
Davlat xaridlari sohasida ochiqlikni oshirish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan navbatdagi muhim qadam qo‘yildi. Prezidentning 2025 yil 26 dekabrda qabul qilingan «Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–259-son Farmoni aynan shu maqsadga xizmat qiladi.
Hujjatga muvofiq, 2026 yil 1 martdan davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida sun’iy intellektga asoslangan yangi elektron modul ishga tushiriladi. Ushbu tizim davlat xaridi predmeti bo‘yicha o‘rtacha bozor narxini avtomatik hisoblab, buyurtmachilar va ishtirokchilar uchun yanada aniq va adolatli narx shakllanishini ta’minlaydi.
Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan davlat xaridlarida «taklif so‘rovi» deb nomlangan yangi raqobatli tartib-taomil joriy etiladi. Bu usul orqali ayrim tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilishda ishtirokchilar soni oshirilib, tanlov jarayoni yanada ochiq bo‘ladi.
Yangi tartibga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilinadigan tovarlar va xizmatlar ro‘yxati bekor qilinadi. Endi bunday xaridlar ham raqobatli usullar orqali amalga oshirilib, davlat mablag‘laridan foydalanishda shaffoflik kuchaytiriladi.
Bundan tashqari, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalarga ruxsat berishga oid normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilayotganda davlat xaridi ijrochisining nomi aniq ko‘rsatilishi shart qilib belgilandi. Bu qaror mas’uliyatni oshirish va yashirin kelishuvlarning oldini olishga qaratilgan.
Elektron do‘konlar orqali xarid qilish jarayonida ham yengilliklar yaratiladi: ofertalarni joylashtirish muddati 15 kundan 60 kungacha uzaytiriladi, tovarlarni yetkazib berish uchun esa kamida 5 kunlik aniq muddat belgilanadi.
Shu bilan birga, Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazida xarid hujjatlarini ko‘rib chiqish muddatlari ularning qiymati va murakkabligiga qarab qisqartiriladi. Bu esa davlat xaridlari jarayonini tezlashtirib, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytiradi.
Umuman olganda, mazkur farmon davlat xaridlari tizimini zamonaviy, ochiq va samarali mexanizmga aylantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim bosqich sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.