15:56 / 04.10.2018
9 083

Baliqning qaysi turi eng foydali hisoblanadi?

Baliqning qaysi turi eng foydali hisoblanadi?
Baliq inson organizmini tozalovchi, suyak va tishlarni mustahkamlovchi shifobaxsh taom sifatida qadimdan sevib isteʼmol qilinadi. Ayniqsa, tez hazm boʻlishi va parhezbopligi baliqning qiymatini yanada oshiradi. Baliq goʻshti tarkibida juda koʻp vitamin va mikroelementlar saqlanishi tufayli biologik qiymati ham mol va qoʻy goʻshtidan yuqori turadi. Baliq goʻshtining 100 grammida inson salomatligi uchun kerak boʻladigan bir kunlik — 0,2 milligramm yod saqlanadi.

Oʻzida oqsil, vitamin, minerallar, ayniqsa, temir, yod, magniy, fosfor, ruhni saqlagan bu jonzot goʻshtini koʻp yeng, sababi baliq odamni semirtirmay, organizmga kerakli quvvatni bera oladi. Baliqdan koʻplab foydali moddalar, shuningdek organizm uchun zarur boʻlgan Omega - 3 yogʻ kislotalari mavjud. Ular quyidagi foydali xususiyatlarga ega.

Shuningdek, baliqni isteʼmol qilish bir qancha kasalliklarga koni foyda hisoblanadi: yurak kasalliklari xavfini kamaytiradi, koʻrish qobiliyatini yaxshilaydi, uyquni yaxshilaydi, revmotoid artritni yengillashtiradi, xolesterin darajasini kamaytiradi, modda almashinuvini tezlashtiradi, qon bosimini pasaytiradi, nevrologik kasalliklarda, erkaklarda jinsiy quvvatni oshiradi, jigar uchun foydali hisoblanadi.

Baliqni bolalarga haftada 2 marta tayyorlab bersangiz, raxit, karies, soch toʻkilishi, buqoq dardlaridan asraysiz.

Odatda, daryo baligʻini qovurib isteʼmol qilamiz. Ammo bunda yurak va tomirlarga qancha zarar borishini bilasizmi? Bu koʻrinishda baliq nafsni siylagani qoladi. Organizmga foyda berishi uchun bugundan boshlab baliqni ziravorlar qoʻshib qaynatma shoʻrvaga solib, yoki gaz pechida pishirib, kotlet tayyorlab yeyishga oʻrganing. Ammo qovurma baliqqa koʻngil ketaversa, zaytun moyida yengil qovurib, dimlab qoʻygan maʼqul, vitamin-minerallari saqlanib, tanga darmon boʻladi.

Baliq olayotganingizda avvalo uni tanlay bilish lozim, yangi tutilgan, sarxil baliqning et qismi oq yoki nimpushti, turiga qarab qizil rangda boʻladi. Baliq tanlaganda barmoq bilan tanasiga bosib koʻring, ezganda xuddi rezinka singari oʻz holiga darrov qaytsa, u yangi. Yana hidiga ham ahamiyat bering, oʻtkir hidli, goʻshti yashil yoki sargʻish boʻlsa, yaqinlashmang. Sovutgichda xom baliq 3 kun, muzxonada bir necha oygacha bemalol saqlanishi mumkin.

Baliqning goʻshtidan tashqari uning moyi ham organizm uchun koni foyda hisoblanadi.

Baliq moyidagi D vitamini organizmga kalsiy va fosforning oʻzlashishini faollashtiradi. D vitaminisiz kalsiyga boy mahsulotlar ham foydasiz boʻladi. Ayniqsa, qish mavsumida. Chunki D vitamini quyosh nuri taʼsirida organizmga sintezlashadi. Bundan tashqari, D vitamini asab sistemasini tinchlantiradi va tutqanoq tutib qolishidan asraydi.

Foto: Pixabay

Baliq moyidagi retinol yiringlagan yarani davolaydi.

Retinol — A vitamini koʻz, shilimshiq bezlar, shilliq pardalar, teri qoplami, soch ildizi, tirnoq qatlami va jarohatli organlar uchun tengsiz shifobaxsh elementdir. Maʼlumki, yuqorida keltirilgan organizmlarda A vitamini yetishmasligi oqibatida quruqlashish, yorilish, yalligʻlanish va poʻst tashlash holatlari kuzatiladi. Bu holatdan qutulish uchun esa sizga baliq moyi yordam beradi. Hattoki gazaklagan, yiringlagan jarohatni davolash uchun ham bu moydan foydalanish mumkin. U yiringni tozalab, jarohatning tez bitishiga yordam beradi.

Soch va tirnoqlarni oʻz holiga qaytarish uchun ham baliq moyidan foydalanish mumkin. Buning uchun undan har kuni 1 mahal, uxlashdan oldin soch va tirnoqlaringizga niqob tortsangiz, kifoya.

A provitaminining yordami bilan tanadagi allergiyani ham daf qilish mumkin. Buning uchun allergiya toshmalariga baliq moyi surtsangiz, undan xalos boʻlasiz.

Baliq moyi ozdiruvchi va yoshartirish xususiyatiga ham ega.

Yaqinda olimlar baliq moyining ortiqcha vazndan xalos etish qudratiga egaligini aniqlashdi. Bu esa uning bahosini yanada koʻtardi. Buning uchun 2-3 oy davomida har kecha uxlashdan oldin baliq moyidan 1 choy qoshiqcha yoki dorixonalardagi kapsulalardan 1 donadan ichib yotsangiz, kifoya.

Bundan tashqari, baliq moyi yoshartiruvchi va surunkali kasalliklarni daf qiluvchi modda sifatida qadrlanadi.

Foto: Pixabay

Kuz-qish mavsumida bu darmondorini ovqat payti yoki undan keyin, bir yoshli bolaga 1 choy qoshiqdan, maktab yoshidagi bolalar esa kuniga bir mahal bir osh qoshiqdan qabul qilishi mumkin. Hozirda baliq moyi foydalanishga qulay kapsula koʻrinishida ham ishlab chiqarilmoqda. Shisha idishdagi va kapsuladagi moyning tarkibi bir xil. Baliq moyini toʻxtovsiz 4 hafta qabul qilib, keyin orada ikki hafta tanaffus qilinadi. Chunki baliq oʻzida shuncha darmondori saqlash barobarida odam sogʻligʻi uchun zararli simob kabi moddalarni ham yigʻib borishi mumkin. Shuning uchun, baliq yoki uning moyini uzluksiz bir oy yeb, keyin biroz dam olish kerak. Shu tariqa bolalar va keksalarga uni sentyabr oyidan may oyiga qadar berib borishingiz mumkin.

Baliq quyidagi kasalliklari bor insonlarga tavsiya etilmaydi.

Allergik xastaliklar, qonda kalsiy darajasi yuqori boʻlgan odamlarga, buyragi tez-tez ogʻriydigan bemorlarga, oʻpka silida baliq unchalik tavsiya etilmaydi.

Baliqning boshi yoki koʻzini yeyish mumkinmi?

Koʻplar baliq boshini yeyishga ishtiyoqmand boʻladi. Baʼzilar esa bunga jazm qilolmaydi. Albatta, baliq boshida xuddi tanasi kabi foydali darmondorilar bor. Lekin baliq oʻziga tez gijja ilgʻab olishini ham inobatga olish kerak. Gijjaning aksariyat qismi aynan boshda toʻplanadi. Shuning uchun baliq boshini yemoqchi boʻlsangiz, qovurishdan avval, tuzli suvda obdon ivitib, suvda 1 soat qaynatib, keyin qovurish kerakligini yodda tuting. Xuddi shu narsa baliqning koʻziga tegishli.

Baliqning qaysi turi eng foydali hisoblanadi?

Bizda asosan daryo baligʻi isteʼmolda boʻlgani uchun - zogʻorabaliq (sazan), ilonbaliq, laqqabaliq, olabugʻa, choʻrtanbaliq, bakra, paltus, tovonbaliq goʻshtini yeyish tavsiya etiladi. Ayniqsa, yurak-qon tomir kasalliklari, insultdan keyingi davr, qonda xolesterin darajasi koʻtarilganda, kamqonlik, suyak sinishlari, behollik va jismoniy zoʻriqishda, nevroz, jinsiy zaiflikda, buqoq, teri kasalliklari (ayniqsa teri quruqlashib, poʻst tashlaganda), podagra va revmatizmda, koʻrish qobiliyati pasayganda bu jonzotning goʻshti koni foydadir. Dengiz baligʻini esa konserva yoki marinadlangan, tuzlangan yoki dudlangan koʻrinishdagi isteʼmoli organizmga uncha foyda qilmaydi.

Foto: Pixabay

Baliq isteʼmol qilishning minimal meʼyor miqdori bir yilda bir kishi uchun 12 kilogrammni tashkil qiladi. Respublikada 32 milliondan ziyod aholining baliq isteʼmol qilish meʼyori 384 ming tonnani tashkil etadi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Baliqning qaysi turi eng foydali hisoblanadi?