16:56 / 06.10.2018
6 492

“Bozor dunyo” yoxud erini oʻzgaga nikohlatgan ayol iztirobi (4-qism)

“Bozor dunyo” yoxud erini oʻzgaga nikohlatgan ayol iztirobi (4-qism)
Xosiyatbi oʻtiraverganidanmi, oqsoqlanib, inqillab tandir tomon ketdi. Kaniza bilan Samad oʻtirgan yerida oʻtiraverdilar. Samad och qoringa tamakini chuqur-chuqur tortdi, oxiri oʻrnidan qoʻzgʻoldi. Indamay koʻchaga chiqib ketdi. Ammo iziga qaytib keldi, atay Kanizaning roʻparasiga kelganda toʻxtab:

— Buvi, ayting, satang xonim adreschasini tashlab ketsin, — dedi kesatib, ovozini baralla qoʻyib tandirga oʻt qalayotgan onasiga, — tagʻin bu bozorchi tugʻib sotib ham yubormasin. Hamma narsani sotadi bu.

Kaniza labini burib qoʻydi. Onasi:

— Qoʻy endi oʻgʻlim, ishingni qil, — dedi xavotir. Bir sanchib olib, koʻngli olimsindi, shekilli, Sa-

mad burilib chiqib ketdi. Qaytib kelmadi. Kaniza nonning pishishini kutdi. Qaynonasi ikkovi issiq non bilan choy ichishdi. Buning ichida qizchasi Oyimxon ham keldi, opachasi bilan. Koʻngli tinchigach, qaynonasiga ota-sinikiga ketayotganini aytib, yoʻlga tushdi.

— Mayli, shu juvonmargning koʻzidan uzoqroq boʻlib turing, — dedi kuzatayotib qaynonasi, — bobovchasi ke-lib qopti, shekilli.

Uchterakka ketib borarkan, Kaniza yoʻl quyun oʻzi bilan oʻzi gaplashib, eri bilan dahanaki urushib ketdi: “Adreschasini tashlab ketsin, emish, orqamdan erjonim, mehribonim yetib borsin, deb. Juda qadrimni bilib qoʻyding, toʻnka. Senga tegib nima koʻrdim? Oʻl. Sassiq-kuzan, bitliqi. Hali qarab tur, bir kuydirayki, ich-eting yonib ketsin… Birovga gap bermaysan, maqtanchoq. Guvalani obborib devorga urasan, devorni guvalaga… «Satang xonim” emish-a? Satang xonimman, nima deysan? Hamma yogʻimni sotarmishman? Ha, sotaman, xohlaga-nimcha sotaman. Seni birov olmaydi, goʻrkovlikka oladi, goʻlaxi. “Tugʻib, sotib yubormasin” emish? Nima qilishga ketayotganimni Xudoyim dilingga solib qoʻydimi? Oʻla! Xuddi shunga ketyapman. Nima deysan, zoʻpidin? Oʻzinikini oʻziga sotaman. Men, Salima aytmoqchi, “inkubassaman”, eshitdingmi, inkubassa! Hozir eshitib ol, maʼnosini keyin uqib olasan. Tuxum bosaman… “Bozorchi” emish-a? Shu bozorchi boqmay, enang bokyaptimi? Ha, enang nonga oʻtir demadi-yu? Kuyibgina oʻlasan hali, qarab tur… U qulogʻing bilan ham, bunisi bilan ham eshitib ol, oʻzingni bozorchi qilib qoʻymasam, Kaniza otimni boshqa qoʻyaman. Bir martaga mana koʻrasan… Oʻzi Xudo mana men deb berib turibdi. Shunday boyib ketayki… Qarib-chirib, changimda yoʻqolib ketgin…»

Kaniza eri bilan dahanaki solisha, otasining uyi oldiga borganini sezmay qoldi. Dadasi Eshmat soʻpi, Eshmat lapashang, onasi uni shunday muborakbod etadi, hozir fermer, darvozaga yetib kelib, eshagidan tushayotgan ekan. U hozir qayroqi ayasining gapini eslab kulimsadi: “Qilgan ishining tayini yoʻq, eshakning ketidan oʻralashadi, Esh soʻpi”. Voo, onasiga gap yoʻq. Yetti chaqirimdan erkakni boʻyniga boʻyinturuq solib, uzangi taqadi. Bekordan behuda uni qishlokda Oʻktamxon emas, Oʻtkirxon deyishmaydi. Uzunquloq gapmi, yana Kaniza bilmaydi-yu, yangi kelinligida xotini kelib qolib, meshqop raisning uyidan katta qora cholvarini kiyib, qochib kelgan ekan. Mish-mishchi xotinlar tili qichib gapirganda, Kaniza kap-katta qiz boʻlib qolgan edi-da, oriyat talashib uzib olgan edi. Keyinchalik, Kaniza singari boshqa farzandlari ham katta boʻlib, bu gap tildan tushdi. Anov lapashang eriga qolsa, haligacha yuraverardi bu gap. Bunaqangi gaplarga birinchi boʻlib Kaniza jiddiy chek qoʻydi. Ayasini u-bu deyishgani bilan farzandlari, ayniqsa, qizlari jiddiy, baʼmani oʻsishdi. Bagʻri keng qishloq ahli oʻrtasida Oʻktamxon-Oʻtkirxon teatr sahnalari unut boʻlib ketdi. Yaxshi-yaxshi odamlar quda-anda boʻldilar. Asli ayasi oʻzi quvnoq xotin. Qish ham, yoz ham baribir, kuldirib yuraveradi, qizlariga oʻxshab izzattalab emas. Anavi direktorning xotini — opasi tergab, soʻkadi. Ammo Oʻtkirxon ajiva qiliqlarini tashlamaydi, tashlamadi ham. Beshikda tekkanda!

Darvozaning kichkina eshigidan avval oʻrgangan eshak, ota va qiz kirishganda, Oʻtkirxon teatr, tokning tagida oʻtirgan ekanmi, tura solib:

— Voy-voy-voy, kim kelyapti, boʻylaringga qoqindiq,— degancha obdastada qoʻllarini chayib-chaymay, Kanizaning istiqboliga yurdi, kelib uni kuchdi va yelkasi osha soʻpiga qarab: — Hmm… Eshakning ketidan qolmang, — deb qoʻydi. Soʻng Kanizaning yangi tovusini silarkan, koʻshimcha qildi: — Hay-hay, koʻz tegmasin-a, tuf-tuf!

— Aya, — dedi Kaniza norozi ohangda, — yana qoshingizga muncha quyuq oʻsma surkadingiz, a?

— Tek qoʻy, soʻpini aldasam boʻldi-da, meni deb shu yerda yuribdi-yu, — yana hazilga oldi Oʻtkirxon, dasturxon yozarkan.

— Hech esingiz kirmadi-kirmadi…

— Yana soʻkkani keldingmi? Anavi direktorning xotini mendan uyalarmish. Nima balo, senlarni anov soʻpi bilan eshak tuqqanmi? — kuldi u yana.

— Aya!!!

— Nima gap, kim nima tugʻibdi? — aralashdi eshagini bogʻlab kelgan Soʻpi.

— Permer permer tugʻibdi, — uzoqdan yana gap soldi Oʻtkirxon.

— E, permerlik ham qiyin ekan, qizim. Uniyam puli bor qilsa durust ekan. Boʻlganlar boʻlganicha boʻlib qoldi. Bizga oʻxshab keyin yugurganlar dori sotib, yer sotib, raislar singari kun koʻrib yuribdi.

— Yana pul, pul, pul, — jazava boshladi Kaniza. — Men pul soʻrab keldimmi?

— Boʻldi, boʻldi, biz jim.

— Pul soʻrab keldimmi, aya?

— Yoʻq, yoʻq, meni koʻrgani kelding.

— Bosib olgan bugʻdoyizi gapirmaysiz? Imi-jimida sotib, hoʻ ajdaho oʻgʻillarizi domiga tiqyapsiz? Bitta kenja qiz oʻlibgina ketsin, — koʻziga yosh oldi Kaniza.

— Ha, bu soʻpi oʻshalarga tiqadi. Anavi boy qiziga tiqadi. — Kanizaga boʻlishdi onasi.

— Yana meni ana shu soʻtakka berdilaring?.. Siz qildingiz, aya, shu ishni, — avjiga chiqdi Kaniza.

— Men qildim, otasini koʻrib etik yechibman-da, — hiqilladi onasi.

— Boʻldi aya, hazilni, masxarabozlikni ham cheki-chegarasi bor. — Kaniza har ehtimolga qarshi miyasida yetilib pishgan rejasini hisobga olib, muddaosini bildirib qoʻyishga oʻtdi:

— Yashamayman men u bilan.

— Voy, voy, voy, bir martami bu diydiyoying, qizim?

— Bunisi endi bir marta. Oxirgisi.

Oʻktamxon endi jiddiy tortdi, koʻnglida esa: “Hozirgi kuyovlar xotin kishini tinchitib qoʻyishni bilmaydilar-a?..” degan gap oʻtdi. U choy koʻtarib keldi. Non ushatdi. Choy ichdilar. Soʻpi tamaddi qilgach, hashaki havoda uxlashni afzal bildi.

Ona-bola qoldilar. Quyosh bir chiqib, bir botar, na issiq, na sovuq emas, baribir, sovuq tushib qolayotgandi. Oʻktamxon qizini ichkaridagi xonalardan biriga olib kirdi. Ikkovlon gaplashib oʻtirdilar. Kaniza rosa hasrat qildi. Qaynonasini maqtadi, eriga loy chapladi. Gap qaynotasiga kelganda, ayasi qiqir-qiqir kula boshladi.

— Yana boshlayapsizmi? — norozi boʻldi Kaniza shunda.

Oxiri oʻzini tuta olmay, xoxolab yubordi ayasi.

— Toʻxta-toʻxta, aytmasam yorilib oʻlaman, — dedi va yana kula-kula nihoyat aytadiganini aytdi:

— Oʻsha qaynotangda, qurib ketgur, beldor, polvon yigit edi-da, bir kuni qurtga mayda barg terib yursam, roʻparamdan chiqib qoldi, bir sinab koʻray dedim. Shartta tutqatorga kirdim-da, imladim. Qayokda tashlanadi deysan, urra qochsa degin…

— Aya, shu gap sizga, kap-katta xotinga yarashadimi?

— Bir omadi gap-da.

— Aya, seryozni aytyapman, meni tushundizmi?

— Qoʻy bunaqa gaplarni, ertaga yana ering bilan apoq-chapoq boʻlib ketasizlar.

— Aya, anavi, dadamni toʻrtta tukini oldirib tashlang, jagʻidagini! Xuddi artisning oʻzi boʻpti-qopti.

— Voy, oʻxshasa qaniydi?

— Aya, bugun qolaman.

— Qol, qol, voy qishlokda-chi, hozir gap bolalagan. Zamon oʻzgaribmi, hamma menga oʻxshab ochiq-sochiq boʻlib ketyapti… Yaqinda Mamat shipirgi bilan Qosim malayni kelini nima karomat koʻrsatishibdi degin, ayangni hangomalari yetti chaqirim choʻlga qochadi. Bu yogʻi komediya. Qishloq shundoq boʻlib ketgan hozir. Sen yuribsan-da, shaharda mazza qilib, bozorchi boʻlib, olifta satang boʻlib…

“Erim ikkisi ham bir goʻr, — oʻyladi Kaniza. — Bularni oʻzi abadul-abad tark etish kerak. Shu qishlogʻida irib-chirib ketishsin. Agar boyib ketsam, yelkamning chuquri koʻrsin sen itbaliqlarni…”

Shularni oʻylab, Kaniza onasiga ters burilib, yotib oldi. Onasi boshiga yana bir yostiq qoʻyib, ovozi oʻchdi. Shu yotgancha Kaniza kech shomgacha uxladi. Tursa, ayasi tandirdan qaynoqqina somsa uzyapti. Biram shirin ekan oshqovogʻi, mazza qilib yedi. Bechora ayasi, qop-qoragina, koʻzlari oʻynoqi bu xotin hayotni yengil-yelpi gapirib, kulib, oʻzini xursand qilib oʻtkazdi-ya. Bu ham nima koʻrdi shu qishloqda? Na toʻqchilik koʻrdi, na tuzuk-quruq usti bosh kiydi. Na bir koshonada yashadi, na oʻynadi-kuldi. Koʻrgan tomoshasi toʻy-toʻychiq boʻldi. Hamma toʻylarda roʻmolini qirra tangʻib, qarsillatib tushdi oʻyinga. “Oʻktam opa Oʻtkir opa bitta oʻynab bering” deydigan koʻpda. Oʻzi ham aytishlariga mahtal, hash-pash deguncha, davrada oʻrdakdek suzib ketardi. “Yuz ochdi”larda loʻlichirmanda urib, oʻxshamagan ovozi bilan yallachilik qilib ketarmidi-yey: Ha, ukam, tomdan keling, Yalangoyos, shomda keling, Akangizni feʼli yomon, Uyida yoʻs chogda keling…

Ana shunday yashadi Oʻktam-Oʻtkirxon. Endi boʻlsa oʻsha havoyi koʻngli parishon, andom esa ketgan. Hozir Kani-zaning parvoz qilaman degan siynasi, murcha miyoni, bir quchoq dumbayu larzoni ila kinna kirgudek boʻksasi, risoladagidek boʻla oyoqlariga koʻz yugurtirib, shirmondek yuzi, oydinbulokdek koʻziga tikilib — oʻzining sanʼat asariga mahliyo boʻlayotgandi…

— Qizim, koʻz tegmasin-u, — dedi Oʻktambi yonma-yon joy solarkan, — rosa yetilibsan hozir. Qani, benavo erkaklar buni bilsa! Erkak kishi emas, ayol kishini ham suqi kiradi. Yomon koʻzdan asrasin.

Onasi esnay boshladi. Hech qancha oʻtmay pinakka ketdi. Kunduzi uxlaganigami, Kanizaning koʻzi yumilmadi. Bir vaqt darvozani birov biram qattiq tepdiki, choʻchib tushdi. Oʻlgur Samad piyanista. Xuddi oʻsha. Tinchlik yoʻq bu dunyoda. Shu toʻngʻiz qoʻpgurni nima qilsa boʻladi-ya? Turib chiqsa hozir, alamazon jang qoʻpadi-da. Bolta-molta bilan chopib, oʻldirib qoʻya qolsa-chi? Qara-ya, tinmay tepyapti darvozani.

Oxiri dadasi turib, darvoza tomon borgani eshitildi, u ancha adi-badi aytishib qaytdi chogʻi, deraza yoniga kelib:

— Kaniza! — dedi. Kaniza indamay yotaverdi.

— Hoy, Kaniza, anaving kepti, oʻlgudek mast, chiq-sin, ketamiz deyapti. Nima deyin? — yana gapirdi dadasi.

— Toʻxtang, menga qoʻyib bering, yer yutkurni, — oʻrnidan qoʻzgʻoldi ayasi va chiqib ketdi. Keta turib: — Hozir ogʻzini turumini tugib qoʻyaman, yaramas, yashshamagur, — deya qargʻandi.

Kaniza turib derazadan qaradi. Yo tavba, ayasi yetib borishi bilan Samad boʻynidan quchdi-yu, koʻksiga bosh urib, hoʻngrab yigʻlay boshladi. Kaniza xayron. Dadasi dildirab kirib ketdi, chogʻi. Samad sholchagayoq yiqildi-qoldi. Oʻktambi toʻshak olib chiqib oʻrab qoʻydi.

— Yuragi toʻlib qolibdi, boʻshatib oldi, — dedi u oʻrniga yotarkan.

Kaniza sahar turib, yoʻlga otlanganda, Samad gʻujanak boʻlib, toʻplangan yerida yotardi. Kaniza parvosiga ham olmay, avtobusga ulgurish uchun tez chiqib ketdi. Sovuq ufurgan yuzlari nim achishib, uyiga yetib keldi. Ikki bola ikki holatda yerga toʻshalgan nam sholcha, nam oʻrinda qotib uxlab yotardilar. Kaniza ularni oʻragan boʻldi va shartta xonadan chiqdi. “Bir kunini koʻradi-da, — oʻyladi u, — qarasin dadasi”.

Koʻchada avtobusni kutib turdi. Avtobus kelgach, unga chiqarkan, kal haydovchi ogʻzini yigʻishtira olmay:

— Voy, do-o-od! Oʻldirasanmi-ya, kuydirasanmi? — Bir toʻxtalib yana: — Tovus yangligʻ qomatingdan-yey… — deya har galgi shilqimligini qildi.

Kaniza esa unyng kal boshiga shapatiladi. U ovozini baralla qoʻyib hirgoyi qildi:

— Urib oʻtgan qanotingdan-yey… Qatiqchilarning Kanizani koʻrib, “Voy boʻ-oʻ! Qutlugʻ boʻlsin” deganlari haydovchining ovozini bosib ketdi.

Kaniza bozorga oʻychan, biroq shaddod kirib keldi. Har holda qishlokda boʻlib oʻtgan gaplar unga erkinlik bagʻishladi. Anovi toʻnka yigʻidan boshqa toʻsqinlik qila olmadi. Endi bir hafta erkin qush, xohlagan yerida uchadi, xohlagan butogʻiga qoʻnadi. Koʻngli tinch. Xoʻsh, bular nima fikrda ekan? Aynishib qolmadimi? Qochib ketdi deb talvasaga tushishmadimikin? Gʻidi-pidi deyishgudek boʻlsa, mana tovusi, mana puli. Yoʻq, jinni boʻlgani yoʻq — bermaydi, vassalom. Ustidagini yechib beradigan ahmoq bormi? Hozir Salima poʻnqadan bu yerdagi gap-soʻz bilinadi.

Shu oʻylar bilan u Salimaning qarshisiga yetib bordi.

— Voy, egachi-yey, bormisiz, salomatmisiz? — javray ketdi xaridorga pomidor tortarkan Salima.

Xaridor ham qoni suyuqroq shekilli, Kaniza bilan koʻz urishtirib qoldi. Xudo beraman desa, hech gap emas-da, shu kunlarda uning yulduzini issiq qilib qoʻydimi, koʻzi tushganki, odam beeʼtibor qololmaydi. Kechagi kuni yomgʻirdan qochib, ayvonlar tagida doʻkon aylanib yursa, bir galstukli odam izidan qolmaydi, qayoqqa yursa, u ham qolmay ergashib yurdi. Avtobusga ketayotganda ham ortidan kelaverdi. Avtobus yurib ketganda, turgan yerida serrayib qoldi. Voy, errayim-yey! Qadam bosishidan ammamning buzogʻiga oʻxshaydi. Ogʻzidan suv oqib, hid olganiga Kaniza kuysinmi? Gʻalati-gʻalati odam koʻpayib ketdi hozirgi zamonda. Birini koʻrib oʻlsang, birini koʻrib tirilasan.

Uzoqdan koʻzi tushgan Soʻtak egildi. Qoʻlini ogʻziga imlab, pirajka olib beraman, deya ishora qildi. Salima hol-ahvol soʻradi, keyin:

— Sizga pomidor olmadim, endi hech narsa sotmang. Ertadan bozorga chiqmaysiz, — dedi. — Egachimning sab-ru toqati tugadi. Kecha tayyorgarlik qilib sizni olib keladi, deb koʻzi teshilibdi. Hozir, mana bu mening pomidorim ham oz, sotib boʻlsak ketamiz.

Kaniza indamay uning gaplarini eshitdi. Salima ogʻzi tinmay, boʻlajak kuyov, uy-joylar, behisob narsa-lar haqida ogʻiz kupirtirardi. Vaqti-soati yetib soʻtak keldi:

— Hay, hay, hay, suf, koʻz tegmasin-yey, tishga bosadigan boʻlib ketibsiz-a, — suyildi, — palak tozada, palak. Kecha kuyov bola qoʻyib yubormadimi, deyman? — u yana allambalolarni javrab peshtaxtaga suyangancha gap sotdi.

Pirajkani rad etdilar. Kaniza peshtaxtalar orasida kezinayotgan xaridorlarni, atrofni kuzatib oʻtirdi. Kimdir ogʻzi tinmay, hamma narsadan totib, gap laqillatib, yeb yuribdi. Kimdir yoʻlaklarga narsalarini yoyib olgan yoymachilarni quvmoqda. Pattachilar izgʻiydi. Bo-zorning xoʻjayinlari aylanib yuribdi. Atrofdagi qozon-lar qaynamoqda. Oshning ustini ochganlarning, somsasi pishganlarning qiyqirigʻi yangrab qoldi. Aravacha yetaklab, soʻkish eshitib yurgan bolalardan koʻpi yoʻq. Oʻzicha javrab telbalar oʻtmokda, goʻsht doʻkonlarning oldi huvil-lagan. Mundoq bir evida xarajat qilayotgan xaridor-ning oʻzi yoʻq. Askiyachi-qiziqchilar oʻtishdi. Biri qop-qora novcha, biri enlik semiz, biri uzun, biri kalta. Ortlaridan har xil apparat koʻtargan kinochilar oʻtdi.

Shu payt Kanizalarning yonginasida bir boshmoq kiygan xotin arilladi. Tizzalariga urib, sochini yuldi. Xaltasidagi pulni tunab ketishibdi. Aytib yigʻlaganiga koʻra tul xotin ekan. Rahmi kelgan bir yigit unga yuz soʻm berib oʻtdi. Nechta odam, jumladan, soʻtak ham oʻsha yigitning ortidan ancha qarab turdilar.

Kanizaning nazdida bugungi hangomalar shu bilan barham topishi mumkin edi, magarkim, lang ochiq, hali yopib ulgurilmagan darvozadan antiqa kapali velosiped paydo boʻlmaganda, uni sariq, kir fufaykada, beliga belbogʻ bogʻlagan, ranggi oʻngib ketgan harbiycha telpagining bir quloqchini osilib, lapanglab diqqatni tortayotgan odam yetaklamaganda, bugungi sahna yopilgan boʻlar-di. Kanizaning fikricha, mana shu masxaraboz-alqandoz haligi uvvos solgan yetti bolali bevaning ahli hangoma bozor jamoasi koʻngliga yetkazgan alamangiz gʻalayonini adamga surib tashladi. Bozor yengil nafas olgandek boʻldi.

Endi ahli hangoma ajabtovur velosipedni oʻradi. Kaniza ham tomoshatalab olomon ichiga suquldi. Yonginasida soʻppayib, abadiy qoʻriqchidek Soʻtak bino boʻldi. Ikkita ogʻzi ochilgan yigitchani sal-pal surib, Kanizani holilantirdi. Shu bilan xuddi togʻni agʻdargandek, Kanizadan muruvvat kutib ishshaydi. Qolgan hammaning koʻzi kabinali velosipedda edi.

— Koʻring, havas qiling, men shaharning fuqarosi-man! — xushnud-xushchaqchaq ovoz otardi ogʻzidan masxaraboz-alqandoz.
Tilavoldi Joʻrayev

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Bozor dunyo” yoxud erini oʻzgaga nikohlatgan ayol iztirobi (4-qism)