
Fransuz va jahon kinosi tarixida o‘chmas iz qoldirgan aktrisa Brijit Bardo 91 yoshida olamdan o‘tdi. U 28 dekabr kuni Fransiyaning Sen-Trope shahridagi uyida vafot etgan. Bu haqda AFP agentligi xabar berdi.
1950–1960 yillar kinosi ramziga aylangan Brijit Bardo nafaqat aktrisa, balki butun bir avlod uchun erkinlik, go‘zallik va jasorat timsoli sifatida tanilgan. Unga 1956 yilda ekranlarga chiqqan "Va Xudo ayolni yaratdi" filmi jahon miqyosida ulkan shuhrat olib kelgan.
Aktrisa o‘zining 21 yillik ijodiy faoliyati davomida 47 ta filmda rol ijro etgan. 1973 yilda, mashhurlikning eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan paytida, Bardo kinoni tark etishga qaror qilgan. Bu qaror u paytda jamoatchilik uchun kutilmagan bo‘lgan.
Mutaxassislar va kinotanqidchilar uning "Haqiqat" (La Vérité, 1960) filmidagi rolini aktrisa sifatidagi eng kuchli ishlaridan biri deb hisoblaydi. Ushbu dramatik asarda Bardo sudlanayotgan ayol obrazini juda ta’sirchan va ishonarli tarzda gavdalantirgan.
Bundan tashqari, u quyidagi mashhur filmlar bilan ham tomoshabinlar xotirasida qolgan:
—"Viva Mariya!" (1965) — Janna Moro bilan birga ijro etilgan sarguzashtli komediya;
— "Baxtsizlik yuz bergan taqdirda" (1958) — Jan Gaben bilan birgalikda suratga tushgan drama;
— "Parijlik qiz" (1957) — aktrisaning komedik mahoratlarini namoyon etgan asar.
Kinodan ketganidan so‘ng, Brijit Bardo hayotini jonivorlar huquqlarini himoya qilishga bag‘ishladi. U o‘z nomi bilan ataluvchi xayriya fondini tashkil etgan va butun dunyoda hayvonlarga nisbatan shafqatsizlikka qarshi faol kurash olib borgan.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.