Matnazarning koʻngli negadir gʻash edi. U mehmonxonada oʻtirib betinim sayrayotgan televizorga hissiz termulgan koʻyi oʻtirar, ayniqsa, Marjonaning mehrsizligi, har qadamda kamsitaverishi, ishi tushib turgan mahallardagina boshini silab biroz erkalanib qoʻyishlarini eslagan sari battar xunob boʻlardi. Aksiga olib kecha kechqurun enasi tushiga kiribdi. Eski hovlilari oʻrtasiga turib olgancha sochini yulib dod solarmish. Sababini soʻrasa, itarib tashlarmish…
— Aka, sizni soʻrashyapti tashqarida!.. — ichkariga kirib kelgan qoʻriqchini sezmay qolibdi. Seskanib oʻrnidan turdi-da, unga hayron boʻlib qaradi.
— Nima deding?
— Sizni soʻrab kelishdi.
— Kim ekan?
— Aytishmadi kimliklarini. Toʻrt kishi. Mashinalarida oʻtirishibdi. Zarur ishimiz bor edi deyishdi.
— Kennoying kelmadimi haliyam?
— Negadir daraklari yoʻq. Ishlari koʻpayib ketdi shekilli…
— Boʻpti, hozir chiqaman…
Matnazar kiyimlarini kiydi-da, har ehtimolga qarshi toʻpponchasini qoʻyniga solib tashqariga chiqdi. Haqiqatan darvozadan besh-oʻn metrlar narida oppoq “Neksiya” turar, yonida toʻrt chogʻli barvasta-barvasta erkaklar sigaret chekib turishardi.
Matnazarning chiqib kelayotganini koʻrishdi-yu, sigaretlarini irgʻitib unga peshvoz chiqishdi…
Matnazar yaqin keliboq, ulardan birini tanidi. Podpolkovnik Arslonov. Har gal qamoqqa xuddi shu nusxa kuzatib qoʻyardi…
— Kelinglar, qaysi shamollar uchirdi!?
— Nega kelganimizni bilib turgandirsan, yigit! — dedi Arslonov unga yaqinroq kelib.
— Oʻlay agar, bilmayman!..
— Sen toʻrt kishini oʻldirganlikda ayblanasan. Hozir biz bilan birga yurishingga toʻgʻri keladi.
— Nima? Qanaqa oʻldirganlik? Oʻylab gapiryapsizmi? Men…
Matnazar soʻzini tugatib ulgurmay, naridagi uch nafar militsiya xodimi yugurib keldi-da, qoʻllarini qayirib kishan soldi.
— Qani, mashinaga ortinglar bu nusxani! — buyurdi Arslonov ularga. — Qolganini boʻlimda sayrab beradi…
— Toʻxtanglar! — ikki yelkasidan mahkam qisib olishganiga qaramay, kutilmaganda qichqirdi Matnazar. — Toʻxtanglar!..
— Nima deysan yana? — Arslonov yigitlariga “Qoʻyib yubor” ishorasini qilib unga yaqin keldi. — Xoʻsh, nimang qolib ketdi? Gapir!..
— Iltimos! Sizlarga bittagina iltimosim bor!
— Gapir, vaqt yoʻq!
— Enamning qabriga anchadan beri bormagandim. Birrov kirib oʻtsam degandim.
— Qamoqdan qaytgach, oʻtaverasan. Hozir seni kamera kutib turibdi. — dedi Arslonov sovuqqonlik bilan.
— Axir, men qochib ketayotganim yoʻq-ku! Jon aka, yoʻq demang!
— Boʻpti, faqat tez boʻlasan.
— Ha, ha, ha, shundoq moʻralayman-u, mashinaga chiqaman!..
***
Qabristonga ikki militsioner hamrohligida kirib keldi.
Matnazar payt poylardi. Enasining qabri tepasida tiz choʻkkancha oʻtirib nimalarnidir pichirlarkan, tepasida turgan ikki militsionerning chalgʻishini kutar, ular ham hadeganda Matnazardan koʻzlarini ola qolishmasdi…
Shu koʻyi oradan uch daqiqacha oʻtdi. Ular nihoyat alanglab atrofni kuzatgan boʻlishdi. Paytdan foydalangan Matnazar esa, toʻsatdan qoʻllariga qabr tuprogʻidan toʻlditrib-toʻldirib oldi-da, ikkalovining koʻzlari aralash sochdi.
— Ih-h!.. Iflos!.. Ushla uni, ushla! Qochib ketadi!..
Matnazar jonholatda qabristonning narigi mahallaga ulangan burchagi tomon chopib borar, militsionerlar koʻzlarini ishqalagancha, uning ortidan qolmasdi…
Afsuski, moʻljal pand berdimi, oʻng oyogʻi bexosdan ochilib qolgan qabrlardan biriga tushib ketdi…
Yaxshiyamki, salgina kovlangan ekan. Gavdasi tashqarida qoldi.
Militsionerlar esa, bor kuchi bilan uni tepaga tortib olib oyogʻiga ham kishan solib qoʻyishdi…
* * *
Matnazar hech narsaga tushunmasdi. Militsionerlar uni boʻlimga olib kelib, yaxshigina kaltaklashdi. Qochishga uringani uchun jazolashdi. Soʻngra bir-ikki soat ushlab turishgach, yana mashinaga oʻtqazishdi.
— Sen boshqa turmaga borasan. — dedi Arslonov sovuq tirjayib. — U yerda senga odam oʻldirish, qochish qanaqaligini koʻrsatib qoʻyishadi. He, xoʻroz!..
“Axir, nega bunday qilishdi? — mashinaning kichkinagina panjara tutilgan tirqishidan tashqariga qarab borarkan, oʻylardi Matnazar. — Nega sud qilishmadi? Nimaga birdan turmaga joʻnatishdi? Qayerga olib borishadi?..”
Shu tobda xayoliga Marjona keldi. Uning kelishgan qomatini, suzik koʻzlarini, shartta-shartta gapirib tashlashlarini-yu, baʼzan kayfiyati chogʻ mahallarda bir chetdan turib noz aralash tikilib qoʻyishlarini esladi. Ammo qancha eslamasin, baribir bir narsaga tushuna olmasdi. Mana, u bilan olti oydan ortiqroq yashab qoʻyishdi. Haliyam oralarida Matnazar istaganidek iliqlik koʻrinmaydi. Hamon shart qoʻyadi. Toʻshakka yotgandan asabiylashishni boshlaydi. Sal notoʻgʻri gap aytib qoʻysa, oʻsha zahoti jerkib tashlaydi. Axir, shuyam er-xotinlikmi? Matnazarning aybi nima?.. Aytganini qilsa. Qoʻlidan kelgancha mehr koʻrsatsa…
Mashina tun boʻyi toʻxtamay yoʻl bosdi.
Tongga yaqingina qayerdadir toʻxtaganday boʻldi. Kimlarningdir boʻralab soʻkingani eshitildi.
Nihoyat mashina eshigi ochilib, Matnazarning roʻparasida baland boʻyli serjant paydo boʻldi.
— Tush, yetib keldik! —buyurdi u. — Qoʻllaringni orqaga qilib tushgin-da, bortga boshingni tira!..
Matnazar bu yerlarni bilmasdi. Havo bu yerlarda yanada sovuqroq ekan. Eti junjikib ketdi…
— Qani, tezroq yur! — yelkasiga avtomat bilan turtdi orqada kelayotgan militsionerlardan biri. — Chaqqon-chaqqon qadam tashla!..
Matnazarni bahaybat turma darvozasidan toʻrt qavatli bino ichiga olib kirishdi.
Nima boʻpti? Matnazar turma havosiga koʻnikkan. Har bir yoqimsiz hid unga tanish. Shuning uchun sira tap tortmay militsioner koʻrsatgan kameraga kirdi.
Ichkari nimqorongʻi, unitazdan kelayotgan sassiq hid butun kamerani tutgandi…
U ehtiyotkorlik bilan ikki qavatli karavotga yaqin bordi. Ha, yolgʻiz emas ekan. Birinchi qavatda oltmish yoshlarga borib qolgan, soqol qoʻygan bir erkak bamaylaxotir sigaret tutatib yotardi.
Matnazar unga oʻgʻrincha nazar tashladi. Qayerdadir koʻrganmanmi-yoʻqmi deb xayol qildi. Tanimadi.
— Ha, oshna, xush kepsan bizning koshonalarga! — yotgan yerida gʻudranib qoʻydi erkak. — Mening ismim Shodiyor. Sen adashmasam, Matnazarsan, shundaymi?
— Ha. Lekin… Siz qayerdan bilasiz, otaxon?..
— Qayerdan bilasiz emish… —Shodiyor ota qoʻlidagi tugab qolayozgan sigaretni unitazga tashlab karavot chetiga endigina oʻtirgan Matnazarning tepasiga keldi. — Nima, turmada birinchi marta yotishingmi soʻraysan? Biladi-da!.. Axir, sherigim qanaqa odam, qaysi aybi uchun qamaldi, hammasini bilishim kerakmi-yoʻqmi?
— Toʻgʻri, faqat asabiylashmang! — qariyani tinchlantirgan boʻldi Matnazar. — Oʻylamay soʻrab qoʻydim-da!..
— Lokigin… Sen juda yaxshi yigitsan. — davom etdi Shodiyor ota. — Oʻsha boʻyningga ilingan toʻrtta murdaning egalari yaxshi odamlar emasdi. Nima qilasan? Hukumatchilik. Qolaversa, seni qamatganlar Xudoning gʻazabi. Bekor teng boʻpsan ularminan.
— Peshona ekan, ota. — dedi Matnazar boshini egib. — Peshonam shoʻr boʻlmasa, shunaqangi yaramaslarga ilakishib qolmasdim.
— Sen kattangning qiziga uylanib yana bir katta xatoga yoʻl qoʻygansan.
— Ie, siz bularni… Ha-ya, qarang, tagʻin shu savolni bermoqchiman…
— Mayli, koʻnikasan. Bilasanmi, u qiz… Aytsam, baribir xafa boʻlasan. Aytmasam, vijdonim tinchlik bermaydi menga.
— Aytavering! — Shodiyor otaning koʻzlariga sovuq boqdi Matnazar. — Shunchasini eshitib keldim. Bunisigayam chidayman.
— Oʻsha Marjona deganlari gʻirt buzuqi qiz. Sen bekor uylanibsan. Ishonsang, u juda koʻp erkaklarni koʻrvorgan.
— Siz qayerdan bilasiz koʻrvorganini?
— Bir sherigim boʻlardi. Bir oy boʻldi qutulib chiqib ketganiga. Oʻshandan beri yolgʻiz edim bu yerda. Xullas, oʻsha yigit uni bir davrada koʻrgan ekan. Hammasi qimorbozlar, kallakesarlar deydi. Faqat otasining odamlari yoʻq ekan. Marjona oʻsha davrada raqs tushgan ekan. Oʻtirgan erkaklarning badanini ushlab koʻrmagani qolmabdi. Parvosigayam keltirmaydi deydi…
— Axir, u Xushvaqt degan yigitga…
— Gapni boʻlma, bola!.. Xushvaqtiniyam taniyman. Marjona unga oʻzini topshirganmas. uyogʻidan kelsak, u yaramas qiz shu kungacha besh marta anavi yerini qaytadan tiklab olgan ekan. Bunisiga nima deysan?..
— Nahotki?.. — Matnazar boshini changalladi. — U Xushvaqtning alamini olish uchun dadasi bilan olishib yotibdi-ku!.. Buni qanday tushunish mumkin?
— Toʻgʻri, koʻngli ketgan boʻlsa ketgandir. Nima boʻlgandayam, ayol. Xushvaqt uning koʻngliga oʻtirgandir-da! Lokigin bokira boʻlib oʻzini topshirganmas.
— Unda kimga topshirgan oʻzini?..
— Bunisini Xudo biladi. Men Xudo emasman. Tepasida sham koʻtarib turmaganman. Senga maslahatim shuki, obroʻying borida undan qutulishga harakat qil! Yoʻqsa, itday oʻlib ketishing hech gapmas.
— Yoʻq, ota, — oʻrnidan turib bir qoʻlini beliga tiradi Matnazar. — Menam itday oʻlib ketaveradiganlar xilidan emasman. Hali turmadan chiqvolay, koʻrsatib qoʻyaman aldashni.
— Qoʻlingdan hech nima kelmaydi. — qoʻl siltadi Shodiyor ota. — Ularni bilmaysan. Bugun yovlashsa, ertaga yana birlashib ketaverishadi. Sen kim boʻpsan? Pashshaday gapsan.
— Koʻramiz hali. Pashshayam osonlikcha oʻlmaydi. Kurashadi.
— Boʻpti, mahmadonalik qilavermay, joyingga chiq! Yotadigan mahal boʻldi. Aytgancha, turmadan chiqib olay dedingmi?
— Ha, nimaydi?
— Senga aytishdimi oʻzi necha yilga qamalganingni?
— Be, sud qilsa aytadi-da!
— Men bilaman.
— Xoʻsh, necha yil ekan?
— Oʻn besh yil, boʻtam, oʻn besh yil.
Matnazar kulgisi qistab eshitilar-eshitilmas, shivirlab qoʻydi.
— Yaxshiyam ukamni ogohlantirishga ulgurdim. Ammo baribir, bir hafta ichida qochib ketmasam, otimni boshqa qoʻyaman!
***
Marjona tuni bilan deyarli mijja qoqmadi. Negadir Matnazardan darak yoʻq. Militsiyaga qoʻngʻiroq qilib koʻrdi. Aytishmadi. Yarim kechasi oʻzi borib ham keldi. Bu yerda yoʻqligini aytishdi. Uyiga qaytib yuragi gʻash tortgan koʻyi derazadan tashqariga qarab tong ottirdi…
“Ishqilib, oʻldirib yuborishmagan boʻlsin u lattani! — oʻylardi koʻzlari yumilib borayotgan boʻlsa-da, uxlab qolmaslik ilinjida boshini silkitib-silkitib. — Hech bir ishni qoyillata olmaydi landovur. Toʻshakda-ku, gʻirt omi ekan. Qayoqdanam shu shoʻrtumshuqqa tegdim oʻzi? Padariga laʼnat! Qurib ketganmidi menga er?..”
Shu payt tashqarida kimlarningdir gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir tovushi eshitilgandek boʻlib, Marjona shoshilinch oʻrnidan turdi-da, tashqariga qaradi. Gʻira-shira qorongʻilikda qoʻriqchilar baland boʻyli, egniga qora charm kurtka kiyib, boʻynini qalin sharf bilan oʻragan bir erkakka nimalarnidir astoydil tushuntirishardi.
“Shu boʻlsa kerak Mardon. — dedi oʻziga oʻzi. — Oʻh-hoʻ, ja kelishganga oʻxshaydi. Boʻyi balandligini qara, naq devning oʻzi-ya!..”
Marjona shosha-pisha egniga xalatini ilib tashqariga chiqdi.
— Kim ekan? — atayin soʻradi u ostonadan turib.
— Sizning oldingizga kelibdi. — dedi qoʻriqchi yigitlardan biri qarshisidagi Mardonni koʻrsatib. — Matnazar akaning ukasi ekan.
— Mayli, qoʻyvoringlar, kiraversin!..
Mardon ildam qadamlar bilan Marjonaga yaqin keldi.
— Sizmidingiz Mardon? — soʻradi Marjona uni boshdan-oyoq kuzatib chiqish asnosida.
— Ha, akam qoʻngʻiroq qilib tez kelishimni aytgandi.
— Akangizning oʻzi qayerda?
— Bilmadim. Uni… Koʻrmadim men.
— Shunaqa deng?.. Boʻpti, ichkariga kiring, siz bilan maslahatlashadigan ish bor!..
Mardon itoatkorona Marjonaning ortidan ichkariga kirdi…
— Charchagandirsiz? — ichkariga kirib oʻtirishgach, soʻradi Marjona qarshisidagi devqomat yigitga zimdan nazar tashlab.
— Ha, shunaqa desayam boʻladi. Tuni bilan yoʻl yurdim.
— Unda anavi xonaga kiring-da, birpas uxlab oling! Menam uxlamadim. Biroz dam olaman. Qolgan gaplarni keyin gaplashamiz.
— Xoʻp, kennoyi!
Bu gapni kutmagandi.
Marjona yalt etib Mardonga qaradi.
Lekin indamadi…
Unga Mardonning “kennoyi” deya murojaat qilishi negadir erish tuyulgandi…
* * *
Umrini alpqomat yigitlar davrasida oʻtkazib oʻrgangan Marjona Mardonni koʻrgandan beri oʻzini butkul yoʻqotayozgandi. Koʻzlari yumilib ketayotganiga qaramay, sira uxlay olmas, uyqu toʻla koʻzlari narigi xona eshigida edi.
“Oh, qanday kelishgan, norgʻul yigit ekan! — oʻylardi oʻzicha. — Aksiga sirayam oʻxshamaydi. Butkul boshqacha. Qarashlari jiddiy, kamsuqum. Qaniydi shunday yigitning quchogʻida boʻlib qolsam!.. Meni erkalasa, yuz-koʻzlarimni boʻsalarga koʻmib tashlasa. Axir, bunday yigitlarga faqat men loyiqman! Mendan boshqasi arzimaydi… Nima qilsam ekan-a?.. Qanday qilib koʻngliga yoʻl topsam?.. Nima qilsam, oʻzimga qaratib olaman?.. Ha-a, topdim!..”
Marjona beixtiyor oʻrnidan turib xalatini kiydi.
“Oldiga kiraman. Nimadan qoʻrqardim? Hozir u mening ixtiyorimda. Qochib hech qayoqqa bora olmaydi. Kiraman-u…”
U sekin-sekin yurib borib roʻpara xona eshigini ochdi. Mardon allaqachon uxlab qolgan, hatto, qimirlab ham qoʻymasdi…
Marjona ehtiyotkorlik bilan karavotning bir chetiga oʻtirdi. Shu tobda koʻzlari chaqnar, ehtiros aʼzoyi badanini chirmab olgan, bir soniya kutishga-da toqati yetmasdi…
— Uxlashingdan!.. — shivirladi Marjona uyqudagi Mardonning yuzlariga barmogʻini bilinar-bilinmas tekkizib. — Nega yonimda yota qoling deb aytmadim?.. Hechqisi yoʻq. Sen bugun mening jannatimga kirasan…
Marjona ohista oʻrnidan turdi-da, egnidagi xalatini yechib bir chetga uloqtirdi…
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi