22:50 / 04.11.2018
9 354

Bir kechalik kelinchak… (21-qism. Ikkinchi fasl)

Bir kechalik kelinchak… (21-qism. Ikkinchi fasl)
Furqatning yuzsizlarcha, bir tuki seskanmay, masxaraga qorishiq aytgan bu gaplarini eshitsa, nafaqat odam, hatto ilon po‘st tashlaydi.

Odamzod metindan-da mustahkam ekan. Nasibaning alamdan yuragi to‘xtab qolmadi, hushini yo‘qotmadi. Bo‘shashgancha o‘tirib qolmadi. Ko‘nglining tub-tubidan sizib chiqayotgan zardoblarga tiqilib ham qolmadi.

Titrab-qaqshab Nafosat ayaning xonasiga kirdi. Kirdi-yu, onaning bag‘riga o‘zini otdi va ho‘ngrab yig‘lab yubordi.

Uy xizmatchisi Oysha ham hayron. Azbaroyi qo‘rqib ketganidan, rangida rang qolmagan. Kasal-pasal bo‘ldi shekilli deb o‘ylab nuqul qo‘l-oyoqlarini uqalar, ora-sirada unsiz qon yig‘layotgan Nafosat ayaga javdirardi.

— Bo‘ldi, qizim, bo‘ldi, — ona-da, darrov o‘zini qo‘lga olib Nasibaning boshini quchdi. — Yig‘lab meni kuydiravermagin! Menam bo‘larim bo‘lib o‘tiribman! Xudo olsin undaylarni! Iloyo ro‘shnolik ko‘rmasin! Qon qusib o‘lmasa rozimasman!..

— Undaylar qon qusmaydi, oyi-i! — yig‘i aralash so‘zlanardi Nasiba. — Iflosning gapirgan gaplarini bir eshitsangiz edi, oyi-i! Meni, ayollik g‘ururimni yer bilan bitta qildi iflos! Qanday chidayma-an, qanday?..

— Senga aytdim telefon qilsa olma deb! Quloqsizsan o‘zingam! Telefon qilsa qilib o‘lmaydimi?!. Padariga la’nat undaylarning!..

— U… Menga shart qo‘yyapti! — dedi hiqillashdan tiyila olmay Nasiba. — Bajarmasam, qamatib yuborarmish.

— Kim? Nega shart qo‘yadi? Arpasini xom o‘rganmiding ularni?..

— Endi nima qilaman? Qay biriga chidayman? Men ahmoq Bilolni chiqarishda yordam bersa kerak, pul so‘rasa kerak deb o‘ylabman. U iflos…

— Qo‘y, yig‘i-sig‘i bilan ish bitmaydi. Bilol qamoqdan chiqib ham qolmaydi. Buyog‘iga nima qilishni o‘ylash kerak. Xo‘sh, prokuroringga yana qo‘ng‘iroq qip ko‘rdingmi?

— Yo‘q, — deya shosha-pisha o‘rnidan qo‘zg‘aldi-yu, ko‘z yoshlarini arta-arta qaddini g‘oz tutdi Nasiba. — Telefonim pachoq bo‘p ketdi. Devorga urgandim…

— Mayli, Oyshaxon, narigi xonadagi telefonni opchiqing! Hozir…

— Endi kech bo‘ldi, oyi! Ertaga qo‘ng‘iroq qilamiz. Maylimi sizning yoningizda qolsam? U xonaga kirishga qo‘rqyapman!

— Yotaqol, — qizini mahkam quchoqlab oldi Nafosat aya. — Bugun bi-ir ikkalamiz achom-achom qilib yotaylik-a? Qani, yotaqol! O‘zim sochlaringni silabgina yotaman! Uxlayqol, qo‘zim!

— Haliyam yosh boladay erkalaysiz-a, oyi? Axir…

— Jim, — gapni endi hazilga burdi Nafosat aya. — Ola bo‘jilar kep qoladi, jim! Uxla!..

Onaning shu birgina hazili Nasibani quvontirib, kulishga, erkalanishga majbur etgandi.

Nafosat ayaning kaftlarini yuziga bosgancha uxlab qoldi.

* * *
Yana tong otdi. Ollohning nuri bo‘lmish quyosh yana olis tog‘lar ortidan asta mo‘ralab shaharga taft ulasha boshladi. Biroq Nasibaning ko‘ngil tongi hali-veri yorishadigan emasdi. Uyg‘ondi, onaning erkalashlari qurshovida nonushta qilgan bo‘ldi. Tomog‘idan qil o‘tmayotganiga qaramay, zo‘rlov bilan bir tishlam nonni yutdi. Keyin esa…

Qalbini vahima buluti qopladi. Qop-qora bulutlar qaddini egishga, dunyodan voz kechishga, borsa-kelmas deb atalmish yoqlarga ketishga, tarki dunyo qilishga oshiqtirardi. Faqat onaga mehr, vujudida mehmon bo‘lishga ahd qilgan farzandiga bo‘lgan umid to‘xtatib qolardi.

«Ana, yana hammasi boshidan boshlanadi, — o‘ylardi mashina rulini istamaygina boshqarib borarkan. — Hozir qaysi do‘konga bormay, klub, sexga kirib bormay, hoynahoy prokuratura, SES, melisalar ko‘ndalang bo‘ladi. So‘roq-savolga tutadi, ishimni yopishga majbur etadi. Anavi maraz Furqat arz qilib ulgurgandir. Qo‘llarimga kishan solib qamoqqa olib ketishadi. Onajonim dod solgancha qolaveradi. Hech kim uning faryodiga quloq tutib o‘tirmaydi. Odamzod shunaqa shafqatsiz mavjudot. Qo‘shninikida aza bo‘lsa ham to‘y qilishdan tiyilmaydi. To‘y sig‘ib ketaveradi ko‘ngliga. Chunki aza unikidamas, qo‘shninikida bo‘ladi. Qanchalar razillik…»

Nasiba yarim yo‘lga yetganda, daf’atan tormoz bosdi. Nimadir yodiga tushgan kabi rulni ortga burdi.

U Bilol o‘qiydigan universitetga borib surishtirishga ahd qildi. Qalbidagi shubhalar yolg‘on ekaniga amin bo‘lishni, qarshisida Bilolning yuzi yorug‘ligini o‘zi uchun qayta-qayta isbotlashni xohladi.

Ne o‘ylar, gumonlar, qo‘rquv, dahshatlar domida nihoyat universitet hovlisiga kelib to‘xtadi va mashinani chetroqqa qo‘yib ichkariga yo‘l oldi.

Jurnalistika fakulteti birinchi qavatda joylashgan. Tepasiga «Dekan» yozuvli taxtacha ilingan eshikni ohista taqillatdi va javob kutib o‘tirmay, ichkariga kirdi.

To‘rda yoshi oltmishlarga borgan, oppoq sochli erkak o‘tirar, qandaydir qog‘ozlarni titkilash bilan ovora edi.

— Keling, qizim, — dedi u dast o‘rnidan turib. — Qani, o‘tiring!

Nasiba ko‘rsatilgan kursiga cho‘kdi. Erkak esa stol ustidagi qog‘ozlarni bir chetga surdi-da, hurmat yuzasidan stolini aylanib o‘tib Nasibaning ro‘parasiga kelib o‘tirdi.

— Xush kepsiz, qizim! Nima xizmatlar bilan keldingiz? — so‘radi u muloyimlik bilan.

— Men… Bilol Valijonov degan talabani qidirib keluvdim, — dedi Nasiba. — Shu yerda o‘qiydi adashmasam.

— Bilol Valijonov haqiqatan bizning fakultetda o‘qiydi, — dedi erkak kulimsirab. — Men dekan bo‘laman. Ismi-sharifim Murodilla Qo‘shmatovich. Xo‘-o‘sh… Bilol sizga kim bo‘ladi? Ukangizmi?..

Nasiba rostini aytishga negadir qo‘rqayotgandi. Dekanning bu savoli dalda bo‘ldi.

— Ha, ukam, — dedi tavakkal. — Anchadan beri ko‘rishmovdik. Shunga…

— Juda soz. Bilol juda tirishqoq talaba. Fakultetimizning faxri desam sira xato bo‘lmaydi. Bilimi kuchli. Ammo bir aybi bor. Balki o‘zingizam bilarsiz bu aybini?

— Y-yo‘q, — dedi yanada ehtiyotkorlik bilan Nasiba. — Aybini… Bilmas ekanman…

— Bilasiz. Progulchi u. Juda ko‘p dars qoldiradi. To‘g‘ri, a’lochi, darslarga kirmasdanam imtihon, zachyotlarni a’loga topshiradi. Lekin universitetda qonun bitta-da! Shuni hisobga olsak, progul qilaverishi… Aytgancha, qizim, boya bizga oldin militsiya, keyin prokuraturadan xat kelgandi. Bilol biror ayb qilibdimi, bilmayman, qamab qo‘yishganmish. Tushdan keyin talabamizning qanchalik a’lochi va xulqi yaxshiligi haqida yozib jo‘natvormoqchiydim. Sizniyam xabaringiz bormi?

— Ha, xabarim bor, — dedi Nasiba og‘ir xo‘rsinib. — Shuning uchun keluvdim bu yerga. Tuhmatga qoldi u. Umrida yomonlarga qo‘shilmagan. Bilmadim… Kimga kerak bo‘ldiykin…

— Xavotir olmang, — dedi dekan norozi bosh chayqab. — Shubha-gumonlarni yig‘ishtiring. Biz bor ekanmiz, Bilolni chiqarib olamiz. Sira qayg‘urmang!

Shu bir og‘iz so‘z Nasibaning ko‘zlarini moshdek ochgan kabi qalbida qaytadan hayotga mehr, yashashga ishtiyoq tug‘ildi. Ro‘parasidagi dekanga ixlosi ortdi. Shunday odamlar borligiga shukr qildi.

— Mayli, men boray, — deya asta o‘rnidan turdi u. — Ko‘nglim tinchlandi. Boringlarga shukr, domla!

— Sizgayam rahmat! Ukangiz haqida qayg‘uribsizmi, demak, siz-u biz bir xil fikrlarkanmiz! Yana aytaman, tashvish tortmang! Men bugunoq rektorga chiqaman. O‘sha militsiyasigayam, prokuraturasigayam qo‘ng‘iroq qilib chiqarib oladi Bilolni!

— Xo‘p, yaxshi kunlaringizda xizmat qilaylik! Xayr!

— Xayr, qizim!

* * *
Dekan bilan bo‘lgan suhbat Nasibaning qalbida Bilolga nisbatan ishonch hamda mehr ortishiga turtki bo‘ldi. U Bilolga yanada qattiqroq ishona boshladi. Ishonch hissi yanada kuchga to‘lib, vujudiga singib borgani sayin mehri shuncha kuchliroq tovlana bordi. Yo‘l-yo‘lakay, Furqat bilan Bilolni taqqoslab ko‘rdi. Bilol ustun keldi. U talaba eri haqiqiy do‘st ekanini yana bir karra chuqurroq angladi.

— Qaniydi hozir mo‘’jiza yuz bersa-yu, — derdi ovoz chiqarib. — Bilol qamoqdan qutulib chiqib meni supermarketda kutayotgan bo‘lsa! Qanchalar mamnun bo‘lardim, yengil tortardim-a!..

Aslida Yaratganning mo‘’jizalari ko‘p. Ularni barmoq bilan sanab tugatib bo‘lmaydi. Shu tobda qiynalgan, umri deyarli ham ruhiy, ham jismoniy azobda o‘tgan, har qadamda tahqirlangan, aldangan, masxaralangan Nasibaning ohlari xudoga yetmay qolishini aql bovar ham qilmasdi.

Supermarketlaridan biriga yetib kelib, shosha-pisha kabinetiga kirdi-yu, xudoning qudratiga tan berdi.

Ko‘zlariga ishonmadi.

Ohlari darrov ko‘kka yetganiga hadeganda ishona qolmadi.

Chunki kabinetda Bilol uch chog‘li notanish, barvasta, ko‘rkam yigitlar bilan chaqchaqlashib o‘tirardi.

— Nega menga xabar bermadingiz? — Nasiba kirdi-yu, salomni ham unutib Bilolga tashlandi. — Axir, o‘zim olib kelardim-ku o‘sha qarg‘ish tekkan joylardan!.. Yo‘q, yo‘q, men tush ko‘ryapman shekilli. Tush ko‘ryapman-a, to‘g‘rimi?..

Yigitlar uni tushungani uchun imi-jimida kabinetni tark etishgandi.

Nasiba ilkis hushyor tortib ehtiyotkorona ortga tislandi.

Bilol esa kulimsiragancha sukut saqlardi.

— Nega indamayapsiz? — dedi Nasiba vahima aralash. — O‘zingizmisiz yo adashdimmi? Uyqudamanmi?..

— O‘zimman, — dedi nihoyat Bilol Nasibaning ikki yelkasidan ohista quchib. — Qo‘yvorishdi. Aybimni isbot qila olishmadi. Haligi… Samin aka degan prokuror boridi-ku!

— Xo‘sh, bo‘lsa nima qipti? Uyam sizni aybladimi?

— Yo‘-o‘q, eshitgin-da gapni oxirigacha! O‘sha odam o‘rtaga tushdi. Xullas, chiqarib oldi. Ishni yoptirdi. Ammo…

— Nima ammo? Ayting tezroq, yuragim yorilib ketadi hozir!

Bilol kissasidan bir parcha qog‘oz chiqardi-da, Nasibaga uzatdi.

— Shu qog‘ozda yozilgan pullarni anavi yigitlardan bervorish kerak ekan.

Nasiba qog‘ozdagi raqamlarga bir qaradi-yu, qaytadan Bilolga tutqazdi.

— U yigitlar kim o‘zi? Ishonchlimikan? Tag‘in «uxlatib» ketishmasin bular ham! Bunisini ko‘tara olmayman endi!

— Ular o‘sha prokurorning odami. O‘zim ko‘rdim. Birga borishdi militsiya bo‘limiga!

— Xo‘p, — dedi Nasiba chuqur nafas olib. — Hozir pullarni beramiz. Baraka topsin prokuror ham! Kecha asabimga o‘ynovdi, harqalay yordam beribdi. Demak, yomon odammas. Yuring, tez pulni beramiz-u, uyga jo‘naymiz! Oyim ham motam tutib o‘tiribdi!..

Shu lahzalarda Nasibadan baxtiyor odam yo‘qdek edi.

Qo‘l ostidagilar bilan bir-bir ko‘risharkan, bir gapirib o‘n kular, Bilolning qo‘lini sira qo‘yib yubormasdi.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir kechalik kelinchak… (21-qism. Ikkinchi fasl)