date

Kulgi yurak va immunitet uchun tabiiy davo ekani ma’lum bo‘ldi

Kulgi yurak va immunitet uchun tabiiy davo ekani ma’lum bo‘ldi

Kulgi inson salomatligi uchun juda muhim ekani ilmiy tadqiqotlar bilan tobora ko‘proq isbotlanmoqda. AQSHdagi Pensilvaniya universiteti kardiologiya va tibbiyot professori doktor Maykl Millerning ta’kidlashicha, chin dildan kulgi yurak-qon tomir tizimiga, immunitetga va umumiy ruhiy holatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, kulgi stressni yumshatib, kundalik hayotda to‘planadigan ruhiy bosimni yengillashtirishga yordam beradi.

Bu fikrlarni ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi tadqiqotlardan biri Stenford universiteti psixologi Uilyam Fray tomonidan olib borilgan. U mashhur komik duet — Lorel va Xardi ishtirok etgan filmlarni tomosha qilish jarayonida o‘z qonidan namuna olgan. Tahlillar natijasida kulgi immun tizimini faollashtiradigan qon hujayralari sonini oshirishini ko‘rsatgan.

Doktor Maykl Miller kulgining inson organizmiga ta’sirini yana 1990-yillarda o‘rganishni boshlagan. U tadqiqot ishtirokchilariga turli kulgili videolarni namoyish etib, kulgi vaqtida miyada endorfinlar — “baxt gormonlari” ishlab chiqarilishini aniqlagan. Ushbu moddalar qon tomirlarida foydali kimyoviy reaksiyalarni qo‘zg‘atadi. Xususan, azot oksidi hosil bo‘lib, u qon tomirlarini kengaytiradi, qon bosimini pasaytiradi, yallig‘lanish jarayonlarini va “yomon” xolesterin miqdorini kamaytiradi. Bu esa yurak xuruji xavfini ancha qisqartirishga xizmat qiladi. Qolaversa, endorfinlar tabiiy og‘riq qoldiruvchi vositalar sifatida ham ishlaydi.

Miller sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlab, jismoniy faollik bilan birga kulgini ham “mashq” sifatida qabul qilishni maslahat beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, haftada kamida uch-besh kun sport bilan shug‘ullanish qanchalik muhim bo‘lsa, haftada ikki-besh marta chin dildan kulish ham shunchalik foydali.

Qizig‘i shundaki, ba’zi hollarda majburiy kulgi ham tabiiy kulgidan kam foyda keltirmasligi mumkin. Germaniyadagi Yena universiteti tibbiy psixologiya bo‘yicha katta ilmiy xodimi Jenni Rozendal 45 ta kulgi terapiyasiga oid tadqiqotlar va ilmiy ishlar asosida meta-tahlil o‘tkazgan. Uning xulosalariga ko‘ra, kulgi terapiyasi qondagi glyukoza miqdorini, stress gormoni — kortizol darajasini kamaytiradi, surunkali og‘riqlarni yengillashtiradi, harakatchanlik va umumiy kayfiyatni yaxshilaydi. Ayniqsa, bu ta’sir keksalar orasida yaqqolroq seziladi.

So‘nggi yillarda o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlar kulgi yogasi va shunga o‘xshash dasturlarga qaratilgan. Bunday mashg‘ulotlar odatda 30–45 daqiqalik sessiyalardan iborat bo‘lib, uzoq davom etadigan kulgi holatini yuzaga keltiradi. Kulgisi kelmaydigan, ruhiy tushkunlikka tushgan yoki og‘ir kasalliklar, jumladan, saraton bilan kurashayotgan insonlar uchun kulgi yogasi ayniqsa samarali usul sifatida baholanmoqda.

Mutaxassislar fikricha, kulgi — oson, bepul va tabiiy “doridir”. Uni hayotingizga qanchalik ko‘p qo‘shsangiz, sog‘ligingiz va kayfiyatingiz shunchalik yaxshilanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Foydali » Kulgi yurak va immunitet uchun tabiiy davo ekani ma’lum bo‘ldi