date

Shokolad 2050 yilga borib yo‘q bo‘lib ketishi mumkin

Shokolad 2050 yilga borib yo‘q bo‘lib ketishi mumkin

Ekstremal iqlim sharoitlari dunyo bo‘ylab kakao yetishtirishga jiddiy xavf solmoqda. Mutaxassislar ogohlantirishicha, agar hozirgi tendensiyalar saqlanib qolsa, 2050 yilga kelib shokolad sanoati chuqur inqirozga yuz tutishi, hatto shokolad umuman yo‘qolib ketishi ham mumkin.

Ma’lumki, shokolad ishlab chiqarish kakao mevasiga bog‘liq. Dunyo kakao zaxirasining qariyb 60 foizi G‘arbiy Afrikada joylashgan Kot-d’Ivuar va Gana hissasiga to‘g‘ri keladi. Biroq so‘nggi ikki yil ichida ushbu hududlarda kakao hosili taxminan 40 foizga kamaygan bo‘lib, bu shokolad narxining 1970 yillardan beri kuzatilmagan darajada oshishiga olib kelmoqda.

Mutaxassislar muammoga noqonuniy oltin qazib olish va qarigan daraxtlar ham ta’sir qilayotganini tan olsa-da, Harvard University qoshidagi Salata iqlim va barqarorlik instituti asosiy xavf sifatida yog‘ingarchilikning keskin o‘zgaruvchanligini ko‘rsatmoqda. Harorat oshgan sari atmosferada namlik ko‘payib, jala quyishlar, tuproq eroziyasi va kakao daraxtlariga zarar yetkazuvchi zamburug‘li kasalliklar avj olmoqda.

Muammoga yechim sifatida National University of Singapore olimlari kakaoga muqobil sifatida karob o‘simligiga e’tibor qaratmoqda. Karob issiq va qurg‘oq iqlimga chidamli bo‘lib, qovurilganda kakaoni eslatuvchi hid chiqaradi. Olimlar uning ta’mini kakaoga yaqinlashtirish uchun fermentlar asosida tabiiy usul ishlab chiqqan.

Tadqiqot muallifi Manfred Kuning ta’kidlashicha, maqsad faqat kakao ta’mini takrorlash emas, balki shokolad sanoatini iqlim xavflariga moslashtirishdir. Agar ushbu texnologiya amaliyotga joriy etilsa, kakaoga bo‘lgan qaramlik sezilarli darajada kamayishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Foydali » Shokolad 2050 yilga borib yo‘q bo‘lib ketishi mumkin