Monrealdagi Konkordiya universiteti olimlarining so‘nggi tadqiqot natijalariga ko‘ra, plastmassa idishlarda saqlanadigan suv inson sog‘lig‘i uchun xavfsiz emas. Tadqiqot Journal of Hazardous Materials ilmiy jurnalida e’lon qilingan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, shishadagi suvdagi mikroplastmassalar tufayli u oddiy musluk suviga nisbatan ancha xavfliroqdir, deya xabar berildi.
Tadqiqot mualliflarining aytishicha, mikroskopik plastik zarralar organizmga kirganda biologik to‘siqlarni yengib o‘tishi va qon oqimi orqali muhim ichki organlargacha yetib borishi mumkin. “Bu zarralar inson tanasiga asta-sekin zarar yetkazadi, lekin uning ta’siri darhol namoyon bo‘lmaydi. Ular yillar davomida surunkali zaharlanishni keltirib chiqaradi”, — deyiladi tadqiqotda.
Olimlar hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘rtacha inson yiliga kamida 39 mingdan 52 minggacha mikroplastmassa zarralarini yutadi. Biroq shishadagi suvni muntazam iste’mol qiluvchilar bu ko‘rsatkichni qariyb ikki baravarga oshiradi — ya’ni ular yiliga 90 mingtagacha ortiq mikroplastmassani tanasiga qabul qilishi mumkin.
Mikroplastik zarralar suv idishlariga turli jarayonlarda tushishi aniqlangan: quyosh nurining ta’sirida, ishlab chiqarish va saqlash paytida, yoki harorat keskin o‘zgarganda idishning ichki qismidagi plastik moddalar parchalanib, suvga aralashadi.
Tadqiqot rahbari Sara Sajedi ta’kidlaganidek, mikroplastmassalarning ta’siri ko‘p hollarda “his etilmas, lekin xavfli”. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu zarralar organizmda yallig‘lanish jarayonlarini kuchaytiradi, gormonal muvozanatni buzadi, asab tizimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va ba’zi hollarda immun tizimini zaiflashtiradi.
Sajedi insonlarni ehtiyot bo‘lishga chaqirib, plastik idishlardagi suvni doimiy ravishda ichishdan ko‘ra, filtrlangan yoki qaynatilgan suvdan foydalanishni tavsiya qildi. Uning ta’kidlashicha, plastmassa idishlarni qayta ishlash va ulardan foydalanishni cheklash kelgusidagi ekologik va sog‘liq bilan bog‘liq xavflarni kamaytiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!