
Dunyo miqyosida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan «Zootopia 2» multfilmi O‘zbekiston kinoteatrlarida ham misli ko‘rilmagan natijani qayd etdi. Mazkur animatsion kartina nafaqat mahalliy, balki xorijiy multfilmlar orasida ham kassa yig‘imi bo‘yicha mutlaq yetakchiga aylandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Zootopia 2» to‘rt haftalik prokat davomida 10 milliard so‘mlik muhim chegarani bosib o‘tdi. Aniq raqamlarda aytganda, multfilm 43 992 nafar tomoshabinni jalb etgan holda 10 600 407 350 so‘m, ya’ni taxminan 880 ming AQSH dollari miqdorida daromad keltirdi. Bu ko‘rsatkich O‘zbekiston animatsiya prokati tarixida alohida rekord sifatida qayd etilmoqda.
Multfilmning kunlik ko‘rsatkichlari ham barqaror yuqori bo‘lib qolmoqda. Masalan, o‘tgan shanba kunigina «Zootopia 2»ni tomosha qilish uchun 1693 nafar muxlis kinoteatrlarga tashrif buyurgan. Shu kunning o‘zida kassa tushumi 93 254 500 so‘mni, ya’ni qariyb 7 700 AQSH dollarini tashkil etgan.
Qayd etilishicha, multfilm mamlakat bo‘ylab jami 13 ta kinoteatrda namoyish etilgan. Ulardan sakkiztasi Toshkent shahrida joylashgan bo‘lsa, qolganlari Andijon, Samarqand, Buxoro, Urganch va Jizzax shaharlarida faoliyat olib borgan. Bu esa «Zootopia 2»ning nafaqat poytaxtda, balki hududlarda ham katta qiziqish uyg‘otganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar fikricha, multfilmning shunday yuqori natijalarga erishishiga syujetning qiziqarliligi, sifatli dublyaj, shuningdek, barcha yosh toifalari uchun mos mazmun katta ta’sir ko‘rsatgan. «Zootopia 2» hali yaqin vaqt davomida ham O‘zbekiston prokatida o‘z yetakchilik pozitsiyasini saqlab qolishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.