Zamonaviy hayotning shoshqaloqligi va shovqini orasida ko‘pchilik tabiatni unutib qo‘ygan. Aslida, insonning tana va ruhi tabiat bilan bog‘liq holda yaratilgan. Olimlar ta’kidlashmoqda: faqat 20 daqiqa daraxtlar orasida sayr qilish — yurak urishini sekinlashtiradi, qon bosimini me’yorga keltiradi va stressni kamaytiradi.
Tabiat inson organizmiga tinchlantiruvchi energiyani qayta yuklaydi. Qushlar sayragi, shamol shovqini va yashil manzara asab tizimini osoyishtalikka keltiradi. Bu jarayon inson tanasidagi “stress gormonlari”ni tabiiy ravishda pasaytiradi.
Yashil muhitdagi 120 daqiqa hayotni uzaytiradi
Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan keng qamrovli tadqiqotda 20 ming kishi ishtirok etgan. Natijalarga ko‘ra, haftasiga kamida ikki soat tabiat qo‘ynida bo‘lgan insonlar o‘zlarini sog‘lom, xotirjam va ruhiy jihatdan barqaror his qilishgan.
Bu ikki soatni bir kunda emas, bir necha qismlarga bo‘lib o‘tkazish ham yetarli. Asosiy narsa — inson tabiat bilan bevosita aloqada bo‘lishi. Oddiy sayr, bog‘da ishlash yoki parkda o‘tirishning o‘zi ham organizmga shifo beradi.
TANADAGI GORMONLAR MUVOZANATGA KELADI
Ochiq havo, ayniqsa, daraxtzor muhitida vaqt o‘tkazish tanadagi kortizol va adrenalin miqdorini kamaytiradi. Bu gormonlar stress uchun javob beradi. Tabiatda bo‘lish immun tizimini ham faollashtiradi — ayniqsa, viruslar va yallig‘lanishlarga qarshi kurashuvchi “natural killer” hujayralar soni ortadi.
Yaponiyada o‘tkazilgan “shinrin-yoku” — ya’ni “o‘rmon vannasi” tadqiqoti shuni isbotladi: faqat uch kunlik qarag‘ay o‘rmonida dam olgan odamlarda bu hujayralar soni sezilarli oshgan va ta’siri bir hafta davom etgan. Olimlar bu holatni daraxtlar chiqaradigan fitonsidlar bilan izohlaydi. Ushbu tabiiy modda nafas orqali tanaga kirib, asab tizimini tinchlantiradi va yurakni sog‘lomlashtiradi.
“Yashil retsept” — tabiat bilan davolanish
Buyuk Britaniya, Yaponiya va Kanadada shifokorlar bemorlarga doridan tashqari tabiat qo‘ynida sayr qilishni tavsiya etishadi. Buni “yashil retsept” deyiladi. Har hafta kamida bir necha bor ochiq havoda bo‘lish depressiya, charchoq va ruhiy zo‘riqishni kamaytiradi.
Bu usul nafaqat psixologik, balki fiziologik jihatdan ham foydali. Inson tabiat bilan bog‘langanda nafas olish, yurak urishi va uyqu ritmi sog‘lomlashadi.
Tabiatning hidi ham shifo manbai
Tabiat faqat ko‘rish orqali emas, hid sezish orqali ham organizmga shifo beradi. Qarag‘ay, yomg‘ir yoki nam tuproqning tabiiy hidi miyadagi xotirjamlik bilan bog‘liq neyronlarni faollashtiradi.
Shu sababli, hatto 10 daqiqalik bog‘dagi sayr ham stressni kamaytiradi, uyquni yaxshilaydi va kayfiyatni ko‘taradi.
Ichakdagi foydali bakteriyalar ko‘payadi
Tabiatda ko‘p vaqt o‘tkazadigan odamlarda ichak mikroflorasida foydali bakteriyalar ko‘payadi. Bu bakteriyalar ovqat hazmini yaxshilaydi, immunitetni mustahkamlaydi va kayfiyatni barqarorlashtiradi.
Shahar havosining ifloslanishi va shovqini esa, aksincha, bu bakteriyalarni yo‘qotib, surunkali charchoq va tushkunlikka sabab bo‘ladi.
Tabiatni uyingizga olib kiring
Har doim tabiat qo‘yniga chiqish imkoni bo‘lmasligi mumkin. Ammo uni uy sharoitida yaratish mumkin. NASA tadqiqotlariga ko‘ra, aloe vera, drasena, xlorofitum va spatifillum kabi o‘simliklar havodagi zaharli moddalarning 80 foizigacha kamaytiradi.
Uyda yashil muhit yaratish — stressni pasaytiradi, diqqatni oshiradi va ruhiy holatni barqarorlaydi. Shuningdek, lavanda, qarag‘ay va limon moylari bilan aromaterapiya qilish ham asab tizimini tinchlantiradi va uyqu sifatini yaxshilaydi.
Tabiatni his qilish uchun uzoqqa borish shart emas — derazani oching, xonaning burchagiga kichik gul qo‘ying yoki havoni tabiiy hid bilan tozalang. Bu orqali siz har kuni tabiatning shifo kuchini his qilasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!