
100 yosh va undan ortiq umr ko‘rish faqat sog‘lom turmush tarzigagina bog‘liq emas, balki qadimgi ajdodlardan meros bo‘lib qolgan genetik omillar bilan ham chambarchas aloqador bo‘lishi mumkin. Italiyalik olimlar uzoq umr ko‘ruvchilarning genomlarini o‘rganib, shunday xulosaga keldi. Tadqiqot natijalari “GeroScience” jurnalida e’lon qilindi.
Olimlar 100 yoshdan oshgan 333 nafar italiyalikning DNKsini tahlil qilib, ularni yoshi taxminan 50 atrofida bo‘lgan 690 nafar sog‘lom insonlarning genetik ma’lumotlari bilan taqqosladi. Keyin ushbu natijalar Italiya aholisining shakllanishida ishtirok etgan to‘rtta asosiy qadimgi guruhga mansub 103 ta genom bilan solishtirildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, uzoq umr ko‘ruvchilarda G‘arbiy ovchi-yig‘uvchilarga (WHG) xos genetik meros ulushi ancha yuqori. Aynan shu omil insonning 100 yoshga yetib borish ehtimolini taxminan 38 foizga oshiradi. Bu ta’sir ayniqsa ayollarda kuchli bo‘lib, bunday genetik komponentga ega ayollarda uzoq umr ko‘rish ehtimoli ikki baravardan ko‘proq ekani qayd etilgan.
Mutaxassislar inson umri genetika, atrof-muhit va turmush tarzining o‘zaro uyg‘unligi bilan belgilanishini ta’kidlaydi. Biroq yangi tadqiqot natijalari qadimgi evolyutsion meros inson hayoti davomiyligiga ilgari o‘ylanganidan ancha kuchli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.