yur!.. Faqat ahmoqlik qilma!..

Mardon shu paytgacha boshqa xayolda oʻtirgandi. Akasidan boshqa gap kutgandi. Birdan oʻzgarib turishga unday boshlashi yuragidagi qoʻrquvni battar kuchaytirib barmoqlarigacha titray boshladi.

— Aka, — beixtiyor koʻzlari yoshlanib zoʻrgʻa shivirlay oldi u. — Baribir meni oʻldirarkansiz-da-a?.. Hozirgina achinaman deyotgandingiz-ku!.. Rahmingiz kelmas ekan-da menga!..

— Qoʻy, uka, meni qiynama!.. Yaxshisi, vaqtni choʻzma! Tashqaridagi yigitlar shubhaga tushishmasin!.. Yur!..

Mardon boshqa savol bermadi. Indamay kiyinib akasining oldiga tushgancha tashqariga yoʻl oldi. Xotini esa, hech narsaga tushunmas, baqraygancha tandirxona ichkarisidan ularni kuzatib turardi.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nomahram... (21-qism)