Takror qaynagan suv — tiniq ko‘rinib, yashirin xavf saqlayotgan suyuqlik
Ko‘pchilik suvni qancha ko‘p qaynatsa, shuncha tozalanadi deb o‘ylaydi. Bir qarashda bu mantiqiy — issiq harorat bakteriyalarni yo‘qotadi, demak, suv sof bo‘ladi, degan fikr tug‘iladi. Ammo mutaxassislar bunga qo‘shilmaydi. Ularga ko‘ra, takror qaynatilgan suv tashqi jihatdan tiniq ko‘ringani bilan, uning ichidagi kimyoviy muvozanat butunlay buziladi. “zamin.uz” yozganidek, bunday suv “o‘lik energiya”ga aylanib, organizm uchun foydali emas, balki zararli bo‘lishi mumkin.
“Ölik suv” nimasi bilan xavfli?
Olimlar “o‘lik suv” iborasini bejiz ishlatmaydi. Bir necha marta qaynatilgan suvda kislorod va karbonat gazlari keskin kamayadi, suvning tabiiy energetik tuzilishi yemiriladi. Bu esa hujayralarga kislorod yetkazishni sekinlashtiradi, insonda charchoq, og‘irlik va bosh og‘riqni kuchaytiradi.
Bunday suvni ichgan odam “chanqoq ketmayotganday”, og‘izda g‘alati ta’m qolganday his qiladi. Bu organizmning tabiiy energiya manbaidan mahrum bo‘layotganidan dalolat. Ya’ni suv tashqi jihatdan sof, ammo ichki jihatdan “o‘lik”.
Ko‘zga ko‘rinmas og‘ir metalllar
Suvni bir marta qaynatish mikroblardan halos bo‘lish uchun yetarli. Lekin uni qayta-qayta isitish — organizmni metalllar bilan “oziklantirish” bilan barobar. Chunki vodoprovod suvi metall quvurlar orqali o‘tadi, ulardan miqdor jihatidan oz bo‘lsa ham qo‘rg‘oshin, mis yoki mishyak suvga aralashadi.
Qayta isitish jarayonida bu moddalar yo‘qolmaydi, aksincha, to‘planadi. Suvning bir qismi bug‘lanib ketsa ham, nitrat, ftor, xlor va og‘ir metall ionlari konsentratsiyasi ortadi. Eng yomoni, yuqori haroratda nitratlar saraton keltirib chiqaruvchi nitrozamin birikmalarga aylanadi. Shu bois, sog‘lom turmush tarzini tanlagan inson uchun bu “jim xavf” hisoblanadi.
Ohakli cho‘kma — jismonan ham, iqtisodan ham zarar
“Qattiq suv” deb ataluvchi suvda kalsiy va magniy ko‘p bo‘ladi. Bunday suvni qaynatganda choynak devorida paydo bo‘ladigan oq qatlam — ohakli cho‘kmaning belgisi. Uning bir qismi suvning o‘zida qoladi va organizmga kirib, buyraklarda tuz to‘planishiga sabab bo‘ladi.
Natijada tosh hosil bo‘lishi, siydik yo‘llarida og‘riq va boshqa noxush holatlar paydo bo‘lishi mumkin. Agar choynakda ohak tez paydo bo‘layotgan bo‘lsa, bu suv qattiqligini bildiradi. Mutaxassislar bunday holatda filtrlangan yoki yumshoqroq suv ichishni tavsiya etadi.
Bundan tashqari, qattiq suv maishiy texnika uchun ham dushman. Ohak choynak va dazmol kabi qurilmalarda issiqlik o‘tishini qiyinlashtiradi, energiya sarfini oshiradi va xizmat muddatini qisqartiradi.
Suvni qancha vaqt saqlash mumkin?
Qaynatilgan suvni 24 soatdan ortiq saqlash tavsiya etilmaydi. Shu muddatdan keyin u nafaqat kislorodini yo‘qotadi, balki mikroelementlar parchalanib, bakteriyalar yana ko‘payishi mumkin.
Sifatli suv ichish uchun shifokorlar quyidagilarni tavsiya etadi:
zamonaviy filtr tizimlaridan foydalanish;
shishadagi tabiiy suvni tanlash;
yangi qaynatilib sovitilgan suvni ichish;
suvni yopiq idishda saqlash.