date

Yolg‘izlik inson sog‘lig‘i uchun stress kabi xavfli ekani aniqlandi

Yolg‘izlik inson sog‘lig‘i uchun stress kabi xavfli ekani aniqlandi

Avstraliyalik olimlar olib borgan so‘nggi tadqiqot natijalariga ko‘ra, yolg‘izlik faqat emotsional holatga emas, balki insonning jismoniy sog‘lig‘iga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Mutaxassislar fikricha, odam tabiatdan boshqalar bilan muloqot qilish va munosabatda bo‘lish uchun yaratilgan.

Tadqiqotda aytilishicha, ijtimoiy munosabatlar inson miyasidagi muhim jarayonlarni faollashtiradi — bu nafaqat kayfiyatni, balki umumiy sog‘liqni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Olimlar miya ijtimoiy muloqotni hayot uchun zarur jarayon sifatida qabul qilishini ta’kidlashgan.

Shu bilan birga, odam o‘zini yolg‘iz his qilganda, miya bunday holatni xavf signali sifatida qabul qiladi. Bu stress gormonlari ko‘payishiga va organizmning “himoya rejimi”ni ishga tushishiga olib keladi. Natijada yurak faoliyati izdan chiqishi, immun tizimi zaiflashishi va ruhiy holat yomonlashishi mumkin.

Aksincha, muloqot qilish, yaqin insonlar bilan gaplashish va ruhiy qo‘llab-quvvatlanish oksitotsin moddasining ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Bu modda xavotirni pasaytiradi va insonda xavfsizlik hissini oshiradi. Ijtimoiy munosabatlar stress, tushkunlik va hatto demensiyaning oldini oladi.

Olimlar har kuni hech bo‘lmaganda bir necha daqiqa suhbat qurish, yaqinlar bilan bog‘lanish yoki qiziqishlar bir xil bo‘lgan odamlar bilan muloqot qilishni tavsiya etishgan. Qisqa muloqot ham miyada ijobiy o‘zgarishlar uyg‘otishi, kayfiyatni ko‘tarishi va stress darajasini pasaytirishi isbotlangan.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, oddiy tabassum yoki samimiy salomlashish ham ruhiy sog‘liqni mustahkamlashga yordam beradi — chunki inson hayotining tabiiy qonuni muloqot va birdamlikka asoslanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Yolg‘izlik inson sog‘lig‘i uchun stress kabi xavfli ekani aniqlandi